22 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14,5 °C

Xalqaro hamkorlik
3 Fevral  2020 2673
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Oʻzbekiston Prezidenti AQSH Davlat kotibini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va oʻzaro ishonchga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-AQSH munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

2018-yil may oyida AQSHga amalga oshirilgan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan oliy darajadagi tarixiy tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida oʻzaro almashinuvlar faollashgani alohida taʼkidlandi.

Konstruktiv, shu jumladan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar boʻyicha siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy, agrar, energetik, taʼlim, huquqni himoya qilish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.

Keyingi bir necha yil davomida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar koʻpaydi. AQSHning yetakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Amerika investitsiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Joriy oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda Vebster universitetining filiali oʻz ishini boshladi.

AQSH Davlat kotibi, oʻz navbatida, koʻrsatilgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga dildan minnatdorlik bildirdi hamda Prezident Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

AQSH tomoni Oʻzbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qoʻllab-quvvatlashda qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Maykl Pompeo Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yuksak baholadi.

Davlat departamenti rahbari, shuningdek, Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratayotganini taʼkidladi.

Uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat kotibi Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSH tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi Oʻzbekiston rahbarining siyosati tufayli mintaqada ishonch, sheriklik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini shakllantirishda katta natijalarga erishilgani taʼkidlandi. Oʻtgan yil noyabr oyida poytaxtimizda oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlar rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari alohida qayd etildi.

Iqtisodiyot sohasida AQSH yetakchi kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirishni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.

Maykl Pompeo bugungi kunda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlamini bir necha oʻn karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini taʼkidladi.

Bundan tashqari, AQSH mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama koʻmaklashishi taʼkidlandi.

Inson salohiyatini rivojlantirish, jumladan, fuqarolik jamiyati rivojini qoʻllab-quvvatlash, insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda konstruktiv hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatish, shuningdek, ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Maykl Pompeo Oʻzbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.

Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech