11 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Moliya
6 Iyul  2020 606

Pandemiya naqd pul muomalasiga ham taʼsir oʻtkazgan

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu jarayonni qisqacha shunday sharhlaydi:

2020-yil aprel-iyun oylarida bank tizimida naqd pullar aylanmasi mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar taʼsirida shakllandi.

Jumladan, joriy yil mart oyining ikkinchi yarmidan eʼlon qilingan karantin talablarining may oyiga kelib biroz yumshatilishi natijasida iqtisodiyot subyektlarining faollashuvi banklar kassalari orqali naqd pullar aylanmasi dinamikasiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

2020-yil aprel oyida banklar kassalariga naqd pul tushumining mart oyiga nisbatan qariyb 41 foizga kamayishi kuzatilgan boʻlsa, iyun oyida aprelga nisbatan 85 foizga koʻpayib, 14,6 trillion soʻmni tashkil etdi.

Biroq, iyun oyidagi koʻrsatkich karantin sharoitidan oldingi davrdagi holatdan (joriy yil yanvarda – 15,8 trillion soʻm ) biroz kamligicha qolmoqda. Shuningdek, bu koʻrsatkich epidemiologik holatning yaxshilanishi va karantin talablarining yumshatilishi ortidan keyingi oylarda ijobiy tomonga oʻzgarishini kutish mumkin.

Naqd pul tushumlarining iyun oyida aprelga nisbatan oʻsish hajmining qariyb 3,5 trillion soʻmi savdo va pullik xizmatlardan, 1,4 trillion soʻmi bank xizmatlari boʻyicha tushumlar hissasiga toʻgʻri keldi. Bu “yashil” va “sariq” hududlardagi savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyatining qayta tiklanishi hamda avtomashinalar harakatiga nisbatan taʼqiqlarning yumshatilishi, shuningdek, aholi tomonidan boʻsh mablagʻlarni bank omonatlariga, kreditlarning qaytarilishiga hamda naqd chet el valyutasini sotib olishga yoʻnaltirilishi hisobiga yuzaga keldi.

Oʻz navbatida, 2020-yilning aprel oyida banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar mart oyiga nisbatan 35 foizga kamayishi kuzatilgan boʻlsa, iyun oyida bu koʻrsatkich aprel oyiga nisbatan 53 foizga koʻpayib, 14,8 trillion soʻmni tashkil etdi.

Karantin sharoitida pensiya va nafaqa toʻlovlari, byudjet tizimi tashkilotlari, shuningdek, faoliyatini toʻxtatmagan strategik korxonalar xodimlarining ish haqlarining toʻlab borilishi natijasida banklardan ushbu maqsadlar uchun naqd pullar chiqimi nisbatan barqaror saqlanib qoldi.

Yana bir eʼtiborli holat, 2020-yilning iyun oyida bank kartalariga jami 15,9 trillion soʻmlik mablagʻlar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 6,1 trillion soʻm aholi tomonidan naqdlashtirib olindi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech