24 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,1 °C

Hukumat
5 Mart  2019 2801

Koʻmir tarmogʻini barqaror rivojlantirishni taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni koʻmir qazib olish tarmogʻini barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Koʻmir sanoati energetika taʼminotining ajralmas qismi boʻlib, iqtisodiyot tarmoqlari, aholining ijtimoiy hayoti bilan bogʻliq muhim sohalardan biridir.

Yurtimizda har yili xonadonlarga 1 million tonna, ijtimoiy soha obyektlariga 400 ming tonna koʻmir yetkazib beriladi. Yangi Angren va Angren issiqlik elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish uchun 4 million tonna koʻmir yoqiladi.

Yigʻilishda konlarning salohiyati yuqori boʻlsa-da, keyingi yillarda koʻmir qazib chiqarish rejalari bajarilmayotgani, tarmoqdagi tizimli muammolar bartaraf etilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, konlardagi texnika va texnologiyalar eskirgan. Asosiy xomashyo bazasi boʻlgan Angren konida kon ochish ishlari ortda qolgan. Karyerlarning qiyalik burchagi belgilangan meʼyordan oshib, qazish ishlari xavfli darajaga yetgan.

Shu kabi masalalarni tez va samarali hal etish uchun “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini professional tashqi boshqaruvga berish moʻljallanmoqda.

Yigʻilishda Angren konidagi holatni yaxshilashga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.

Angren konini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, unda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining yaqin va uzoq istiqbolda koʻmirga boʻladigan talabini maksimal darajada qoplashni nazarda tutish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy barqarorligini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Moliya va Energetika vazirliklariga koʻmir narxi tariflarini optimallashtirish, tarmoqning rentabelligini oshirib, investitsiya xarjatlarini qoplash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Kon ochish ishlarini samarali tashkil etish uchun transport vositalari parkini yangilash lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga zarur samosval va boshqa maxsus texnikalarni eng maqbul takliflar asosida xarid qilish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, qazib olish ishlariga jalb qilingan, lekin bugungi kunda shart boʻlmagan texnikalardan voz kechib, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Angren konining janubiy chegarasiga yaqin joyda yashayotgan aholining xavfsizligini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Yuqorida qayd etilgan masalalar, xususan, “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish, bu borada professional tashqi boshqaruvchini jalb etish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va mahsulot sifatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech