24 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Yashil sayyora
3 Fevral  2020 2679

Orol dengizi to‘lib-toshmoqda

Ko‘pchiligimiz, «umumxalq hashari», «hashar elga yarashar» kabi jumlalarni eshitganimizda uning mohiyatini hamisha ham to‘laroq anglayvermaymiz. Yurtimiz tarixiga nazar solsak, xalqimizning bir maqsad yo‘lida birlashib, «xalq hashari» shiori bilan bundan oldin ikki marotaba yuksak e’tirofga loyiq natijalarga erishganiga guvoh bo‘lamiz.

Birinchisi, 1939-yilning avgust oyida katta Farg‘ona kanali qurilishi boshlanib, xalq hashari yo‘li bilan 45 kunda 270 kilometr uzunlikdagi inshoot bunyod etilishiga erishilgan. O‘shanda xalqimizning matonati bilan qisqa muddatda 18 million kub metr hajmda tuproq qazish ishlari bajarilib, 450dan ortiq suv inshootlari va 38 dona ko‘priklar qurib bitkazilgan. Mazkur umumxalq hasharida O‘zbekistonning 200 ming nafardan ziyod aholisi bilan birga qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalarining ham ko‘plab aholisi kamarbasta bo‘lgan. Ikkinchisi, 1966-yil Toshkent shahrida sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng tiklash va bunyodkorlik ishlaridir. O‘sha paytgi xalqimizning mehnatda ko‘rsatgan jasoratlari, bunyodkorlik ishlari yangi qurilgan Toshkent shahri qiyofasiga razm solganimizda  yaqqolroq namoyon bo‘ladi, albatta. Nazarimda, ayni kunlarda Mo‘ynoqda, Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan ishlar uchinchi xalq hashari, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Orol fojiasi jahon muammosiga aylanganligini ta'kidlab, bu muammoga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratgan edi. Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tashkil qilindi. E’tiborlisi, Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar yaratish umumxalq ishiga aylanib, o‘tgan 2018-2019-yil qish-bahor mavsumida 500 ming gektar yerga ko‘chati va urug‘i orqali saksovul ekildi.

Bugun Orol dengizning qurigan tubida saksovul ekishga mamlakatimizning barcha viloyatlaridan hasharchilar kelishgan. Har bir viloyat hasharchilari turli manzillarda joylashganligi qaramay, barcha hasharchilarga qulay sharoitlar yaratish, ularning holidan tizimli ravishda xabar olish tashkil qilinmoqda.

Yosh yigit-qizlar, mexanizatorlarning Orol dengizining bepoyon qumliklarida orzu-umidlarimiz nishoni bo‘lgan saksovul daraxtlari nihollari va urug‘larini ekayotganini ko‘rgan, qalbida vatanparvarlik ruhi bo‘lgan har bir yurtdoshimiz bu ishga bosh qo‘shgisi kelgani shubhasiz.

Bu xayrli ishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi jamoasi ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar. Bugungi kunda Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo qilish ishida qatnashayotgan hasharchilar holidan xabar olish Nukus shahridagi har bir vazirlik va tashkilotlarning burchi va kundalik yumushiga aylanib ulgurdi.

Jizzaxlik mexanizator va ishchi hasharchilar Mo‘ynoq tumani markazidan 130 kilometr uzoqlikda Orol dengizning qurigan tubida himoya o‘rmonzorlarini barpo qilishmoqda.

– Sir emas, bundan bir necha yil ilgari mehnat safari bilan kimdir Mo‘ynoq tumaniga borishi kerak desa, ko‘pchiligimiz ortga chekinar edik, – deydi «Suenli» irrigatsiya tizimi boshqarmasi  boshlig‘i Murat Aldjanov. – Bugungi kunda esa Prezidentimizning tashabbusi bilan Mo‘ynoqni obod qilish, Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo qilish bo‘yicha boshlangan tarixiy va olamshumul ishlari har bir yurtdoshimizni ushbu maskanga chorlamoqda. Hozir Nukus shahri bilan Mo‘ynoqning orasidagi masofa  ham yaqinlashib qolgandek, nazarimda. Oldinlari borish uchun bir kun tayyorgarlik ko‘rsak hozir, bir kunda borib qaytamiz, lozim bo‘lsa ertasiga yana ketaveramiz. Xullas, bugungi kunga kelib Mo‘ynoq tumaniga safarga desa, barcha jamoadoshimiz oldingi safda borish istagi bilan chiqadilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019–2020-yillarda bu yerda 700 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etish nazarda tutilgan. Bugun Orolning qurigan tubida 2 ming 700 nafarga yaqin kishi hasharga jalb etilgan.

Ha, avvalo, Prezidentimizning xayrli tashabbusi bilan boshlangan va bugungi kunda xalq hashari, yurtdoshlarimiz birdamligi, jasoratli mehnati natijasida qurigan Orol dengizi tom ma’noda to‘lib-toshmoqda, go‘yo. Biz, ishonamiz O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibrayim Yusupov ta’kidlaganidek:  «Bu el hali zo‘r bo‘ladi», deb xabar beradi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech