16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,3 °C

Hukumat
11 Aprel  2019 1876

O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat va kelajak ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Qarqoviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

 

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda bo‘lib turgan nufuzli delegatsiyani samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning izchil rivojlanib borayotganiga yuksak baho berdi.

Joriy yilning mart oyida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sermahsul uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishda yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi.

Tashrif yakunida muhim kelishuvlarga erishildi,  jumladan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhim ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolandi. Ularni to‘liq amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda tegishli “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Bugungi suhbat davomida davlat tashkilotlari, ilmiy markazlar, yetakchi kompaniya va korxonalar, bank-moliya institutlari darajasida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi va innovatsion rivojlanish sohasidagi ilg‘or tajribani joriy etishda o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz ekspertlari hamkorligida ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Vazir samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muhammad al-Qarqoviy O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyatining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish borasidagi intilishi qat’iy ekanini bildirdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech