20 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,5 °C

Turizm
22 Iyun  2020 1191

Turizmni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilandi

2020-yil 19-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4755-sonli “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga koʻra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yigʻim summasining 50 foizi joylashtirish vositalariga qaytariladi.

2020-yil 1-avgustdan boshlab:

- reyslar soni va yoʻnalishlari boʻyicha cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;

- xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qatʼi nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi (bunda, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining uchish va aviatsiya xavfsizligi boʻyicha standartlariga muvofiq boʻlish talab etiladi);

- investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini (“Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismi har bir 500 metr yoʻl uchun Davlat byudjetidan Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 1 milliard soʻm miqdorida qoplanadi.

Bunda dastlabki 50 ta loyihaga yoʻnaltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi.

Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari boʻyicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (oʻtovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023-yil 31-dekabrga qadar Davlat byudjetidan har bir joy uchun 5 million soʻmgacha miqdorda qoplanadi.

Shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan majburiy kelishiladi.

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning xizmatlari oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi.

2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech