24 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Yashil sayyora
23 Fevral  2020 1914

O‘simlik dunyosiga yetkazilgan  zarar undirildi

Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, “Yunus Rajabiy” mahallasida joylashgan  72, 66/1, 66/2 va 66/4-uylar oralig‘idagi maydonda mavjud ko‘p yillik 81 ta daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesilganligi holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 18 apreldagi 608-sonli qaroriga asosan, “Building And Supplies” MChJga “Yunus Rajabiy” mahallasi 72, 66/1, 66/2 va 66/4-uylar oralig‘ida 0,5 gektar  yer maydoni ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun doimiy foydalanishga ajratib berilgan.

Ushbu qaror shaharsozlik qoidalariga zid bo‘lgani uchun shahar prokurori tomonidan 2018 yil 4 iyulda protest keltirilgan.

Shahar hokimining 2018 yil 17 iyuldagi 1053-sonli qaroriga ko‘ra, protest qanoatlantirilgan va 608-sonli qaror bekor qilingan.

Bu holatdan norozi bo‘lgan “Building And Supplies” MChJ  hududiy ma'muriy sudga ariza bergan va Bektemir tumani ma'muriy sudining 2018 yil 12 noyabrdagi qarori bilan shahar hokimining 1053-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.

“Yunus Rajabiy” mahallasida yashovchi aholining shahar hokimining 608-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi Chilonzor tumani ma'muriy sudiga kiritgan arizasi, sud tomonidan 2019 yil 11 dekabrda rad qilingan. Ushbu sud qarori 2020 yil 27 yanvarda Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan va o‘zgarishsiz qoldirilgan.

“Building And Supplies” MChJ tomonidan unga ajratilgan yer maydonidagi ko‘p yillik 81 ta daraxtlar qonunga zid ravishda kesilganligi oqibatida o‘simlik dunyosiga 630,4 mln. so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 22 fevralda Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 198-moddasi 2-qismi bilan Yakkasaroy tumani hokimligi va “Building And Supplies” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat kodeksining 198-moddasi 4-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Dastlabki tergovda 2 nafar  ayblanuvchilardan 1 mlrd. 891,3 mln. so‘m moddiy zarar undirildi va ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

“Yunus Rajabiy” mahallasi hududida noqonuniy kesilgan dov-daraxtlar yer maydoni tezkorlik bilan tozalanib “Lipa”, “Beryoza”, “Kashtan” va “Pavloniya” daraxtlari ekilishi tashkil qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech