29 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,3 °C

Moliya
12 Mart  2020 1599

Mayda pullar va tangalar nega muomaladan chiqariladi?

Xabaringiz bor, 2020-yil 1-martdan 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatidagi tanga va banknotlar muomaladan chiqarildi.

Bu holatning sababini Markaziy bank mutaxassisi quyidagicha izohlaydi:

Markaziy bankning 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada bo‘lsa, O‘zbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 50 so‘m, 100 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m, 1000 so‘m, 5000 so‘m, 10 000 so‘m, 50 000 so‘m, 100 000 so‘m) nominaldagi banknotlar mavjud.

 Ma’lumot uchun: 2019-yilning 1-iyulidan 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlar muomaladan chiqarildi. 2020-yilning 1 iyulidan boshlab 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotadi.

Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko‘ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga ko‘rinishida) o‘rtacha kunlik ish haqining mingdan bir qismini tashkil etishi lozim.

Mazkur hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil yakunida o‘rtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming so‘m, daromad solig‘i chegirilganda 2 045,6 ming so‘m). Shunga ko‘ra, respublikamizda naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.

Bundan tashqari, 1994-2001-yillarda muomalaga kiritilgan 25 so‘mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, narxlar o‘zgarishi kabi omillar ta’sirida tabiiy ravishda muomaladan chiqib ketgan bo‘lib, bugungi kunda naqd puldagi to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.

Ushbu nominal qiymatdagi pul belgilariga talab bo‘lmaganligi sababli, 2006-yildan buyon Markaziy bank tomonidan ham bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarilmayapti.

Shunday qilib, Markaziy bankning 2019-yil sentyabr oyida qabul qilgan tegishli nizomiga ko‘ra, 25 so‘m va undan kichik qiymatdagi eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi va ularni ayirboshlash 2021-yil 1-yanvargacha davom etadi.

Jahon amaliyotida ham ayrim pul belgilarni nulifikatsiya qilish – qiymatini yo‘qotish amaliyoti qo‘llaniladi.

Misol uchun, amalda to‘lov qobiliyatini va qadrini yo‘qotgan mayda qiymatdagi pul belgilarini muomaladan qaytarib olish, yaxlitlash kabi jarayonlar 2003, 2004, 2013, 2015-yillarda Belorusda, 2001-yilda Qozog‘istonda, 2011-yilda esa Qirg‘izistonda amalga oshirilgan.

Shuningdek, Kanada, Ukraina hamda yevro hududdagi Finlyandiya, Irlandiya, Niderlandiya, Belgiya kabi davlatlarda ham naqd pullar tarkibini optimallashtirishda kichik nominaldagi pul belgilarini yaxlitlash borasida islohotlar qilingan.

Respublikamizda eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018-yil namunasidagi 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolayotganligini inobatga olib, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatishda naqd pulda amalga oshiriladigan to‘lovlarni 50 so‘mga yaxlitlash lozim bo‘ladi.

Xuddi shunday chakana savdo korxonalariga ham aholi tomonidan xarid qilingan tovarlar uchun to‘lovlar naqd pul shaklida amalga oshirilganda, tovarlar umumiy qiymatini yuqoridagi tartib asosida 50 so‘mga yaxlitlagan holda hisob-kitob qilinishi tavsiya etiladi.

Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tadbiq etilmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitob hujjatlarida (to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi va boshqalar) summalar yaxlitlanmasdan to‘lig‘icha qayd etiladi va qayd etilgan summaga operatsiyalar amalga oshiriladi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech