29 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +2,2 °C

Dolzarb
8 Iyul  2020 963

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining Operativ shtabi maʼlumoti

Oʻzbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari maʼlumotlariga koʻra, Rossiya-Qozogʻiston chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-oʻtkazish punkti yaqinida va Orenburg viloyati Buzuluk shahrida mos ravishda 1 300 va 700 dan ortiq vatandoshlar toʻplangan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning “Mashtakovo” nazorat-oʻtkazish punktiga borishga urinmasliklari, hozirda boʻlib turgan joylarida qolishlari va barcha karantin choralariga qatʼiy rioya etishlari toʻgʻrisida berilgan koʻp sonli ogohlantirishlarga qaramay, Qozogʻiston hududi orqali avtotransport vositalarida vatanga qaytish maqsadida fuqarolar Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegarasi yaqinida toʻplanishni davom ettirmoqdalar.

Mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozogʻistonda qatʼiy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qoʻshni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa fuqarolarning sogʻligʻi uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda.

Ushbu holatni yurtdoshlarimizga tushuntirish maqsadida, mamlakatimizning Moskva shahridagi Elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar toʻplangan joyga kelishdi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida boʻlib turgan fuqarolarimizdan cheklov choralariga toʻgʻri baho berishlarini, Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegarasini kesib oʻtish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda boʻlib turgan joylarida qolishlarini va oʻzlarining va atrofdagilarning sogʻligʻini xavf ostiga qoʻymasliklarini yana bir bor soʻraymiz.

Oʻzbekiston fuqarolari charter reyslarini tashkil etish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam “sariq” va “yashil” reyslar qayta tashkil etilishiga koʻra vatanga qaytadilar.

Oʻzbekiston fuqarolari Rossiyadan charter reyslarida, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq olib chiqilishini eslatib oʻtamiz, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech