07 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,5 °C

Agrosеktor
17 Aprel  2020 1010

Qashqadaryodagi klaster faoliyati tugatildi...mi?

Bugungi kunda butun dunyo global inqiroz va pandemiya taʼsiridan chiqish va uning oqibatlarini yumshatish bilan kurashayotgan bir paytda mamlakatimizda ham iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash borasida zarur choralar koʻrilmoqda. Qolaversa, Yurtboshimiz tomonidan sohada bozor mexanizmlarini va raqobatni keng joriy etish qoʻllab-quvvatlanib, barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbari bu sinovli vaziyatda qishloq xoʻjaligida klasterlar, kooperatsiyalar, fermerlar oldiga katta masʼuliyatli vazifalarni qoʻymoqda. Albatta, bugungi vaziyat har bir klaster rahbari, fermer va mirishkorlardan oʻzishiga astoydil va masʼuliyat bilan yondashish, hamjihatlikda, vijdonan faoliyat olib borish zarurligini taqozo etadi.

Ammo, bugungi murakkab vaziyatda oʻz ishiga loqaydlik va masʼuliyatsizlik bilan qarayotgan klasterlar ham mavjudligi achinarli hol.

Jumladan, joriy yil hosilidan boshlab, Qarshi tumanidagi fermer xoʻjaliklari hamkorlik qilishni xohlamayotgan “Sulton tex group” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatida bir qator kamchiliklar kuzatilgani kishi dilini xira qiladi.

Masalaga yana-da yaqinroq yondashishdan avval, taʼkidlash joizki, “Sulton tex group” korxonasining faoliyati toʻxtatilgani yoʻq. Korxona paxta tolasi va chigitini toʻgʻridan-toʻgʻri birja orqali sotib olib, ip yigiruv, trikotaj-mato, tayyor kiyim-kechak tikuvchilik fabrikalari hamda yogʻ ishlab chiqarish zavodi faoliyatini yuritishi mumkin.

Asosiysi, tumanda fermer xoʻjaliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4633-son “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan imkoniyatdan foydalanib, paxtachilikda kooperatsiyaga birlashib, faoliyat yuritishni lozim deb topishgan.

Paxtachilik klasteri ishlagan davrda davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar “Sulton tex group” korxonasi orqali fermerlarga berilgan boʻlsa, kooperatsiya ish olib borganda esa mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri fermer xoʻjaliklariga ajratiladi.

Xoʻsh, mazkur paxtachilik klasteri aslida qanday faoliyat yuritgan? Masalaga chuqurroq yondashsak.

Taʼkidlash kerakki, “Sulton teks group” XK paxtachilik klasteri faoliyat yuritgan davrda Qarshi tumanida paxta yetishtirishda hosildorlik past boʻlgan va bunga korxona tomonidan yoʻl qoʻyilgan bir qator kamchiliklar sabab boʻlgan. Jumladan:

Birinchidan, 2019-yil zararli hasharotlar koʻpayganligiga qaramasdan “Sulton tex group” xususiy korxonasi tomonidan vegetatsiya davrida zararli hashoratlarga qarshi talab qilinadigan kimyoviy vositalar fermer xoʻjaliklariga oʻz vaqtida yetkazib berilmaganligi oqibatida gʻoʻzada hosil toʻplash fazasida 28-33 kunga kechikish holati kuzatilgan.

Ikkinchidan, fermerlar tomonidan hosildorlikni oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishga yetarli miqdorda mablagʻ bilan taʼminlanmagan hamda yetarli shart-sharoitlar yaratilmagan.Xususan, gʻoʻza qator orasini kultivatsiya qilish 2 marotabaga kam bajarilgan, paxtani chilpish, sugʻorish, begona oʻtlardan tozalash ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan, mexanizator hamda suvchilarga ish xaqlarini oʻz vaqtida berilmagan.

Uchinchidan, korxona tomonidan fermer xoʻjaliklari tomonidan yetkazib berilgan paxtani past sortlarga qabul qilinib, asossiz ravishda chegirmalar qoʻllanilishi fermerlarning jiddiy eʼtiroziga, yetishtirilgan hosilni dalada qolib ketishiga sabab boʻlgan hamda paxta yetishtiiruvchilar iqtisodiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Tumanda paxtachilik sohasida koʻp yillardan buyon ishlagan tajribali mutaxassislar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan xududlardagi qoldiq paxta hosili taxlil qilinganda oʻrtacha 4,5-5,0 sentner terilmagan hosil mavjudligi aniqlangan.

- 1978-yildan buyon paxta qabul qilish zavodida mutaxassis boʻlganman, - deydi Shomurod Sultonov. – 2019-yilgidek sifatli va toza paxta qabul qilinmagan. Paxta topshirishning birinchi kunidan boshlab, iskidka olindi. Paxta sorti past deb qabul qilinmadi. Agar bu yil ham Sultonteks bilan ishlasak, butun bir tumanning qishloq xoʻjaligi xarob boʻladi.

- 2019-yilda rahbarligimdagi “Nafisa Munisa Eʼzoza” fermer xoʻjaligi va “Sulton tex group” xususiy korxonasi bilan 35,9 gektar maydonda 111 tonna 300 kg paxta shartnomasi tuzilgan, - deydi “Nafisa Munisa Eʼzoza” fermer xoʻjaligi raisi Nafisa Kenjayeva. - Shu yili chigit ekishga qadar boʻlgan barcha ishlarni amalga oshirdim. Shunday boʻlsada klaster menga chigit ajratmadi. 1-aprel kuni Nurbek Ergashevga holat yuzasidan murojaat qilib, qabuliga bordim. Klaster rahbari siz bilan hech qanday shartnoma tuzilmagani uchun chigit ajratilmayotganlini aytdi. Shartnomani koʻrsatsam ham, uning yonida tuman qishloq xoʻjaligi boshqarmasi shartnoma boʻlimi boshligʻi Orif Baxtiyorov bilan telefon orqali N.Ergashevga eshittirib suhbatlashib, u shartnoma tuzilganini aytsada, “meni qiziqtirmaydi, siz bilan ishlamayman, tamom qayerga borsangiz boring, oʻsha yerga hech nima ekilmaydi, siz ham ekmaysiz deya meni chiqarib yubordi”. Natijada tayyorlangan yerga chigit ekilmay qoldi.

Yuqorida keltirilgan muammolar boʻyicha “Sulton tex group” xususiy korxonasi paxtachilik klasteri faoliyatidan noroziligini bildirib, tumandagi bir guruh fermerlar tomonidan 2019-yil 26-noyabrda Vazirlar Mahkamasiga shikoyat arizasi yozilgan.

Mazkur ariza boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilib, ariza mualliflari va “Sulton tex group” xususiy korxonasining hodimlari (yuristi – E.Pardayev, hisobchi yordamchisi – A.Iskandarov) ishtirokida 2019-yil 28-noyabrda muhokama etilgan.

Muhokama jarayonida “Sulton tex group” xususiy korxonasining xodimlari fermerlarlarning eʼtirozlari xaqli ekanligini bildirishgan.

Xalqimizda “Suymaganga suykalma-qadring ketadi”, degan dono maqol bor. Demakki, Qarshi tumanidagi fermer xoʻjaliklari “Sulton tex group” xususiy korxonasi bilan xamkorlikda ishlashni xohlamas ekan, korxona oʻz faoliyatini birjadan xom ashyo sotib olib davom ettirishi mumkin.

Bu borada mahalliy hokimiyat korxonaning mahsulotni chuqur qayta ishlashni yana-da rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirilishiga eʼtiroz bildirmaydi.

Shuningdek, korxonada mavjud qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari bilan shartnoma asosida texnik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishiga hech qanday toʻsqinlik yoʻq.

Manba: Viloyat fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari Kengashi axboroti.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech