14 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,4 °C

Ijtimoiy hayot
30 Iyul  2019 971

Namunali oilalar ko‘payaversin…

yoxud buyuklikka intilgan oila

Huquqiy demokratik davlatni shakllantirishda oilaning o‘rni beqiyos. Chunki uning zimmasiga barkamol avlodni tarbiyalash va milliy qadriyatlarimizni avloddan-avlodga yetkazishdek ma'suliyatli vazifa yuklangan. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 14-bobi ham to‘liq oilaga bag‘ishlangan, shuningdek, 1998-yilda qabul qilingan Oila Kodeksida yurtimizda oilaning huquqiy maqomi har tomonlama mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq respublika miqyosida belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan ulkan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Oila institutini mustahkamlash, «Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat» konseptual g‘oyasini hayotga tadbiq etib, davlat siyosatini amalga oshirish, oilalar reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishi, yurtimiz farovonligi va xavfsizligini ta’minlash, oilalardagi ichki munosabatlarni yaxshilash, yoshlarni hayotga tayyorlash, ajrimlarning oldini olish maqsadida «Eng namunali oila» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilgan ushbu ko‘rik-tanlovda qoraqalpog‘istonlik Rustem Aybergenovlar oilasi ham ishtirok etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Quyida ushbu namunali oilaning qo‘lga kiritgan yutuqlari, hayot tarzi haqida so‘z yuritamiz.

Sport va musiqa

Oila boshlig‘idan boshlasak. Rustem Aybergenov Nukus shahrida tug‘ilib-o‘sdi. Maktab davridayoq sportga juda qiziqdi va ana shu qiziqishi uni dzyudo seksiyasiga yetakladi. Erinmay, ko‘p mashq qildi, qator musobaqalarda g‘olib bo‘ldi ham. Qahramonimiz shuningdek, musiqa maktabida akkordeon, g‘ijjak, gitara sozlarida chalishni, ashula aytishni ham o‘rgangan.

Maktabni tamomlagach, Almatidagi Energetika institutining elektromexanika fakultetiga o‘qishga kirdi. Hariy xizmatdan so‘ng oilasi bag‘riga qaytdi. Onasi betob bo‘lgani sababli Energetika institutidagi o‘qishni tashlashiga to‘g‘ri keldi.

Lekin, chekinmadi va yurisprudensiya yo‘nalishi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Faoliyatini 1990-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida kotib-mashinist lavozimidan boshlagan. Vazirlik huzurida tashkil etilgan «Dinamo» sport klubining doimiy a’zosiga aylandi, ko‘plab shogirdlar tayyorladi.

U yoshlar o‘rtasida qiziqish juda katta bo‘lgan kulturizmning respublikamizga kirib kelishiga (1990-1992-yillar) hissa qo‘shdi. Rustem Aybergenovning tushuntirishicha, kulturizm (fransuzcha culturisme — tana madaniyati) yoki bodibilding (inglizcha body — tana i building — qurilish)  bu – mushaklarni rivojlantirishda, insonda chiroyli qomat shakllanishida, salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bugun zalda tananing barcha  mushaklarini rivojlantirishga yordam beruvchi trenajyorlar ko‘p.

Undagi salohiyat va ishchanlik ko‘zga tashlanib, 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona boshqarmasiga ishga taklif etildi. Bojxona boshqarmasida ishlash bilan birga 1997-yilda Qozog‘istonda yuridik soha bo‘yicha universitetni tamomladi.

Xorijiy davlatlar bilan eksport-import faoliyatini yuritayotgan «Elite» qo‘shma korxonasida maslahatchi-yurist bo‘lib ishladi. Keyinchalik korxona direktoriga aylandi. «Ba’zan juda qiyin bo‘lardi, chunki o‘sha vaqtlarda tadbirkorlarga bugungiday imkoniyatlar yo‘q edi», eslaydi o‘zi.

2003-yilda «Qoraqalpoqelektrtarmoqlari» OAJga maslahatchi-yurist bo‘lib ishga kirdi. U yerda elektr energiyasi to‘lovlari bilan bog‘liq ancha qarzdorliklar yig‘ilib qolgan ekan. Xullas, aholining qarzlarni qoplashi borasida ishlashiga to‘g‘ri keldi va ular sekin-asta yopilib, kamaya boshladi.

2009-yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekistonda hakamlik sudyasining eng asosiy hal qilinishi lozim masalalari biznes mediatsiyasiga kirish» mavzusidagi seminarda ishtirok etdi.

«Seminar yakunida menga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi arbitraj Hakamlik sudyasi degan hujjat berildi. Shu yili Slovakiyaning Bratislava shahrida Xalqaro arbitraj sudyalarini tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda ishtirok etdim. Seminar yakunida Xalqaro Hakamlik sudyasi sertifikati topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston filiali huzuridagi Hakamlik sudyasi bo‘lib ishlash nasib etdi. Turmush o‘rtog‘im Dilbarxon To‘remuratova bilan ikki o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdik. Ular o‘zlari istagan mutaxassislik bo‘yicha Qoraqalpog‘iston davlat universitetida ta'lim olishmoqda», – deydi R. Aybergenov.

Har nimaga bir nima sabab...

«O‘zim sportni, badiiy kitob mutolaasini yaxshi ko‘raman. Maktabdayoq shifokor bo‘lishni orzu qilardim, – deydi Dilbarxon. – Nukus shahridagi 1-tibbiyot bilim yurtining umumiy hamshiralik bo‘limida o‘qishni tamomlagach, yo‘llanma asosida shaharning 4-son poliklinikasiga ishga keldim».

Rustem bilan tanishuvi o‘ziga xos tarzda kechgan.

«Xonamda be'morlarning kartalarini to‘ldirib o‘tirgandim. Bir yigit kirib kelib, shifokorni so‘radi, – hikoya qiladi D.To‘remuratova. – Unga hozir kelishini aytdim va qanday masalada kelganiga qiziqdim. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak ekan. Ko‘zlari kulib turuvchi, fe'l-atvori ochiqqina... Har nimaga bir nima sabab, deganlaridek, bir-birimizga ko‘ngillarimiz yaqin kelib, turmush qurdik».

Oddiygina tanishuv, ammo o‘ziga xosligi ham bor gap. Dastlab, to‘ng‘ich farzand Aynura, so‘ng birin-ketin Aydos, Baxtiyarlar tug‘ilgan. Turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarini birga tarbiyalashdi. Dastlab, bog‘chada har xil to‘garaklarga berishdi, so‘ng uchchalasiniyam musiqa maktabida o‘qitishdi. Bundan tashqari, farzandlari ingliz tilini ham parallel ravishda o‘rganishdi, kechki paytlari karate, aykido bilan shug‘ullanishga borishardi. Ulg‘ayishgach, oliy o‘quv yurtlariga kirishdi. Xullas, bor e'tibor ularning salomatligi, yaxshi bilim va tarbiya olishiga qaratildi.

Shuningdek, Dilbarxon Nukus shahridagi 50-son «Bereket» MFYda xotin-qizlarni yarashtirish komissiyasi a'zosi ham. Hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida, to‘y-marosimlarda isrofgarchilikga yo‘l qo‘ymaslik, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olishda bor kuch va tajribasini ishga solmoqda.

«2018-yilda O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilgan «Eng namunali oila» ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rin bizning oilaga nasib qildi, – deydi u. – Farzandlarimiz bor iqtidori va mahoratini namoyish etishdi. Musobaqa reglamenti bo‘yicha qo‘yilgan shartlardan biri – oila a'zolari ishtirokidagi spektakl ham juda yaxshi chiqdi. Uni sahnalashtirishda yaqindan yordam bergan Qalli Ayimbetov nomidagi musiqa maktabi aktrisasi Gulsara Jumaniyazova, Jenisgul Nurg‘alieva, rassom Qural Aytmuratov, rejissyor Bekmuhammed Abdullaevlardan cheksiz minnatdormiz. Ayniqsa, homiylik yordami ko‘rsatgan shahar hokimi Paraxat Tureshovga, Nukus shahar Xotin-qizlar qo‘mitasiga, «Bereket» MFYga qancha tashakkurlar aytsang, oz. Yana bir gap, birovga pand-nasihat qilishdan oldin o‘zingning ham oilang namunali bo‘lishi kerak ekan. Shundagina maslahatlaringga amal qilishadi».

Jonkuyarlik va ulkan shijoat bilan...

Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston  Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan salmoqli hissasi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Rustem Aybergenov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Faxriy yorligi bilan mukofotlandi.

«Ushbu mukofot yanada yaxshi ishlab, xalqimizga fidokorona xizmat qilishga kuch-quvvat bag‘ishladi, – deydi Rustem Aybergenov. – 2009-yilda respublikada aykidoni rivojlantirish va ommalashtirishga qo‘shgan hissam uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligining 1-darajali diplomi bilan taqdirlandim».

2011–yilda rahbarlar topshirig‘i bilan Taxiatosh shahrida yangi ochilgan «Taxiatosh inter servis» korxonasiga rahbarlik qildi. Oradan ikki yil o‘tib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fermerlar Kengashida huquqiy masalalar bo‘yicha bosh mutaxassis bo‘lib faoliyat yuritdi.

Keyin Xitoyning «Zelyonaya rasteniya izvlech» MChJda huquqiy masalalar bo‘yicha bosh mutaxassis bo‘lib ishlay boshladi. Yangi korxonaga bir yarim million dollar investitsiya kiritilib, qizilmiya tomirini qayta ishlaydigan zavod uskunalarini olib kelindi. Investorlar huquqini himoya qilish, bojxona ishlari, ichki ishlar bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tish, shtatlar jadvalini kerakli mutaxassislar bilan to‘ldirish, turli shartnomalar tuzish, ularga tegishli xulosa chiqarish bilan shug‘ullandi. Xullas, qaerda faoliyat olib bormasin, jonkuyarlik va ulkan shijoat bilan ishladi...

Bahamjihat ish – samarali

2017-yildan buyon «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida yurist-maslahatchi bo‘lib ishlamoqda. «Kamchiliksiz ish bo‘lmaydi. Lekin xato-kamchiliklarni vaqtida bartaraf etib, olg‘a intilish lozim. Ammo u bahamjihat qilinsagina, samara beradi», – deydi R.Aybergenovning o‘zi.

Bir so‘z bilan aytganda, «Eng namunali oila», degan nom osongina qo‘lga kiritilmagan, albatta. Uning ortida tinimsiz harakatlar, izlanishlar, ulkan ma'suliyat, tashkilotchilik, iqtidorni yuzaga chiqarish borasidagi mashaqqatlar yotadi.

Kengesbay SEYDANOV,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi.  

Rasmda: Rustem Aybergenovlar oilasidan lavhalar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech