18 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32 °C

Mamlakatimizda
27 Mart  2019 907

Poytaxtda yana bir qoidabuzarlikni avtomatik qayd etish boshlandi

Toshkent shahar IIBBning ma'lum qilishicha, 25-martdan poytaxtda 3.27 (“To‘xtash taqiqlangan”) yo‘l belgisini e'tiborga olmaslik holatlarini avtomatik tarzda qayd etish yangi tizimi test rejimida ishga tushdi.

Xabarda keltirilishicha, Toshkent shahar IIBB YHXBning ba'zi maxsus avtomobillari AutoCon-SC/M kompleksi bilan jihozlangan. O‘rnatilgan videokamera 58 ta davlat avtomobillarining raqamlarini aniqlay oladi va yo‘l harakati qoidalarini avtomatik tarzda (inson aralashuvisiz) qayd etadi. 3.27 yo‘l belgisini mensimaslik holatlarini qayd etish maxsus avtomobil tomonidan shahar bo‘ylab harakatlanish davomida amalga oshiriladi. Qoidabuzar to‘g‘risidagi ma'lumotlar shu zahotiyoq (onlayn tarzda) yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining kompyuter tizimiga kelib tushadi.

Tizim quyidagi tarzda ishlaydi: patrul avtomobili ma'lum hudud bo‘ylab ikki marta 5-10 minut vaqt farqi bilan harakatlanadi. Birinchi marta raqamlar qayd etilib, ular qoidabuzar maqomiga nomzod hisoblanishadi. Ikkinchi marta harakatlanganda esa qoidubazar bo‘lmagan haydovchilar ro‘yxatdan o‘chiriladi.

Ma'lum hudud bo‘ylab ikki marta harakatlanish natijasida olingan ma'lumotlar tizim tomonidan solishtirilib, tahlil etiladi. Agarda avtomobil piyodani o‘tkazib yuborayotgan bo‘lsa, u tizimdan o‘chirilib, haydovchi qoidabuzar hisoblanmaydi. Agar avtomobil nosoz holatga kelib qolib, to‘xtab qolgan bo‘lsa, qonun bo‘yicha u avariyaviy to‘xtash belgisini chiqarib qo‘yishi zarur, tizim esa ushbu belgini qayd etib, avtomobilni qoidabuzarlar bazasiga kiritmaydi.

Qayd etilgan qoidabuzarlik to‘g‘risida propiska manzili bo‘yicha yo‘llangan xat orqali, yoki 8860 raqamiga Avtomobil davlat raqam belgisi probel seriya + texpasport raqami (masalan: 01A123AA AAC1234567) ko‘rinishdagi SMS-so‘rovnoma jo‘natib ma'lumot olish mumkin.

Tizim faoliyati 3.27 belgisi misolida o‘zini oqlasa, 3.28 “To‘xtab turish taqiqlangan” belgisini ham qayd etishni boshlaydi. Bu hollarda patrul avtomobili hududni o‘n minutdan so‘ng qayta kesib o‘tadi. Agarda 3.28 belgisi ostida turgan avtomobil raqami qayta qayd etilsa – to‘xtash va to‘xtab turish qoidasi buzilganligi aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz: kamera qoidabuzarlikni qayd etib, ma'lumotni Tahlil markaziga yo‘naltirganidan keyin, sizga nisbatan bir qator cheklovlar qo‘yiladi. Xususan, siz IIBB YHXBning tumanlararo bo‘linmalarida texnik ko‘rikdan o‘tishingiz yoki mashinangizni sotish maqsadida boshqa shaxsning nomiga qayta rasmiylashtirishingiz mumkin bo‘lmaydi. Ushbu cheklov avtomobilning potensial xaridorini “qarzdor” mashina sotib olishdan saqlaydi, deyiladi xabarda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech