06 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,9 °C

Fikr
6 Iyun  2020 544

Raqamli iqtisodiyot – hozirgi davr talabi

2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi”, — deb taʼkidlagan edi .

Buning yorqin misoli va mantiqiy ifodasi sifatida joriy yilning 5-iyunida qabul qilingan “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini koʻrsatish mumkin.

Ushbu Farmon bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini samaradorligini oshirish hamda “raqamli bojxona” tizimini yana-da rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni oʻz ichiga oladi.

Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, hozirgi vaqtda tashqi iqtisodiy faoliyatda bir qancha kamchiliklar mavjud boʻlib, ular mamlakat eksport salohiyatini rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan:

- bojxona tartib-taomillarini eskirganligi hamda ularning bojxona ishi sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarga toʻgʻri kelmasligi;

- bojxona organlari faoliyatidagi byurokratik toʻsiqlarning haligacha saqlanib qolayotgani;

- bojxona chegara punktlarining tegishli sharoitlari darajasining pastligi va ularning yetarli darajada moddiy-texnik jihatdan taʼminlanmagani;

- samarali idoralararo hamkorlikning yoʻlga qoʻyilmagani va boshqalar.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun “raqamli bojxona” tizimini yana-da rivojlantirish hozirgi davr talabi boʻlib, nafaqat bojxona organlari faoliyatining ochiqligini va bojxona maʼmuriyatchiligining shaffofligini taʼminlaydi, balki tashqi iqtisodiy faoliyatdagi maʼmuriy byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qiladi. Shu bilan birga, eng ogʻir illat – korrupsiyani yoʻqotishda samarali vositalardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari bojxona organlari xodimlari oʻrtasidagi huquqbuzarliklarning oldini oladi hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytiradi.

Shuningdek, “raqamli bojxona” tizimining rivojlanishi tovarlarni eksport qilishda bojxona rasmiylashtiruvining muddatini 5-martaga, import qilishda 2-martaga qisqartiradi hamda bojxona chegara punktlarining oʻtkazish darajasini
3-martaga koʻpaytiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi subyektlarga shart-sharoit yaratish maqsadida ushbu Farmonga asosan bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirishni soddalashtiradi va yengillashtiradi, yaʼni 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi.

Maʼlumki, hozirda dunyo mamlakatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda. Bu borada davlatlar tomonidan oʻrnatilgan cheklovlar sharoitida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bilan taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu esa davlatning oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlash siyosatidagi strategik yoʻnalish hisoblanadi.

Ushbu faoliyatni amalga oshirish bojxona organlari zimmasiga nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini, balki davlatning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash borasidagi asosiy vazifalarni yuklaydi.

Ayni vaqtda mazkur Farmon bilan Oʻzbekiston hududiga sifatsiz va kontrabanda mahsulotlari kirib kelishining oldini olish va ularga qarshi kurashish maqsadida bojxona organlariga tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan va sotiladigan joylarga chiqqan holda bojxona auditini amalga oshirish vakolati berilmoqda.

Umumiy qilib aytganda, fikrimizcha Davlat Rahbarining ushbu Farmoni Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini hamda investitsion va turistik salohiyatini oshirishga muhim rol oʻynaydi.

Alisher Nizamov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

boʻlim boshligʻi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech