13 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,6 °C

Tashvishli xabar
20 Dekabr  2018 2082

Oldin bepul edi, endi chipta sotib olasiz!

Gulistonliklar va Sirdaryo viloyati markaziga kelgan mehmonlar endi istirohat bog‘iga va teatrlashtirilgan tomoshalarga pul to‘lab kirishadi.

Yaqinda shahar istirohat bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ammo bog‘ qayta ta’mirlangandan so‘ng bu yerga kelganlar unga kira olishmadi, darvozalar yopiq edi.

Buning sababi tez orada ma’lum bo‘ldi. Guliston hokimiyati «Telegram» kanali orqali kirish chiptasi suratini e’lon  qildi, unda chipta narxi 2 ming so‘m ekani ko‘zga tashlanadi. Istirohat bog‘idagi teatrlashtirilgan Yangi yil tomoshalariga kirish haqi ham shuncha. Unga chipta sotib olib kirish mumkinligini shahar ma’muriyati ham tasdiqladi. Yana rasmiy hujjat ko‘rsatishdi. Unga ko‘ra, shahar hokimi qarori bilan «Guliston shahar istirohat bog‘i» davlat unitar korxonasi tashkil etilgan va u o‘z xarajatlarini o‘zi qoplaydi. Shu munosabat bilan bog‘ga kirish ham pulli bo‘ldi.

Bu yerda preyskurant ham mavjud. Yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar va veteranlar hududga bepul kirishlari mumkin. Yetti yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar 500 so‘m, kattaroqlari 1000 so‘m pul to‘laydi. Bundan kelib chiqadiki, Yangi yil archasi tomoshalariga kirishga ham, istirohat bog‘iga kirishga ham pul to‘lanadi.

Qo‘riqchilar tartibning saqlanishini nazorat qilishmoqda. Istirohat bog‘i direktoridan buni izohlab berishini so‘rab kelgan jurnalistlar ham kiritilmayapti. «O‘ziga qo‘ng‘iroq qiling»dan nariga o‘tishmaydi, ammo rahbarning telefon raqamini hech kim bilmaydi. Aholi esa bu ishning oldindan ogohlantirilmay qilinganiga hayron. Axir, shu paytga qadar Yangi yil tadbirlari umumxalq bayrami hisoblanib, ularga bepul kirishga o‘rganib qolishgandi.

Jasur Polvonov.

Mahalliy sayt surati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech