22 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +39,6 °C

Ijtimoiy hayot
25 Yanvar  2019 1871

Muhabbat qalbga muhrlanadi, ustunga emas

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri sanaladi. Unga sayohat qilgan har bir insonning ruhi taskin topib, kayfiyati ko‘tariladi. Ayniqsa, Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar maydoni nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlarning ham kunduzgi jaziramadan so‘ng salqinlanishi uchun qulay joydir.

Binobarin, bu yerda turli ommaviy-madaniy tadbirlarning tez-tez o‘tkazilishi dam oluvchilar sonining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Odatda har gal ishdan charchab uyga qaytayotganimda biror sokinroq joy topib, dam olishga harakat qilaman. Bir safar ushbu maydon oldidan o‘tib qoldim. Oftob zabtiga olgan. Dam olish va salqinlashga mo‘ljallangan ayvonchalardan biriga yaqinlashdim. Biroq kayfiyatim tushib ketdi. O‘ymakor ustalar mashaqqati bilan bunyod bo‘lgan, baland yog‘och ustunlariga kelib-ketuvchilarning turli so‘zlarni, ismlarini yozganini ko‘rib, ularga qog‘oz kerak emas ekan-da, degan xulosaga keldim.

«Azizbek + Dilfuza = Love, Shaxi + Hanifa,  Nilu + Mehriniso + Risher + Elmurod = Dostlar...»

Bular ustunlardagi ba'zi bir so‘zlar, xolos. Ba’zi birini misol qilib keltirishdan ham uyalasan kishi. Do‘stligini qalblarga emas, balki mana shu ustunlarga «muhrlab» qoldirishni istagan tengdoshlarimiz bu ishi bilan nimani isbotlamoqchi ekan-a? Qolaversa, viloyatimiz mehmonlari ularning nechog‘li ma'naviyati past ekanligini ko‘rib, yoqa ushlamaydimi?

Ustunlarni kuzatar ekanman, yonimga bir onaxon kelib, so‘z qotdi:

– Bolam, Buxoroda mehmonsiz chog‘i, ustunlarga hayron bo‘lib qarayotganingizga aytaman-da, – deydi o‘zini Nuriya Safarova deb tanishtirgan onaxon. – Men har kuni shu yerga nevaralarimni olib kelaman. Yoshlar uchun shunday ajoyib maydon qurilgan, qancha mevali, manzarali daraxtlar ekilgan. Ko‘rgan ko‘z quvonadi. Ammo gohida ularning daraxt shoxlarini sindirib, anvoyi gullarni uzib, bir oz o‘tgach, shundoq yerga tashlab ketishlarini ko‘rganimda bu yerni obod maskanga aylantirish uchun kecha-kunduz mehnat qilayotganlarga  achinaman. Bu kabi yoshlarga ota-onasi yaxshi tarbiya bermagan, deb o‘ylayman. Oramizda shundaylar borligidan xafa bo‘lib ham ketaman.

Ta’kidlash kerakki, yashab turgan makonimizning obodligi, ozodaligiga qarab bizga baho beriladi. Bu ishimiz minglab insonlar zahmati, sa’y-harakati evaziga chiroy ochayotgan ona shahrimiz husniga dog‘ bo‘lib tushishini unutmaylik.

Feruzbek Sayfullayev

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech