06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,4 °C

Ta'lim
4 May  2020 384

Raqamli taʼlim imkoniyatlari kengaymoqda

Yoshlarning pandemiya davrida bilim olishini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekistonning hatti-harakatlarini YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi qator xalqaro tashkilotlar yuqori eʼtirof etdi.

Pandemiya sabab barcha xalq taʼlimi muassasalarida joriy qilingan masofaviy taʼlim berish tizimi milliy taʼlimda yangi bosqichni boshlab berdi: raqamli taʼlimni joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratildi.MTRK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda, shuningdek, Toshkent shahri hokimligining koʻmagida qisqa vaqt ichida xalq taʼlimi tizimidagi oʻquv darslarini onlayn tarzda tashkil etishga erishildi.

Joriy yilning aprel oyidan boshlab, barcha fanlardan iborat teledarslar uchta tilda efirga uzatila boshlandi. Ayniqsa, koʻp bolali oilalarga qulaylik yaratish uchun qoʻshimcha ravishda darslarni takroriy efirga uzatish choralari koʻrildi. 2019/2020 oʻquv yili yakuniga qadar 5 600 ta teledarsdan Khan Academy platformasi orqali oʻzbek tilida foydalanish imkoni yaratildi.

Karantin davrida Internet ijtimoiy tarmogʻi vositasida har bir oʻqituvchi-oʻquvchining oʻziga xos oʻzaro ijodiy aloqa qilish tajribasi shakllandi. Toshkent shahridagi maktablar oʻqituvchilari tomonidan kundalik.com saytida “oʻqituvchi – oʻquvchi – ota-ona” hamkorligi asosida oʻzaro muloqotlarga asoslangan yangi pedagogik faoliyat shakli yaratildi. Shu bilan birgalikda, oʻqituvchi, oʻquvchi va ularning ota-onalari kitob.uz portali va uning yaqinda yaratilgan mobil ilovasi orqali 1,5 mingdan ortiq elektron va audiokitoblarni oʻqish hamda eshitish mumkin.

— Taʼkidlash joizki, videodarslarni sifatini oshirib borish boʻyicha muntazam amaliy ishlar olib borilmoqda, — deydi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. — Shunga qaramay, baʼzi joylarda internet sifati pastligi oʻqituvchilarni darsni oʻrganishlariga yoʻl bermayapti degan notoʻgʻri tushuncha shakllandi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar televideniye orqali oʻzbek va rus tilida koʻrishini inobatga olsa, bitta darsni kun davomida 4 marotaba koʻrish mumkin. Uni yana qaytadan internet orqali yuklab koʻrishga zarurat yoʻq.

Oʻquvchilar va ularning ota-onalari uyda vaqtini samarali oʻtkazish uchun “onlayn-maktab” kanallari orqali qoʻshimcha ravishda psixolog maslahati, toʻgarak mashgʻulotlari, tarbiya hamda til oʻrgatishga qaratilgan multfilmlar ham qoʻyib borilmoqda.

Shuningdek, oʻquv yilini muvaffaqiyatli tamomlash, bitiruvchilarga attestat va maʼlumotnomalarni onlayn berish rejalashtirilyapti.

Attestat (shahodatnoma) blankalari hamda namunali xulqi va aʼlo baholari uchun oltin hamda kumush medallari respublikamizda karantin muddati tugagunga qadar taʼlim muassasalarida saqlanib, keyinchalik oʻz egalariga topshiriladi.

Yoshlarning yozgi taʼtilda vaqtini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish masalalari ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq.Jumladan, yozgi taʼtil davrida oʻquvchilarga zamonaviy kasblarni egallash uchun videodarslar tashkil etgan holda pul topish yoʻllari hamda chet tili oʻrgatish kurslarini yoʻlga qoʻyish borasida ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, uchta telekanalda “onlayn toʻgarak” loyihasini tashkil etish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi.

Bunda oʻquvchilarga ingliz tili, kompyuter savodxonligi va dasturlash asoslari, turli xil texnika, tabiiy fanlar, adabiyot, musiqa va boshqa ijodiy yoʻnalishlar boʻyicha videodarslarni namoyish etib borish taklif qilinmoqda.

Yozgi taʼtilda maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha ham kerakli choralar koʻrilayotir. Jumladan, yozda “Onlayn maktab” kanallaridan foydalanib, umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilarining oʻz ustida doimiy ishlashini tashkil etish maqsadida ular uchun “Oʻqituvchini kasbiy rivojlantirish” rukni ostida onlayn darslar namoyishi yoʻlga qoʻyiladi. Televizion darslar orqali taʼlim texnologiyalarini oʻrgatish, PISA xalqaro baholash tizimiga tayyorgarlik koʻrish amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, tizimdagi oʻqituvchilar va rahbar kadrlarni taʼlim jarayonidan ajralmagan holda kasbiy mahoratini oshirish yoki qayta tayyorlash tizimini avtomatlashtirish maqsadida Yagona onlayn malaka oshirish platformasini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Risolat Madiyeva.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech