09 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6,4 °C

Xalqaro hamkorlik
21 Fevral  2020 1601

Buyuk Britaniyadagi samarali uchrashuv

2020-yil 12-14-fevral kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi.

Parlamentarizmni rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish borasida o‘zaro tajriba almashish tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadni tashkil etdi.

Tashrif doirasida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, BMT organlarining bu boradagi tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rni hamda ahamiyati muhokama qilindi.

Delegatsiyaga rahbarlik qilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha  Markaz direktori Akmal Saidovning Buyuk Britaniya parlamenti Jamoatlar palatasi Spikerining o‘rinbosari Eleonora Leng bilan uchrashuvida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Eleonora Leng O‘zbekistonda parlamentning mavqyeini ko‘tarish borasida ijobiy qadamlar qo‘yilayotganini e’tirof etdi.

Eleonora Leng shuningdek, O‘zbekiston saylov tizimidagi islohotlarni qutladi. Mamlakatda yangi qabul qilingan Saylov kodeksida mahkumlarning parlament saylovida ishtirok etish huquqi mustahkamlanganiga e’tibor qaratar ekan, Buyuk Britaniyada qamoqdagi shaxslarning bu huquqiga nisbatan to‘la taqiq mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, parlamentarizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi. «Bizning eng ko‘hna demokratiyamiz bilan sizning eng navqiron demokratiyangiz samaralarini qiyosiy tahlil qilish biz uchun nihoyatda qiziqarlidir», dedi u.

O‘z navbatida, delegatsiya a’zolarining Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi baronessa Alison Satti bilan uchrashuvida inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishda fuqarolik jamiyatining roli hamda parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati haqida so‘z bordi.

Delegatsiyaning tashrifi doirasida Buyuk Britaniya parlamentining Konservatorlar partiyasidan saylangan deputati Endryu Bridjen raisligidagi O‘zbekiston bo‘yicha Umumpartiya parlament guruhi a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Endryu Bridjen O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasining ahamiyati haqida to‘xtalib, ushbu dasturilamal hujjatning strategik mohiyatga egaligini alohida ta'kidladi. Buyuk Britaniya parlamenti a’zolari tomonidan davlatimiz rahbarining propiska tizimini isloh qilish, 1995-yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishiga doir tashabbuslari, shuningdek hukumatimizning chet ellarda mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy ishlari yuqori baholandi.

Muloqotlar asnosida Britaniya tomoni O‘zbekistonning BMT Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha xalqaro tashabbuslariga yuksak baho berdi. Shu bilan birga,  joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida ishtirok etish istagi bildirildi.

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Buyuk Britaniya Adliya hamda Tashqi ishlar vazirliklari, Tenglik va inson huquqlari masalalari bo‘yicha komissiya, Qirolicha huzuridagi Bolalarni hibsda saqlash joylari inspeksiyasi, «Global hamkorlikni boshqaruv» nohukumat tashkiloti vakillari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot va ta’lim markazlari ekspertlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech