16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25 °C

Suhbat
25 Yanvar  2019 1838

“Obod qishloq” dasturi: mamlakatimiz hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan o‘tkazildi

25-yanvar Toshkent shahrida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari: ilk natijalar va kelgusi rejalar” mavzusidagi xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, “Yuksalish” umummiliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Shveytsariya Konfederatsiyasi hamda AQSh davlat departamenti kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda 250 dan ziyod soha mutaxassislari – mahalliy hokimiyat, mutasaddi vazirlik va idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlik hamjamiyati hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Kun davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar, qishloq hududlarida sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishga fuqarolarni jalb qilish, tashkiliy mexanizmlar va moliyalashtirish bo‘yicha maqsadli jamg‘armalarni shakllantirish kabi masalalar muhokamada bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek MUHAMMADIYEV:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Turkiyaning xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani insonparvarlik siyosati hech qanday chegara, hudud va xalq tanlamasligidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz rahbari g‘oyasi bilan bugun xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos bo‘ldi.

Xalqaro tajribaga tayansak, iqtisodiy rivojlanish avvalo qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan, ularning ongi va dunyoqarashini o‘zgartirishdan boshlanadi.

Virtual va Xalq qabulxonalariga yillar davomida minglab qishloq joylarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilmagani, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha e’tibor qaratilmagani, kommunal infratuzilma ob’ektlari eskirib qolgani, uylar qurilishi, yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlarning (maktab, bog‘cha, poliklinikalar v.b) ta’mirtalabligi, aholi dam olish maskanlari mavjud emasligi, jamoat transport qatnovlari, davlat xizmatlari qo‘rsatish darajasi juda pastligi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini murojaatlar bilan ishlash jarayonida aniqlangan mamlakatning chekka va olis qishloqlaridagi ana shunday o‘tkir muammolarga amaliy yechim sifatida ko‘rish mumkin.

Mamlakatimiz hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan o‘tkazildi: davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida “Obod qishloq” dasturi Jizzax viloyati Do‘stlik tumanining “Manas” qishlog‘idan boshlandi.

Boshqa mamlakatlardagi qishloq joylarini rivojlantirish dasturlaridan farqli o‘laroq, “Obod qishloq” dasturini Manas qishlog‘ida sinovdan o‘tkazishda muammolarni kompleks hal qilish uchun, avvalo, davlat tashkilotlarining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari uyma-uy yurib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni ich-ichidan o‘rganishi tashkil qilindi. Har bir soha bo‘yicha nima ishlarni qanday amalga oshirish mahalliy aholi muhokamasidan o‘tkazildi. Bunda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, balki ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish, aholining huquqiy ongi-madaniyatini oshirish, hatto sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanish qoidalarini joriy qilishgacha bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Asosiy e’tibor hududdagi ishsizlik bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga qaratildi. Bunda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng og‘ir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta kuch tashlandi. Ularga tayyor uy berish yoki uyini ta’mirlab berish yo‘li bilangina emas, balki imkoniyati darajasida ishlab hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun sharoitlar yaratish yo‘li bilan ham ko‘mak berildi: kasb-hunarga o‘qishi, kafolatlangan ish bilan band bo‘lishi va uyda tadbirkorlikni (uyda tikish-bichish, kasanachilik, chorvachilik, issiqxona, ishlab chiqarish mahsulotlarini qadoqlash v.h.) yo‘lga qo‘yishi uchun barcha imkoniyat-sharoit yaratib berildi. Mana shunday keng qamrovli kompleks yondashuv “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini dunyoda o‘xshashi yo‘q, noyob va yangi tizim deyish uchun yetarlicha asosdir.

Yana bir muhim jihat – “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan keng imtiyozlar yaratib berildi. Xususan, mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma do‘konlari tashkil etildi.

Ayrim hollarda hasharlar tashkil qilish jarayonini majburlash deb talqin qilishga ham urinishlar bo‘ldi. Lekin, shu kungacha Prezident virtual qabulxonasiga va Xalq qabulxonalariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida majburiy mehnat yoki majburiy homiylik haqida murojaatlar kelib tushmagan. Aksincha aholi o‘z hududining obod bo‘lishi, muammolari tezroq hal bo‘lishi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘ldan kelgancha o‘z hissasini qo‘shayotganini kuzatish mumkin.

“Manas” tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilindi. 2018-yilda mazkur dasturlar bajarilishi natijasida mamlakatimizning yuzlab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda – 17-yanvar kuni qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Farmonga asosan endi Xalq qabulxonalari aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlashi natijasida, har bir mahalla ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish darajasi toifalarga bo‘linadi. Bu tadbirlar kelgusida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga tushadigan mahalla va qishloqlarning adolatli tanlanishini ta’minlaydi. Bugun bizning oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri –  dastlabki bosqichlarda ahvoli eng og‘ir hududlarni to‘g‘ri va maqsadli tanlab olish, ularda olib boriladigan bunyodkorlik ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirishdan iborat.

Farmon doirasida boshlangan ishlardan yana biri – “Hudud” axborot tizimining takomillashtirilishi, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning integratsiya qilinishidir. Bunday global tizimning analogi ham xalqaro tajribada doim uchrayvermaydi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshirig‘i asosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari kabi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Orol bo‘yida global ekologik muammo ta’sirlarini kamaytirish bo‘yicha yirik loyiha ham amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash, sahroda yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar – qum-tuz ko‘chishining, sahro kengayishining oldini olish maqsadida 500 ming gektar maydonda o‘rmonzor barpo qilinmoqda. Shu kungacha Orol tubining 338 ming 178 gektardan ortiq maydoni saksovul ekish uchun tayyorlandi, 109 ming 851 gektar maydonda 443,3 tonnadan ortiq saksovul urug‘lari ekildi, shundan texnikalar borolmaydigan 60 ming gektar maydonga aviatsiya yordamida urug‘ qadaldi. Qisqa muddatda ekologik muammolarni yechishda bunday yirik masshtabdagi harakat mamlakatimiz tarixida oxirgi chorak asrda kuzatilmaganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech