17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,1 °C

Xalqaro munosabatlar
28 Dekabr  2018 1659
OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari avvalo Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.
 
Koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlashning istiqbolli yoʻnalishlari va aniq loyihalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
 
Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarining rivoji jadal surʼat kasb etgani hamda strategik sheriklik darajasiga chiqqani alohida qayd etildi.
 
Bunga, avvalo, Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining joriy yilda boʻlib oʻtgan tarixiy davlat tashriflaridagi kelishuvlar natijasida erishildi.
 
Oʻzaro vizasiz tartib joriy etildi, Davlat chegarasidagi barcha oʻtish punktlarining faoliyati qayta tiklandi. Chegaradosh hududlar oʻrtasida muntazam almashinuvlar yoʻlga qoʻyildi.
 
Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda.
 
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Elektr energiyasi va tabiiy gazni barqaror yetkazib berish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlik qilinmoqda, avtomobil qatnovi va aviaparvozlar yoʻlga qoʻyildi.
 
Prezidentlar madaniy-gumanitar muloqot izchil kengayib borayotgani, Oʻzbekiston va Tojikistonda oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda mamlakatlarimiz ijodiy jamoalari muntazam ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
 
Toshkent va Dushanbeda oʻtkazilgan “Doʻstlik kechalari” mamlakatlarimiz va xalqlarimiz madaniy-maʼnaviy yaqinligining yorqin ifodasi boʻldi. Samarqand va Dushanbeda Navoiy bilan Jomiy haykallari oʻrnatildi.
 
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari farovonligi yoʻlida bundan buyon ham kengaytirish hamda mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.
 
Yakunda Prezidentlar yana bir bor yangi – 2019-yilda mamlakatlarimizning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech