05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,5 °C

Xalqaro hamkorlik
17 May  2020 232

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa bilan bogʻliq joriy vaziyatni hamda uning mamlakatlarimiz chegaraoldi hududlaridagi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha yaqin hamkorlikni tashkil etish masalalarini batafsil muhokama qildilar.

Prezidentlar hukumatlarga ishni muvofiqlashtirgan holda taʼminlash va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish boʻyicha topshiriq berdilar.

Shuningdek, mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va uning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy taʼsirini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan samarali chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalariga hamda koʻp qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki davlat Bosh vazirlari boshchiligidagi Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning faol ishini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan, Kostanay shahridagi qoʻshma korxonada avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqarish, zamonaviy transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha qator yangi dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq oʻtgan sogʻliqni saqlash va transport vazirlari onlayn anjumanlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suhbat anʼanaviy samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech