19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,5 °C

Salomatlik
25 Aprel  2019 1946

O‘zbekistonda 2021-yildan majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi

Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug‘urtalashni joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idora  vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya, Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlar mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida  muhim o‘zgarish va yangilanishlar bo‘lmoqda. 2019 – 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, tibbiyot rivojida yangi davrni boshlab berdi.

Unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv va  moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarda “klaster” modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish, farmatsevika tarmog‘i, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy ko‘rinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha “har bir davolangan holat” uchun to‘lash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, yurtimizda majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021-yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sug‘urta ta'minlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish ekani ta'kidlandi. Sog‘liqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslar (daromad manbalaridan qat'iy nazar)ni taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.

Qizg‘in kechgan muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov, JSSTning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yetakchi eksperti M.Yakab, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari L.Kuppens, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov ishtirok etishdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech