26 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,2 °C

Hukumat
6 Iyul  2020 2393
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Bank sohasida strategiya ijrosi va transformatsiya jarayoni muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 6-iyul kuni, bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 15 foizdan 60 foizga oshirishga qaratilgan 2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda mamlakat tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Tadbirda ushbu maqsadga erishish uchun qator muhim masalalarni hal qilish lozimligi taʼkidlandi. Birinchi navbatda banklar transformatsiyasi jarayonini faollashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Hozirda 6 ta tijorat banki – “Ipotekabank”, “Sanoatqurilishbank”, “Turonbank”, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Agrobank” moliyaviy diagnostika, istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqish va xususiylashtirish masalalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni boshlagan. Biroq, boshqa banklarni transformatsiya qilish ishlari yetarli darajada faol olib borilmayapti, dedi davlatimiz rahbari.

Bu kamchilikni bartaraf etish uchun banklar faoliyatiga xos boʻlmagan funksiyalarni xatlovdan oʻtkazish, Markaziy bank huzuridagi Qayta tayyorlash korporativ markazida avvalo joylardagi bank xodimlari uchun banklar transformatsiyasini tushuntirish boʻyicha oʻquv dasturlarini tashkil etish topshirildi.

Yigʻilishda banklarning kredit portfeli va loyihalar sifatini oshirish masalasi muhokama qilindi. Stress-testlar natijalariga koʻra, muammoli kreditlar ulushi bir necha barobar koʻpayishi mumkinligi, bu esa bank tizimi uchun jiddiy xatar ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan muammoli kreditlarni hududlar kesimida batafsil tahlil qilib, kredit portfeli sifatini saqlab qolish boʻyicha taʼsirchan mexanizm ishlab chiqish koʻrsatmasi berildi. Markaziy bank barcha tijorat banklari kredit portfellari xatlovdan oʻtkazilgach, qiyin ahvolga tushib qolgan har bir mijozning moliyaviy imkoniyatlarini tiklash boʻyicha aniq choralarni ishlab chiqishi lozimligi alohida taʼkidlandi.

Yigʻilishda bank tizimida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari barcha tijorat banklari raislari korrupsiyaga chek qoʻyish, komplayens-nazorat kabi taʼsirchan mexanizmlarni joriy qilish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Davlat aktivlari bor tijorat banklarida hukumatdan olingan mablagʻlar hissasi hamon yuqoriligi tanqid qilindi.

Xususan, bunday kreditlar ulushi Qishloq qurilish bankda 41 foizni, Ipoteka bankda 32 foizni tashkil etadi. Oʻtgan yili banklarga davlat kafolati ostida qariyb 600 million dollarlik kredit liniyalari jalb qilingan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 570 million dollarni tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda, aholining jamgʻarma va muddatli depozitlari ulushi yirik banklarda oʻrtacha 5 foizni tashkil etadi, xolos. Shu munosabat bilan Markaziy bankka tijorat banklariga aholi omonatlarini jalb etish boʻyicha qoʻshimcha takliflar ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Prezidentimiz banklar moliyaviy resurslarni davlat yordami va koʻmagisiz, mustaqil jalb qilishlari zarurligini qayd etdi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari axborot berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech