26 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

Ijtimoiy hayot
11 Mart  2020 2313

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday qulaylik yaratiladi?

Tug‘ma xastalik yoki hayot davomida orttirilgan biror og‘ir kasallik va favqulodda holatlar tufayli mehnat qobiliyatini yo‘qotgan inson o‘zgalarning doimiy ko‘magi, mehr-e’tiboriga muhtoj bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun sayyoramizda nogironligi bo‘lgan salkam bir milliardga yaqin shaxs hayot kechirmoqda. Yurtimizda ularning soni 670 ming nafardan ortiq.

Mamlakatimizda aholining ushbu qatlamini manzilli ijtimoiy himoya qilish, keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga tibbiy-ijtimoiy yordamning barqaror tizimini yaratish ishlari jadal davom etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017-yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Mazkur hujjatda belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida keyingi yillarda oltmish to‘rt ming nafar yolg‘iz keksa, pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxs uyida tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olindi. Reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlariga muhtojlarga yuz ming dona shunday vosita yetkazib berildi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ikki yuz milliard so‘mlikdan ko‘proq qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Xitoy ajratgan grant mablag‘lari hisobiga Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlariga 4,7 million dollarlik zamonaviy tashxislash va davolash asbob-uskunalari o‘rnatildi. 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar va aholining boshqa nochor qatlamlari vakillaridan o‘ttiz besh ming nafari sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj 3,6 ming nafar yakka-yolg‘iz pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxs har oy 15 turdagi oziq-ovqat va gigiena vositasi bilan bepul ta’minlanmoqda.

Shu bilan birga, sohada yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina. Jumladan, protezlash yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli tarzda ilmiy izlanishlar olib borilmagani sababli soha rivoji to‘xtab qolgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati bilan qamrab olish ko‘rsatkichi juda past. Ya’ni har yili bor-yo‘g‘i uch foizdan ko‘proq bemorga bu yo‘nalishda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Prezidentimizning shu yil 2-mart kuni qabul qilingan «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bu chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Avvalo, zamon talabidan kelib chiqib, sohaning huquqiy asosini takomillashtirish dolzarb ahamiyatga ega.

Aytish kerakki, «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonun qabul qilinganiga o‘n to‘rt yil bo‘ldi. Mazkur hujjatda nogironlikka, asosan, tibbiy tushuncha sifatida yondashilib, bunday insonlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvini ta’minlash borasida huquqiy asoslar yetarli darajada aks ettirilmagan. Vaqt o‘tishi bilan sohaga yangicha yondashuvlar kirib kelmoqda. Masalan, BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, «nogiron» so‘zi o‘rniga «nogironligi bo‘lgan shaxs» atamasi tatbiq etildi. Bundan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning munosib turmush kechirishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishdir.

 Shu munosabat bilan xalqaro tamoyillar va milliy qonunchilik tajribamizdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoyalash bo‘yicha yangi qonun ishlab chiqish va qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Qo‘mitamiz tomonidan ishlab chiqilgan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida ana shunday ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topgan. Loyihada BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablaridan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini muhofazalash sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, milliy qonunchilikda «nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish», «nogironligi bo‘lgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari», «protez-ortopediya buyumlari», «abilitatsiya», «surdotarjima», «surdotexnik vositalar», «tiflotexnik vositalar» kabi yangi tushunchalar birinchi marta aks ettirilmoqda.

Aytish kerakki, nogironligi bo‘lgan shaxslar munosib hayot kechirishi uchun ko‘chalarda, jamoat joylarda, bino va ishootlarga kirish-chiqishda, jamoat transportidan foydalanishda ham muayyan qulayliklar yaratilishi lozim. Qonun loyihasida ana shu masalalar ham e’tiborga olingan. Masalan, jamoat transportlarida bunday insonlar bemalol harakatlanishi uchun qulay imkoniyat yaratish, jumladan, eshitish a’zolari zaiflar uchun axborot tablolari o‘rnatish, ko‘zi ojizlar uchun bekatlarni  e’lon qilish majburiyligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yashash joyini mustaqil tanlash va yashash joyidan qat’i nazar, ijtimoiy va boshqa turdagi xizmatlardan foydalanish huquqi ta’minlanishi to‘g‘risida alohida moddalar kiritilmoqda. Uy-joy, imtiyozli ipoteka kreditlarini olishda ularga ustunlik berish, imkoniyatiga mos yashash sharoitlariga ega bo‘lish huquqini ta’minlash ham e’tiborga olingan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy himoyasi haqida so‘z yuritganda, nogironlikni belgilash, nogironlikni qayta-qayta tasdiqlash kabi muammolar e’tirozlarga sabab bo‘layotgani bor haqiqat. Bu muammo yuzaga kelishining ham o‘ziga xos sabablari bor. Hozirgi kunda davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tibbiy mehnat ekspertizasi komissiyalariga taqdim qilinadigan hujjatlarni tayyorlash hamda ularni yuborish masalalari aniq qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan. Shuningdek, belgilangan muddatdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagani sababli ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslardan ham har olti oyda yoki yiliga bir marta shifoxonalarda davolanish talab qilinmoqda.

Bu muammolarni hal etish maqsadida nogironlikni belgilash mexanizmlarini va uning muddatlarini, tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surilmokda. Xususan, nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan bemorni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qilish maqsadida bunday bemorlarni aniqlash va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish vazifasini sog‘liqni saqlash organlari zimmasiga yuklash  tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.

Ayni paytda qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, nogironlar uyushmasi kabi bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Shuningdek, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflari asosida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanyapti. Asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va jamiyatimizda inson huquqlari va manfaatlari muhofazasiga oid chora-tadbirlarni kengaytirishdir.

 Muxtor HOJIMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech