27 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,5 °C

Xalqaro hamkorlik
15 Iyul  2020 507

Pandemiya va inson huquqlari: Oʻzbekiston tajribasi

2020-yil 14-iyulda Toshkent shahrida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi Vakolatxonasi va YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalarini muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda Milliy muloqot tashkil etildi. Ushbu tadbir COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish mavzusiga bagʻishlandi.

Onlayn davra suhbatida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar masʼullari, Oʻzbekistondagi xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari mutasaddilari, shuningdek BMT, BMT Rivojlanish Dasturi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda Oʻzbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish jarayonida inson huquqlarini taʼminlashga oid milliy choralarni amalga oshirish borasidagi ijobiy saboqlari muhokama qilindi.

Bundan oldin, 24-iyunda BMT va YEXHT rasmiy shaxslari Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi Oʻrtasaroy karantin markaziga tashrif buyurgandi. Ushbu tashrif tufayli karantin hududlarida inson huquqlariga amal qilinishi borasidagi Oʻzbekiston tajribasini tahlil qilish uchun amaliy dalillar toʻplash imkoniyati tugʻildi.

Milliy muloqot doirasidagi maʼruzachilar Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasidan kelib chiqadigan xulosa va tavsiyalar hamda global istiqbol masalalari xususida atroflicha fikr yuritdilar.

Uchrashuvda BMTning karantin choralari boʻyicha qabul qilgan soʻnggi rahbariy yoʻriqnomalari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2020-yil 19-martda tasdiqlangan “Koronavirus (COVID-19) kasalligi tarqalishini tiyib turish sharoitida alohida shaxslarni karantinga joylashtirish prinsiplari boʻyicha JSST Yoʻriqnomasi” haqida soʻz bordi.

Mazkur Yoʻriqnomada qayd etilganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalayotgan sharoitda jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tibbiy, moliyaviy, ijtimoiy va ruhiy-maʼnaviy yordam koʻrsatilishi lozim. Ularning asosiy ehtiyojlari, jumladan, oziq-ovqat, suv va boshqa shu kabi hayotiy zarur mahsulotlarga boʻlgan talablari qanoatlantirilishi zarur. Ayniqsa, aholining zaif qatlamlari talab-ehtiyojlariga ustuvor ahamiyat berilishi darkor.

Bundan tashqari, ishtirokchilar BMT inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining COVID-19 bilan bogʻliq karantin masalasiga doir muhim bir tavsiyasini maʼlumot uchun qabul qildilar. Bu oʻrinda davlatlarning barcha kishilar, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insoniylik asosida va inson qadr-qimmatiga hurmat koʻrsatgan holda muomala qilish majburiyatiga doir tavsiya haqida gap bormoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda ham ushbu xatarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar koʻrilayotganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Eng muhimi, bunda avvalo inson manfaatlarining har narsadan ustunligi talabidan kelib chiqilayotir.

Milliy muloqot yakunida pandemiya karantini sharoitida inson huquqlarini himoya qilish borasida aniqlangan qiyinchiliklar boʻyicha davlat organlariga taklif etiladigan tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.

Milliy muloqot haqida tadbir tashkilotchilari fikr bildirdilar.

Helena Freyzer, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi:

- Mazkur tadbir jamoatchilik sogʻligini saqlash borasidagi chora-tadbirlar xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari hamda inson huquqlari sohasidagi standartlar va majburiyatlarga mos boʻlishi muhim ekani xususida foydali mushohada yuritish imkonini berdi.

Men Oʻzbekiston hukumatining oʻz ijobiy saboqlarini baham koʻrishga shayligini qoʻllab-quvvatlayman. Chunki karantin muassasalari tajribasi, shuningdek, mavjud holatni yana-da yaxshilash uchun tegishli sohalarni belgilab olish borasidagi ochiqlik diqqatga loyiqdir.

Elchi Jon MakGregor, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi:

- Oʻzbekiston hukumatining COVID-19 pandemiyasi tarqalishiga barham berish borasidagi faol saʼy-harakatlarini yuqori baholayman. Karantin markazlari jamoatchilik sogʻligini saqlash borasida koʻrilgan choralar orasida oʻta muhim ahamiyat kasb etgani tayin. Chunki keyingi oyda barcha yangi kasallanish holatlarining aksariyat qismi aynan ushbu markazlarda aniqlangani shundan dalolat beradi. Xalqaro hamjamiyat, shubhasiz, bu tajribadan ibrat oladi.

Akmal Saidov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:

- Bugungi voqelik shundan dalolat beradiki, koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida tobora koʻproq mamlakatlar inson huquqlariga bevosita taʼsir qiladigan qatʼiy choralarni, jumladan, harakatlanish va shaxsiy hayot erkinligiga daxl qiladigan cheklovlarni qoʻllamoqda. Binobarin, favqulodda holat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha karantin bilan bogʻliq boshqa har qanday chora-tadbirlar albatta inson huquqlarini himoya qilish prinsipiga tayanishi shart.

Umuman olganda, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar Oʻzbekistonda inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini taʼkidlamoqda.

Shubhasiz, Oʻzbekiston tajribasi pandemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar uchun yorqin namuna vazifasini oʻtaydi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech