19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,4 °C

Salomatlik
14 Iyun  2019 925

Nishon tumani tibbiyot birlashmasidagi holat bo‘yicha SSV rasmiy ma’lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqqa tayyorlash bo‘limida ahvol achinarli ekani, ayollar va bolalar shifoxona yo‘laklarida yotib davolanayotgani aks etgan material va surat tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.

Bugungi kunda Nishon tumanida istiqomat qilayotgan qirq ming nafardan ziyod fertil yoshdagi ayollarga hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari orqali tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida esa tug‘ruq majmuasi, ginekologiya va homiladorlar patologiyasi bo‘limlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Tolimarjon shifoxonasida ham bu maqsadlar uchun sakkizta o‘rin ajratilgan.

– Vaziyat o‘rganilganda, tuman tug‘ruq bo‘limi, homiladorlar patologiyasi va ginekologiya bo‘limlarida yo‘lakda yotib davolanayotgan bemorlar aniqlanmadi, – deydi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Shavkat Amirov. – Biroq, yuqoridagi holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar jarayonida haqiqatan ham 11-iyun kuni bemorlar bo‘limdagi o‘rinlariga joylashguniga qadar o‘zlari va yaqin qarindoshlari yerga joy to‘shab yotib olgani ma'lum bo‘ldi.

Bunday jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygani, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va bo‘limda nazoratni susaytirgani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari M.Xalilova, Tug‘ruq majmuasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Sazanbaevalar vazifasidan ozod etildi. Homiladorlar patologiyasi bo‘limi vrachi B.Esanovaga esa intizomiy jazo qo‘llanilib, o‘rtacha ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarimaga tortildi.

            Shifoxonada qat'iy nazorat o‘rnatmagani, bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmagani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Yo.Shonazarov ogohlantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida kelgusida bunday muammolar kelib chiqmasligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech