29 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -2,3 °C

Transport
16 Iyul  2020 913

«Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy» temir yoʻli qurilishi masalasi muhokamasi davom etadi

15-iyul kuni Oʻzbekiston transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Qirgʻiziston transport va yoʻl vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish boʻyicha davlat qoʻmitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori oʻrinbosari Chjen Chipin boshchiligida videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv oʻtkazildi.

Onlayn muloqotda Elyor Gʻaniyev pandemiya sharoitida davlat chegaralari orqali temir yoʻl transportida yuklarni tashish dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini yana bir bor taʼkidladi.

«Pandemiya sabab karantin choralarining kuchaytirilishi davlatlar iqtisodiyotiga shu jumladan birinchi galda transport sohasiga jiddiy taʼsir etmoqda. Pandemiya tufayli dunyo davlatlarida yuzaga kelgan ogʻir vaziyatga qaramasdan bugungi kunda faqatgina temir yoʻl transporti deyarli hech qanday cheklovlarsiz faoliyat koʻrsatmoqda. Aynan shu jihatning oʻziyoq “Oʻzbekiston–Qirgʻiziston–Xitoy” temir yoʻli qurilishi loyihasini roʻyobga chiqarish muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatmoqda. Ushbu temir yoʻl “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida eng muhim transport koridoriga aylanishi mumkin», dedi E.Gʻaniyev.

Qirgʻiziston transport va yoʻl vaziri Janat Beyshenov temir yoʻl qurilishi yuzasidan taqdim etilgan uchta marshrut boʻyicha SWOT – tahlillari oʻtkazilganini taʼkidlab, yuk oqimini shakllantirish, tashuvlar samaradorligi hamda temir yoʻl liniyasi oʻtuvchi Qirgʻiziston mintaqalarining kelajakdagi rivojlanishi nuqtayi nazaridan eng maqbul yoʻnalish «Torugʻart – Arpa – Qoʻsh-Dobo – Maqmal – Jalol-Obod» ekanligini aytib oʻtdi.

Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish boʻyicha davlat qoʻmitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori oʻrinbosari Chjen Chipin moliyaviy nuqtayi nazardan Qirgʻiziston tomoni taklif etayotgan yoʻnalish boʻylab qurilishning amalga oshirilishi yaxshi variant ekanligini, biroq temir yoʻl kengligi va yoʻnalish marshruti boʻyicha ekspertlar yagona toʻxtamga kelmagani bois boshqa takliflarni ham koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladi.

Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda tomonlar temir yoʻl qurilishi boʻyicha eng maqbul yoʻnalish marshrutini tanlash, shu bilan birga moliyaviy-iqtisodiy masalalarni koʻrib chiqish, kelajakda temir yoʻlni ekspluatatsiya qilish yuzasidan loyihaning investitsiya modelini va qurilishning texnik-iqtisodiy jihatlarini oʻrganish boʻyicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib olishdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech