19 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,5 °C

Xalqaro munosabatlar
25 Mart  2019 1054

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Vahat al-Karama” yodgorligida bo‘ldi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. 

 

Davlatimiz rahbari, taomilga ko‘ra, dastlab Abu-Dabi shahridagi Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi hamda masjidini ziyorat qildi.

Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklarining birinchi Prezidenti bo‘lgan. U 2004-yili o‘zi qurdirgan mazkur masjid yonida dafn etilgan. Bugungi kunda ushbu masjid va maqbara mamlakat aholisi uchun tabarruk maskanga, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari tashrif buyuradigan majmuaga aylangan.

Bu masjid dunyodagi eng katta masjidlardan biri bo‘lib, qurilish ishlari 1996-yildan 2007-yilgacha davom etgan. Unda bir vaqtning o‘zida 40 ming kishi namoz o‘qishi mumkin.

Majmuaga tashrif asnosida Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

Prezidentimizga masjidning qurilish tarixi,  o‘ziga xos xususiyatlari, sayyohlar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berildi.

Shavkat Mirziyoyev maqbaraning Ziyoratchilar kitobida dastxat qoldirdi.

Davlatimiz rahbari “Vahat al-Karama” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.

“Qadr-qimmat vohasi” ma’nosini anglatuvchi ushbu memorial Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon bo‘lganlar sharafiga bunyod etilgan. Yodgorlik bir-biriga tayanib turgan 31 blokdan iborat bo‘lib, rahbarlar, harbiylar va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash ramzi hisoblanadi. 

Davlatimiz rahbari yodgorlikning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech