16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +39,4 °C

Transport
18 Iyun  2019 529

“O‘zbekiston temir yo‘llari” poytaxtga keladigan sayyohlar uchun yana bir qulaylik yaratdi

Toshkent-Janubiy temir yo‘l vokzalida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish maqsadida xarid qilingan zamonaviy avtotransport vositalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda ommaviy axborot vositalariga 51 o‘rinlik 1 ta “Mercedes-benz Tourismo” va 30 o‘rinlik 2 ta “Isuzu HD 50” rusumli avtobuslar hamda 11 o‘rinlik 3 ta “Hyundai H-1” rusumli mikroavtobuslarning qulayliklari tanishtirildi.  

Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida yo‘lovchilarga zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha qulayliklarni yaratish uchun “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan yangi rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2019 yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich o‘ndan ziyod zamonaviy avtotransportlar sotib olish ko‘zda tutilgan.

Endilikda Toshkent shahriga sayohatga keladigan yo‘lovchilar o‘zlarining hududlaridagi vokzallarga borib, oldindan buyurtma berishsa, ular Toshkentga yetib kelguniga qadar buyurtmalari asosida zamonaviy avtotransport vositalari tayyor qilib qo‘yiladi. Ushbu transport vositalarida nafaqat Toshkent shahri, balki Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalariga ham sayohat qilishlari mumkin. Keyingi bosqichda xarid qilinadigan ana shunday zamonaviy avtotransportlar qadimiy shaharlarimizdagi vokzallarda ham sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi.

Albatta, har qanday yo‘lovchi zamonaviy vagonlarda yurishni xohlaydi. Shularni inobatga olib, joriy yil oxirigacha “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” AJ dan 50 ta barcha qulayliklarga ega vagon xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu ham ko‘rsatiladigan servis xizmatlar sifatini yanada oshirishga imkon yaratadi.

Taqdimot marosimida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan kelajakda poytaxt hamda viloyat markazlaridagi temir yo‘l vokzallarida taksi xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilganligi haqida ham ma'lumot berildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech