02 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,9 °C

Moliya
26 Fevral  2020 1654

Yangi soliq tartibi sinovda

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 2020-yil 1-maydan 2021-yil 1-maygacha soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibi sinovdan o‘tkaziladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 107-sonli qarorida belgilab berildi.

Tajriba uchun yuqori sayyohlik salohiyatiga ega, mahalliy va chet ellik mehmonlar uchun jozibali sayyohlik joylarining ko‘p qismi joylashgan Bo‘stonliq tumani tanlandi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, suv transporti, suv mototsikllari, qorda yuradigan texnika vositalari, kvadratsikllar, paraplan va deltaplanlar, shuningdek, supa, so‘ri va shunga o‘xshash dam olish joylari jismoniy shaxslarning daromad manbai hisoblanadi va soliqqa tortiladi.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, yashash uchun mo‘ljallangan turar joylar va boshqa ayrim mol-mulklar maxsus guvohnoma asosida ijaraga beriladi.

Mazkur guvohnoma soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan mulk egasiga bepul taqdim etiladi.

Bu o‘zgarishlar Toshkent viloyatida turistik xizmatlar ko‘lamini yaxshilash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va soliq solinadigan ob’ektlarni hisobga olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan. Bu borada Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqin kunlarda Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 4 ta soliq tayanch punkti tashkil etiladi. Ularda faoliyat yuritadigan xodimlar ushbu qarorda ko‘rsatilgan va soliqqa tortiladigan ko‘char va ko‘chmas mulk ob’ektlarini hisobga oladi.

Tajribadan maqsad soliq to‘lovchilar tomonidan o‘z majburiyatlarini vaqtida, to‘liq va to‘g‘ri bajarilishini ta'minlashdir.

Ushbu tartib-qoidalar tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda oilaviy mehmon uylari va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.

Dam olish xizmatlarini ko‘rsatish faqat ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi, deb xabar beradi DSQ Matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech