24 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,5 °C

Sport
7 Fevral  2019 1204

O‘zbekistonda ilk bor xokkey bo‘yicha chempionat boshlanadi

Ertaga, 8-fevral kuni xokkey bo‘yicha O‘zbekiston birinchi chempionati boshlanadi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada «Binokor», «Humo», «Semurg‘» va «Toshkent» jamoalari ishtirok etishadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, o‘yinlar «Ice City» muz arenasida tashkil qilinadi. Ikki oy davom etadigan chempionat doirasida 24 ta uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

1-fevral kuni «Ice City» majmuasining ochilish marosimida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston chempionati tashkil etilishi haqida ma’lum qilingandi.

8-fevral kuni «Toshkent» hamda «Binokor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan O‘zbekiston I chempionati start oladi. Ushbu bahsdan so‘ng muzga «Humo» hamda «Semurg‘» jamoalari chiqib kelishadi.

Muntazam chempionat 17-mart kuni yakunlanadi. 20-martdan boshlab esa ikki raunddan iborat pley-off bahslari boshlanadi. Unda o‘yinlar uchta g‘alabagacha o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi 2018-yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Federatsiyaning asosiy maqsad va vazifasi – mamlakatimizda xokkeyni ommalashtirish va rivojlantirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xokkey bo‘yicha Respublika chempionati, kubogi, O‘zbekiston hududida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarni tashkil qilishdan iboratdir.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech