09 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,9 °C

Energetika
27 May  2020 687

Quyosh energiyasi atrofidagi “mish-mish”larga oydinlik

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun energiya ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.

Internet tarmogʻida energetika sohasiga oid yana bir yolgʻon maʼlumot eʼlon qilindi, bu safar – quyosh energetikasiga oid. Energetika vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Navbatdagi tasdiqlanmagan xabar shaxsiy maqsadlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun (masalan, uyni yoritish uchun quyosh panellaridan foydalanish) siz ruxsat olishingiz va soliq toʻlashingiz kerak, degan mish-mishlarga asoslangandir.

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi uyida quyosh energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun hech qanday ruxsatnoma talab etilmasligini maʼlum qiladi.

Shuningdek, 2019-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (keyingi oʻrinlarda – QTEM) elektr energiyasi ishlab chiqarish, shu jumladan shaxsiy manfaatlarda foydalanish uchun boshqa turdagi QTEMlar ham oʻz aksini topgan.

QTEMdan foydalanadigan jismoniy shaxslar bilan bir qatorda, qonun bilan boshqa ikki turdagi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilari ham belgilangan. Bular lokal tarmoq orqali yuridik va jismoniy shaxslarning ehtiyojlari uchun elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari va QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasi yetkazib beruvchi ishlab chiqaruvchilardir.

Boshqacha qilib aytganda, QTEMdan foydalanib (quyosh, shamol va boshqalar orqali) elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Nafaqat oʻzingiz uchun, balki uni sotishingiz ham mumkin. Bunday hollarda, bu tadbirkorlikning eng yangi turi ham hisoblanadi.

Bunday tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, qonun ularga QTEMdan lokal elektr tarmoqlarini yaratish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasini oʻzaro kelishilgan narxlarda sotish boʻyicha shartnomalar tuzish huquqini beradi.

Shu bilan birga, QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasini yetkazib beruvchilarga tarmoqqa kafolatli ulanish huquqi berildi.

Tabiiyki, bu yerda qayta tiklanuvchi energiyadan oʻz ehtiyojlari uchun emas, balki tadbirkorlik, yaʼni elektr energiyasini sotish maqsadida foydalanish haqida gap ketganda, amaldagi biznes qonunlari qoʻllaniladi.

Va birinchi turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun – yaʼni quyosh energiyasini oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqaradiganlar uchun nafaqat shartnomalar talab etilmasligi, balki ularga ragʻbatlantiruvchi imtiyozlar ham mavjud.

Agar aholi faqat qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda, yaʼni mavjud energiya tarmoqlaridan toʻliq uzilgan taqdirda, ularga jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan uch yil muddatga (QTEMdan foydalanish oyidan boshlab) ozod qilinadi.

2019-yil 22-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar uchun qoʻshimcha imtiyozlar berilgan.

Xususan, 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatda davlat byudjeti hisobidan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalari uchun (3 million soʻmdan ortiq boʻlmagan), quyosh suv isitgichlari uchun (1,5 million soʻmdan ortiq boʻlmagan), shuningdek, energiya tejamkor gaz-gorelkali qurilmalar uchun esa (200 ming soʻmdan ortiq boʻlmagan) sotib olish qiymatining uchdan bir qismi qoplanishini nazarda tutuvchi tartib joriy qilinishi belgilangan.

Shuningdek, bu tadbirlar qatorida jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari, energiya tejamkor gaz-gorelkalari va qozonxonalar, shuningdek, boshqa energiya tejamkor uskunalar sotib olish uchun tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash (kompensatsiyalar) koʻzda tutilgan.

Ayni paytda Energetika vazirligida qayta tiklanuvchi energetika sohasini yana-da rivojlantirish, aholi va tadbirkorlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar yaratish boʻyicha Nizom loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan va boshqa bir qator chora-tadbirlar, imtiyoz va preferensiyalar oʻz samarasini koʻrsatdi. Davlatimiz rahbarining diqqat-eʼtibori va qatʼiy nazorati ostida boʻlgan QTEMni rivojlantirish jarayoni jadallashmoqda.

Energetika vazirligi Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksiga oid har qanday masalalar boʻyicha ishonchli maʼlumot olish uchun vazirlik Matbuot xizmatiga murojaat qilish kerakligini yana bir bor eslatib oʻtadi va tasdiqlanmagan, mish-mishlarga asoslangan yolgʻon xabarlarni tarqatishdan saqlanishingizni soʻrab qoladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech