26 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Bo‘sh vaqtda
27 Aprel  2019 1184

Pulim yo‘q dedingizmi?..

Ko‘cha-ko‘yda, transportda «pul yo‘q!..» degan gaplarni eshitib qolamiz. Aslida shunday deyayotganlarda ham pul bor, biroq negadir hamisha yetishmaydi. Bunday hol maoshi kam odamlarda emas, balki mo‘may ishlab topadiganlarda ham kuzatiladi. Xo‘sh, qanday yo‘l tutish kerak? G.Ostrikovaning bu boradagi fikrlarini keltiramiz...

 

Agar yaxshilab surishtirilsa, kelgusi maoshgacha bemalol yetishi uchun qancha pul kerakligini ko‘pchilik aniq aytib berolmasa kerak. Boz ustiga pul doim yetarli bo‘lishi uchun mablag‘ini to‘g‘ri sarflashni hammayam qoyillatavermaydi. Shu tariqa u oydan bunisiga pul tanqisligini boshdan kechirib yuradilar.

Demak, ko‘pchilik pul sarflashni yaxshi bilmaydi, bozor va do‘konlarga bir kirishdayoq maoshining yarmini tashlab chiqadiganlar ham uchraydi. Shu bois pulni qanday to‘g‘ri sarflash kerakligi haqida bosh qotiring. «Nega unchalik zarur bo‘lmagan buyumni sotib oldim-a?!» degan savol sizni qiynamasligi uchun! Ana shunda kim haq, kim nohaqligi masalasi ham yuzaga qalqib chiqadi.

Pulni to‘g‘ri sarflashni uch qismga bo‘lish mumkin: birinchisi: sarflashga tayyorgarlik; ikkinchisi: sarflash jarayonining o‘zi; uchinchisi: amalga oshirilgan chiqimlarni tahlil qilish.

O‘zingizga: «nimaga?», «qaerda?», «qanday?» va «nima uchun?» kabi bir nechta savolga javob berishingizga to‘g‘ri keladi.

«Nimaga?» — chiqimlarni rejalashtirish va bir oylik byudjet bilan bevosita bog‘liq. Siz nimaga va qancha pul sarflamoqchi bo‘layotganingizni aniq bilishingiz kerak.

«Nima uchun?» degan savol chiqimning maqsadga muvofiqligi bilan bog‘liq. Bilamizki, moliyaviy mustaqillikka intilayotgan kishi o‘zining ehtiyojlarini to‘liq qondirishga intiladi. Bunga kelajagini o‘ylashi ham kiradi. Dastlab o‘z daromadining 10 foizini yig‘ish uchun ajratadi. Keyin, agar cho‘ntagi ko‘tarsa, o‘zining boshqa ehtiyojlarini qondiradi.

«Qaerda?» savoli esa xarajat qilishni qaerda amalga oshirmoqchi bo‘lishingiz bilan bog‘liq. Ammo bu yo‘lda duch kelgan birinchi do‘konda, degani emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘rib tanlagan, sifati va narxi to‘la qanoatlantiradigan bo‘lishi muhim. Bu ro‘yxatga xarid chog‘ida sizga narxini arzonroq berishlari mumkin bo‘lgan joylarni ham qo‘shishni unutmang. Ana shunda qanchadir pulni tejash imkoningiz tug‘iladi.

«Qanday?» degan savolga javob topishdan oldin xarid qilmoqchi bo‘lgan mahsulotlaringiz ro‘yxatini sinchkovlik bilan tuzib chiqishingiz kerak. Bu — do‘kon yoki bozorga shunchaki emas, balki nimalarni xarid qilishni aniq bilgan holda borasiz, degani. Sizni hech kim va hech nima ro‘yxatdan yarim santimetrchayam chetga chiqishga majbur qila olmasin. Aks holda ortiqcha buyumni xarid qilib qo‘ysangiz, sizga emas, balki sotuvchiga ko‘proq foyda. Negaki aynan u sotishi lozim bo‘lgan (siz uchun aytarli muhim bo‘lmagan) mahsulotini xarid qilgansiz-da!

Xarid jarayoni ham o‘ziga xos bosqichlarda amalga oshiriladi. Biror buyum yoki mahsulotni savdolashib, arzonroq narxda olishga intiling. Tejagan pulni esa boshqa cho‘ntakka solib qo‘yasiz. Keyin esa o‘sha pullarni yig‘ilayotganlariga qo‘shib qo‘yasiz.

Hisob-kitob qilganda berilayotgan pul va qaytimini sanab ko‘rishni tavsiya qilamiz. Negaki, sotuvchi ham odam, ba'zida adashadi. Ayrimlar qaytim bermasligi ham mumkin... Yana bir toifa xaridingiz ko‘rsatilgan chekka qaramasligingizni juda-juda istab turadi. Chekni saqlab qo‘yishni unutmang. Chiqimlarni tahlil qilishda asqotadi.

Xarid qilayotganda nimalarni bilish lozim?

Ba’zi sotuvchilarning ayyorliklari va aynan sizning hamyoningizga qaratilgan marketing usullaridan xabardor bo‘lish zarar qilmaydi. Bu nima degani? Shunday mahsulotlar borki, ular impulsiv xarid uchun mo‘ljallangan. Bularga chiqaverishdagi kassa apparati yoniga chiroyli qilib terib qo‘yilgan shokolad, saqich va boshqa mahsulotlarni misol keltirish mumkin. Qorningiz och bo‘lsa, bunaqa mahsulotlarni sotib olganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz.

Do‘konlarda biror qimmatroq mahsulot yoniga bepul sovg‘a qo‘shib berish usullari ham mavjud. Bu hissiy faktorga qaratilgan usul — tekinga sovg‘a olish kimga yoqmaydi, deysiz? Biroq ana shu sovg‘ani deb siz uchun unchalik muhim bo‘lmagan mahsulotning pulini to‘laysiz... Shu bois bozor-o‘char qilayotganda tez-tez ro‘yxatga qarab turishni maslahat beramiz.

Yana bir tavsiya. Bozor yoki do‘konga och qorin bilan chiqmang. Aks holda qarorni miya emas, balki to‘yishni kuchli istayotgan qorin chiqargan bo‘ladi.

Buyum yoki mahsulot sotib olayotganda o‘zingizga «shu mahsulot haqiqatan ham menga kerakmi?» degan savolni berib ko‘ring.

Barcha xaridlarni qilib bo‘lgach, qanday harakatlarni sovuqqonlik bilan amalga oshirganingizni tahlil qilish uchun bir necha daqiqa vaqt ajrating. Tahlil qilib ko‘ring-chi!.. Buni har safar qilishingiz shart. Hatto, sizga zerikarli tuyulsa ham. Ro‘yxatga qanchalik amal qilganingizni tahlil qilmasangiz bo‘lmaydi. Agar ro‘yxatdan chetga chiqib ketgan bo‘lsangiz, sabablarini topishga harakat qiling. Keyingi safar bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu juda muhim. Ro‘yxatda yozilmagan mahsulotni sotib olishga nima SABAB bo‘lganini ko‘rinarli joyga KATTA-KATTA QILIB yozib qo‘yish ham yaxshi ish beradi. O‘sha yozuvga tez-tez qarab turing. Keyin esa keraksiz, unchalik muhim bo‘lmagan mahsulotlar uchun HECH QACHON ortiqcha pul sarflamaslikka, oldindan tuzilgan ro‘yxatdan chetga chiqmaslikka o‘zingizga so‘z bering.

Xullas, boshqa takrorlamaslik uchun o‘z xatolaringiz yordamida o‘rganishingiz, tajribangizni oshirishingiz lozim. Bu ishni xariddan to‘liq qoniqish hissi paydo bo‘lgunicha davom ettiravering. Ro‘yxat va unga sarflanadigan mablag‘ hamisha o‘zgarib turadi, pulni to‘g‘ri ishlatganingiz uchun sizda qoniqish hissi paydo bo‘ladi. Tez orada «tejalgan 1 so‘m — ishlab topilgan 1 so‘m» ekanini, ishlab topishdan tejash esa birmuncha oson va ko‘ngilli ekanini anglab yetasiz.

Agar to‘g‘ri sarflashga daromadni ko‘paytirishni ham qo‘shsangiz, nur ustiga nur. Bu — siz hyech qachon «pul yo‘q» degan so‘zni ishlatmaysiz degani! Chunki hamyoningizda hamisha pulingiz bo‘ladi!..

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech