21 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,2 °C

Salomatlik
4 Iyul  2019 728

Onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyati kengaydi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi, zamonaviy Konsultativ-diagnostika poliklinikasi binosi foydalanishga topshirildi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur zamonaviy va innovatsion poliklinika qurilishi uchun Investitsiya dasturi asosida, qisqa davrda 3 qavatli yangi bino rekonstruksiyadan chiqarilib, old qismida 2 qavatli xoll qurildi. Mazkur zamonaviy inshoot 300 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, u maslahat poliklinikasi, rentgen, ultratovush va endoskopik diagnostika, klinik laboratoriya hamda saraton profilaktikasi markazi va boshqa bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.

Yangi maslahat poliklinikasi ertalab soat 8.00 dan kech soat 20.00 gacha uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda barcha qulaylikka ega 180 o‘rinli kutish zallari bemor va uning yaqinlari uchun xizmat qiladi.

Poliklinikada bemorlarni qabul qilish va ularga sifatli yordam ko‘rsatish maqsadida barcha xonalar mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy jihozlar va diagnosti uskunalar bilan ta'minlangan. Bu yerda barcha soha o‘smalarini aniqlash yoki inkor qilish, ularni davolash bo‘yicha yuqori malakali maslahat berish uchun yetuk mutaxassislar jalb etilgan.

Endilikda bu yerda ultratovush orqali tekshiruv jarayoni bevosita poliklinikada faoliyat yuritadigan mutaxassislarning o‘z xonalarida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu esa bemorlarning ortiqcha navbat kutib qolishi kabi turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bemorlar va ularning yaqinlari uchun binoning birinchi hamda ikkinchi qavatlari hamda xoll qismida elektron navbatni kuzatib borish monitorlari o‘rnatildi.

Maslahat poliklinikasida elektron ro‘yxatga olish tizimi joriy etilganligi sabab fuqarolar “shifokor qabuliga onlayn yozilish” funksiyasi yordamida elektron ro‘yxatga yozilishlari ham mumkin. Binoning 3-qavatida Saraton profilaktikasi markazi joriy etilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu markaz kanser-registr tizimi, skrining tadqiqotlari, statistik ma'lumotlar bazasini yaratish uchun zarur uskuna, kompyuter texnikasi va lokal hamda umumiy tarmoq bilan ta'minlangan.

Tadbir ishtirokchilari binoning bo‘lim va xonalarida bo‘lishib, yaratilgan sharoitlar, jihozlanishi, mavjud diagnostik va davolash uskunalari bilan tanishishdi. Elektron navbatga yozilish, ro‘yxatxona ish faoliyati va boshqa texnik imkoniyatlarning amalda qo‘llanilishini bevosita kuzatishdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech