09 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,1 °C

Ta'lim
24 Fevral  2020 1841

Piza universiteti filiali ochiladimi?

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Piza universitetining rahbariyati bilan hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qildi.

Muzokara davomida Piza universitetining rektori professor Paolo Mankarella O‘zbekistonda Piza universitetining filialini tashkil qilish imkoniyati mavjudligini aytib, bu ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur universitetning Italiyadan tashqarida tashkil qilingan birinchi filiali bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, rejaga muvofiq, filialda kadrlarni tayyorlash, avvalo, O‘zbekiston talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

Boshlang‘ich bosqichda geologiya, geofizika, energetika, kimyo, biotexnologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes-boshqaruv yo‘nalishlarida bakalavrlik dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Piza universiteti dunyodagi eng qadimgi ta’lim dargohlaridan biri bo‘lib, 1343-yilda papa Kliment VI farmoni bilan ochilgan. Universitetda mashhur italiyalik olim Galileo Galiley ta’lim olgan. Uning bitiruvchilari orasida 3 nafar Nobel mukofotining sovrindori, 2 nafar Italiya prezidenti va bosh vaziri, shuningdek, yana qator vazirlar hamda madaniyat arboblari yetishib chiqqan.

Uchrashuv davomida shuningdek, yaqin vaqt ichida Piza universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, unda filial ochilishining tashkiliy masalalari muhokama qilinadi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech