04 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,4 °C

Agrosеktor
28 Aprel  2020 389

Rejalashtirilgan ishlar ijrosi taʼminlanadi

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev huzurida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektorda global inqiroz va pandemiya sharoitida aholi bandligi va daromadini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xoʻjaligi eng koʻp imkoniyatga ega soha ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard
600 millionga yetishi mumkinligiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda eng dolzarb masala bu – hozirgi kunda butun dunyoda hukm surayotgan pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qatʼi nazar, xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji kamaymasligi uchun meva-sabzavotchilik va bogʻdorchilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini yana-da oshirish, buning uchun esa mavjud va zaxira moddiy resurslardan samarali foydalanish yuzasidan muhim vazifalari qoʻyildi.

Albatta, hozirgi kunda qishloq xoʻjaligi sohasida mineral oʻgʻitlarsiz koʻzlangan hosildorlikni taʼminlash qiyin boʻladi. Ushbu omillarni inobatga olgan holda yigʻilishda mineral oʻgʻitlar taʼminotini tizimli tashkil etish aholi va dehqonning tomorqa yer egalariga mineral oʻgʻitlarni harid qilishda ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda maxsus oʻgʻit doʻkonlari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Shuni aytish joizki, joriy yilning oʻtgan davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi mineral oʻgʻit ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan meva-sabzavotchilik yoʻnalishiga 131,2 ming tonna 276 mlrd. Soʻmlik azotli, fosforli va kaliyli mineral oʻgʻitlar yetkazib berildi.

Shu oʻrinda “Oʻzkimyosanoat” AJ oldiga qoʻyilgan masala oʻta muhim va dolzarbligini chuqur xis etgan holda meva-sabzavotchilik bilan shugʻullanayotgan fermer xoʻjaliklari, klaster xoʻjaliklari, qolaversa, aholi va dehqon tomorqa yer egalarining mineral oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish imkoniyatiga ega ekanligi taʼkidlab oʻtish lozim.

Bu borada tizimimizdagi kimyo korxonalarningbarchaimkoniyatlaridan oqilona vasamarali foydalanib, mamlakatimizdagi mineral oʻgʻitlarga boʻlgan ichki talabni toʻliq qondirish borasida barcha zarur choralar koʻrildi. Buning uchun biz avvalo meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanni har birini tizimdagi korxonalarga biriktirib chiqdik.

Korxonalar oʻzlariga biriktirilgan tumanlarda maxsus doʻkonlarni tashkil etish uchun birinchi navbatda oʻsha hududda mavjud mineral oʻgʻitlarni saqlash va sotishga moslashgan infratuzilma obyektlari, omborxonalardan maksimal darajada unumli foydalanishi taʼminlanadi. Bunda davlat-xususiy sherikchilik asosida ishlar tashkil etiladi.

Maqsadimiz harajatlarni kamaytirib, dehqonni toʻgʻridan-toʻgʻri arzon oʻgʻitlar bilan taʼminlash hisoblanadi. Rejalashtirilgan ishlar amalga oshirilishi natijasida hozirda sotilayotgan oʻgʻitlarning narxidan 10-12 foiz arzonroq narxda oʻgʻitlar yetkazib berishga erishiladi.

Bugungi kunda ham “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan respublika hududlarida 60 ga yaqin xususiy sherikchilik asosida maxsus vakolatli omborlar tashkil etilgan. Yil boshidan ushbu vakolatli omborlar orqali gʻallachilik va paxtachilik xoʻjaliklariga400 ming tonnaga yaqin oʻgʻitlar yetkazib berildi. Hozirda 1 sutkada korxonalar tomonidan 7,5 ming tonna azotli, 1,1 ming tonna fosforli va 0,85 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqarilmoqda.

Ushbu miqdorlar paxta hosili uchun yetkazib beriladigan oʻgʻitlar agrotexnik muddatlarga taʼsir etmagan holda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlardagi xoʻjaliklarni oʻz vaqtida mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlay oladi.

Dastlabki bosqichda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mahsulotlar yetishtirish uchun 30 ming tonna fosforli va 50 ming tonna azotli oʻgʻitlar maxsus doʻkonlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri dehqonlarga yetkazib berilishi taʼminlanadi.

Bundan tashqari, 3 xil turdagi mineral oʻgʻitlar (azotli, fosforli, kaliyli), ularni 2-5 kilogrammgacha qadoqlab sotish, kompleks oʻgʻitlar (NPK), kimyoviy vositalar hamda tomchilab sugʻorish texnologiyalarini aholi va dehqon tomorqa yer egalariga yetkazib berilishini jadallashtirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu sayʼi-harakatlar ushbu sinovli kunlarda ham, undan keyin ham, xuddi avvalgidek aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish imkonini beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Akobir Toʻxtayev,
“Oʻzkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisining oʻrinbosari

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech