19 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13 °C

Bo‘sh vaqtda
31 Mart  2019 659

"Miyani tozalash" maxfiy loyihasi

Insonlar ustidan shunday tajribalar o‘tkazishganki, bu istalgan kishini dahshatga soladi…

O‘tgan asrning 1950-yilida «Mayami Nyuz» gazetasi «Miyani yuvish taktikasi» sarlavhasi ostida juda shosh-shuvli maqolani chop etgandi. Xuddi o‘sha damlardan boshlab «breyn uoshing» atamasi halqaro leksikon (lug‘at)dan mustahkam o‘rin egalladi. Maqola muallifi va tashviqot masalalari bo‘yicha MRBning operativ xodimi Edvard Xanter edi. Jurnalistika uning uchun niqob vazifasini o‘tagan. Keyinchalik esa ana shu mavzuga bag‘ishlangan qator kitoblar yozdi. U o‘z asarlarida xitoycha «si-nao» («miyani tozalash») atamasini tilga olgan. Ammo ushbu so‘zga Xitoyda hech qanday siyosiy tus berilmaydi.

Miyani tozalash, yuvish texnikasi MRB tomonidan «Ko‘k qush» loyihasi ostida ishlab chiqilgan, keyin esa «Artishok» (artishok ― o‘tsimon poliz o‘simligi ma’nosini ham beradi) deb nomlangan. 1953-yilning 3-aprelidan boshlab esa loyiha yangi kodli «MK-Ultra» nomini oldi. Tajribalarning maqsadi juda qo‘rqinchli bo‘lgan. Odamga nafaqat ta’sir ko‘rsatish, balki uning fikrlashini butunlay, tubdan o‘zgartirib yuborish, xotirasini o‘chirish edi.

Bundan tashqari, ushbu loyiha tashabbuskorlarini Koreya urushida asirga tushgan Amerika askarlarining butunlay o‘zgarib qolgani ham juda tashvishga solardi. Ular barcha ishga burnini suqib, AQSh va uning siyosatini yomonlab, qoralay boshlashgan. Frontdan xabar berishlaricha, ularning Shimoldagi radiotashviqot kanallari orqali chiqishlari «Moskva va Pekin safsatasi bilan to‘lib toshgan edi».

Buning ustiga asirlikdan ozod qilinib, o‘z vatanlariga qaytib kelgan o‘sha bir paytlar vatanparvarlik ruhida yongan askarlar o‘z ona tuprog‘ida ham tinch yurishmadi. Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlab, turli varaqalar tarqatishardi va hatto, o‘sha davlatni kommunistlarga berishni talab qilishardi.

Koreya urushi oxirida 70 foiz amerikalik harbiy asirlar, Xitoyda esa ularning soni 7190 ta edi, yo jinoyatga qo‘l urishganini tan olishgan yoki Osiyoda urushni to‘xtatish chaqiriqlari ostiga o‘z imzolarini qo‘yishgan. Ulardan 15 foizi xitoyliklar bilan to‘liq hamkorlik qilgan va faqat 5 foizigina turli bosimlarga dosh bera olgan. Amerikaliklarning o‘zini tutishlari inglizlar, avstraliyaliklar, turklar va BMTning boshqa harbiy asirlariniki bilan taqqoslaganda, ularning foydasiga ishlamagan. Ular orasida kollaboratsionizm (o‘z vatani dushmanlari bilan hamkorlik qilish, xoinlik) juda kam uchraydigan holat edi. Biroq ularga ham munosabat xuddi amerikalik harbiy asirlarga kabi bir xil bo‘lgan. Amerika jamoatchiligi sarosimada va bunga jo‘yali javob talab qilinardi. Bundan tashqari, ular MRBdan ham javob kutardilar.

Hozirgi paytda «Koreya sindromi» juda yaxshi o‘rganilgan, uni, ya’ni insonga ta’sir ko‘rsatishni psixologiyaga bag‘ishlangan deyarli har bir o‘quv manbaida uchratish mumkin. O‘shanda esa bu «notabiiy» transformatsiyani uncha-muncha tajribali kishi ham tushuntirib bera olmasdi. Buni butunlay boshqacha talqin ham qilishgan — kommunistlar go‘yoki insonni butunlay o‘zgartirib yuborish sirini topishgan va bu yerda qandaydir boshqa gap bor bo‘lishi kerak.

MRB direktori Allen Dalles nima sababdan amerikalik askarlar Osiyoda jang qilishni istamayotganlarini aniqlash va buning motivlarini bilish borasidagi ishlarni shaxsan o‘z nazoratiga oldi. Hatto, buning uchun dunyoga mashhur nevrolog Garold Volf ham jalb qilingan. Unga 1953-yilning oxiriga kelib «miyani tozalash» usullari ustidan tadqiqotlar olib borish taklif etildi.

Xuddi ana shundan boshlab o‘sha «sirli kuch»ni izlashga kirishildi. Buni hatto, to‘g‘ri ma’noda ham qabul qilishgan va okkult fanlar bo‘yicha kuchli mutaxassislar ham mazkur ishga jalb qilingan. «Yopinchiq va xanjar» mahkamasida o‘rta asrlarda yozilgan kitoblardan inkvizitsiya qo‘llagan barcha usullarni qunt bilan o‘rgana boshladilar. Yana konsentratsion lagerlardagi natsist amaliyotchi-psixiatrlarning ishlari va usullariga murojaat qilindi.

Shifoxonalar va qamoqxonalarda shifokorlar maxfiy tajribalar o‘tkazib, inson organizmiga marixuana, LSD (lizergamidlar oilasiga mansub yarim sintetik psixoaktiv modda) kabi giyohvand moddalarning ta’sirini o‘rgana boshladilar. Tajribadagi odamlarga LSD vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Ushbu preparatlar kiritilishi to‘xtatilgandan so‘ng ular ongida birorta jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. Ana shunday o‘zgarishlar esa mutaxasislarga suv va havodek zarur edi.

Shundan so‘ng Allen Dalles professor Even Kameronni taklif qildi. Psixiatr va MRB direktori ancha vaqtdan beri tanish edilar. Ular ilk bor Nyurenbergda, 1945-yilning kuzida nemis harbiy asirlari ustidan o‘tkazilgan jarayonda uchrashishgan. Kameron u yoqqa yagona maqsad bilan — suddan oldin Gitlerning sobiq o‘rinbosari Rudolf Gessning ruhiy holatini bilish uchun jo‘natilgandi. Gordon Tomasning o‘z kitobida keltirishicha, Kameron va Dalles o‘rtasida tezdagina iliq munosabatlar paydo bo‘lgan.

Bir paytlar «buyuk depressiya» bo‘ronlaridan qochgan psixiatr AQSh orqali Kanadaga kelib qolgandi. Keyinchalik esa Monrealda o‘zining «Allenning memorial instituti» deb nomlangan psixiatriya klinikasiga asos solgan. Juda yaxshi tibbiy bilim olgan Kameron faqatgina shizofreniyani o‘rganish bilan cheklanib qolgani yo‘q. U o‘z oldiga insonni ta’sir ko‘rsatib boshqarish va uning xatti-harakatlarini nazorat qilish mexanizmini aniqlashni ham maqsad qilgandi.

O‘zining tasdiqlashicha, u «differensial amneziya»ni keltirib chiqara olgan. Ya’ni tajribadagi kishi unutilishi kerak bo‘lgan narsani butunlay unutadi. Aynan ana shunday muammolar bilan ham «Artishok» va «Ultra» loyihasida ham shug‘ullanishgan. Kameron esa ruhiyatga amaliy ta’sir usulini tajribadagilarda qo‘rquv uyg‘otadigan va ularda juda g‘amgin xotiralarni paydo qiladigan jumlalarni juda ko‘p marta takrorlash, mijozini o‘yqudan mahrum qiladigan elektroshok, yoki aksincha, mijozini kuchli uyqu dorilari yordamida haftalab va oylab chuqur uyquga ketkazish usullari bilan boyitdi. Buning bari mijoz shaxsini butunlay o‘zgartirib yuborish uchun amalga oshirilardi. Bunda ularning miyasidan o‘z tarjimai holi, ilgarigi ko‘nikma va dunyoqarashlarini butunlay «yuvib tashlab», o‘rniga yangilarini kiritish asosiy maqsad edi.

Kameronning o‘zi yozgandi: «Mijozlar kursning uch bosqichidan o‘tkaziladi. Birinchisida, ular xotiraning katta qismini yo‘qotadilar. Biroq bunda qaerda va nima uchun ekanliklarini yaxshi tushunadilar. Ikkinchisida, ular makon va zamon haqidagi tasavvurlarini yo‘qotadilar. Biroq shunga qaramay, nimanidir xotirasida saqlab qolishga jon-jahdlari bilan urinadilar, xavotirga tushishadi. To‘g‘ri, ular ushbu bosqichda «qaerdasan?» degan savolga javob bera olishmaydi. Uchinchi bosqichda esa xavotir butunlay yo‘qoladi. Ana shundan so‘ng to‘liq o‘zligini unutish holati boshlanadi».

Me’yoridagi va shizofreniyaga chalingan kishilar shaxsi tabiatidagi o‘zgarishlarni Kameron intensiv elektroshok ta’siri yordamida aniqlashga urinardi. Bunda ko‘pincha uyqu dorilari yordamida mijozlar uxlatib qo‘yish ham keng qo‘llanilardi. Shunday qilib, u inson aqli va xotirasini jon-jon, deb o‘chirishga tayyor turgan psixiatrlardan biri edi. Sal oldinroq, ya’ni 1951-yilda «ARTICHOKE» dasturi doirasida Morze Allen buni «o‘simlikni barpo qilish» deya atagandi. Kameron esa «toza doska» («tabula rasa») usulini o‘zining «differensial amneziya» usuli bilan oqladi va ushbu usulni shizofreniyani davolashda qo‘llash mumkinligini ta’kidladi. Ammo buni biror statistik ma’lumot bilan isbotlamagan. Uning tasdiqlashicha, «to‘liq amneziya»dan so‘ng sekin-asta yana insonning xotirasi o‘ziga qaytadi. Lekin bu safar hech qanday shizofreniya alomatlarisiz. Kameron o‘zining «differensial amneziya» usulini biror dalil-isbotlarsiz keltirgan. Bu juda yaxshi imkoniyat edi. Chunki ushbu usulni juda ko‘p narsa biladigan kishiga nisbatan qo‘llash mumkin edi-da! Ana shu masalalarni yechishga «ARTICHOKE» va «MK ULTRA» loyihasi ishtirokchilari rosa urinishgandi.

MRBdan professor o‘rtadagi vositachi «Insonning yashash muhitini tadqiq qilish jamiyati» orqali 19 ming dollar pul oldi. Shuningdek, klinika direktori pulni olgach, uning oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Tajribalarda shunga erishish kerak ediki, bunda insondagi ayni damda mavjud bo‘lgan xatti-harakatlar stereotipini o‘chirib tashlab, yangisini kiritishga intilish lozim bo‘lardi. Oddiy so‘z bilan aytganda, odam ilgari bilgan barcha maxfiy sirlarni, ishini butunlay unutib, MRBning topshiriqlarini so‘zsiz bajarishi kerak edi.

Kanadada chiqadigan «Liderpost» gazetasining 1980-yil 13-dekabrda chiqqan sonida maxfiy tadqiqotlar haqida shunday faktlar keltiriladi: «Kameron me’yoridagi dozadan 75―100 baravar kuchli bo‘lgan elektroshokdan foydalangan. Bu paytda esa mijozlari magnit tasmasiga yozilgan buyruqlarni soatlab eshitishga majbur qilinardi. Eshitish qobiliyatini to‘qmoq jumlalar bilan bombardimon qilish, ular organizmiga giyohvand moddalar kiritish bilan birga amalga oshirilardi. Bunda mijoz haftalab, hatto, undan ko‘p muddatlar chuqur uyqu ostida bo‘lardi. Bu bilan esa uni barchasini unutishga majbur qilinardi. Keyin esa xatti-harakatlari sun’iy ravishda dasturlashtirilardi».

Kameron usuli bo‘yicha inson shaxsiyatidagi tub o‘zgarishlar «uyqu terapiyasi»ning 15―30 kunlarida namoyoni bo‘lardi. «Davolash kursi»da mijozlar kunni kunga ulab uxlardilar. O‘sha klinikada bir paytlar ishlagan shifokorlardan birining aytishiga qaraganda, ular «uyqu kokteyli» deb nomlagan dorini berish uchun shifokorlardan biri bir bemorni kuniga uch marta uyg‘otar ekan. Dori tarkibi esa 100 mg torazin, 100 mg nembutal, 100 mg sekonal, 150 mg veronal va 10 mg fenergal bo‘lgan.

Boshqa bir shifokor esa o‘sha mijozni elektroshok berish uchun kuniga uch marta uyg‘otgan. U bemor yotgan palataga yordamchisi bilan oddiy mahalliy anesteziya holatini keltirib chiqaradigan mashinani surib kirib kelarkan. Dastlab, mushaklar uchun relaksant kiritilgan. Bu mijox titrayotgan paytda jarohat olmasligi uchun ekanini tushundingiz, albatta. Elektrodlarni sho‘r suvga tiqib, tokni ulaganda yordamchisi bemorni mahkam ushlab turgan. Bir martaning o‘zida mijoz kuniga yoki kun ora soniyaning ulushlari orasida 110 V elektr zaryadi qabul qilgan. Kameronning o‘zi esa kuniga 2―3 marta va 20―30 marta ko‘proq davom etadigan 150 V kuchlanishdan foydalangan ekan. Hatto, ushbu usulni ixtiro qilgan Peydj va Rassellar ham kuniga bir martalik elektroshok bilan cheklanishgan. Bunda ular mijoz buni umuman xohlamaganda amalga oshirishmagan ham. Biroq Kameronga bunday alomatlar moyday yoqib tushardi va buni sog‘ayish, dasturning to‘liq amalga oshirilishi, deb tasdiqlardi.

Mijozlarining quloqni qomatga keltirar darajadagi baqirishlari ham Kameronni bu ishidan to‘xtatib qololmasdi. Keyinchalik bemorlardan birining eslashicha, «davolash» o‘tkazilayotgan xonalardan ko‘pchilik chetlab o‘tarkan va hech qasi bemor unga yaqinlashishga jur’at qila olmas ekan.

Kameronning o‘zi esa elektroshok va uyqu terapiyasini omixtalashtirilgan davolash usuli deb atagan. Bunday terapiya 15―30 kun davom etsa, ayrim mijozlar uchun 65 kun vaqt ketgan. Ba’zi hollarda esa preparatlar o‘z ta’sirini yo‘qotgandan so‘ng mijozlar qochishga urinishgan. «Ammo ko‘pincha klinika xodimlari darrov ularni tutib olishardi», deya eslaydi Loren. G.Kameronning usuli bilan yaxshi tanish bo‘lgan shifokorlardan birining aytishicha, mijozlarni davolash paytida yurishga majbur qilish juda qiyin bo‘larkan. Yurganlari ham kuchli karaxtlikda, zombilar kabi yo‘lakdan harakatlanisharkan. «Bir xillari esa umuman o‘zini va es-hushini yig‘ishtirib ololmasdi», deya eslaydi u.

1957-yilda esa Kameron sensor hissiyotlarni yo‘qotish ustida tadqiqotlar olib bora boshladi. Buning mohiyati quyidagicha edi. Tajribadagi kishini kichik qorong‘i xonaga olib kirib yotqizishardi, keyin unga qora ko‘zoynak taqib, qulog‘iga naushnik kiydirilardi. Ana shu yo‘l bilan ular dunyodan to‘liq izolyasiya qilingan. Shunday izolyasiyadan so‘ng bir necha sutka vaqt o‘tgach, mijoz ovozining boricha baqirardi va hatto, o‘kirib yig‘lay boshlardi. Mijozlar esa ana shunday izolyasiyani 40 soatdan 35 kungacha boshidan kechirishgan. Keyin esa yana naq 101 kunga boshqacha ko‘rinishdagi izolyasiyaga mahkum qilinardi. Ma’lum bo‘lishicha, izolyasiya usuli bilan qanchalik kuchli va badoshli bo‘lmasin istalgan odamni «sindirish» mumkin ekan. Keyinchalik ana shu usuldan MRB keng foydalana boshladi. Bunda josuslikda gumon qilinayotganlar bir necha kun ichida sinib, «yorilardi».

Kameron MRBga qilgan taklifida ko‘rsatilishicha, tajribalar chog‘ida u Janubiy Amerikada bo‘ladigan kurare zahridan foydalanishni ham ko‘rsatib o‘tgan ekan. Ushbu zahar kam dozalarda qisman falajlanishni keltirib chiqaradi va ma’lum a’zolarni shol qilib qo‘yadi.

Yaxshiyamki, 1964-yil noma’lum sabablarga ko‘ra, Kameron o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 1967-yilda, 66 yoshida esa toqqa ko‘tarilayotganda vafot etdi.

Amerikada chiqadigan psxiatriyaga bag‘ishlangan jurnal sahifalarida uning portreti va tagida ta’ziyanomasi e’lon qilindi. Oradan o‘n yil o‘tib esa, ya’ni 1977-yilda «Nyu-York Tayms» gazetasi AQSh MRB bilan Monrealdagi psixiatriya klinikasi o‘rtasidagi maxfiy aloqalarni oshkor qildi. Ana shunday maqola bosilgandan so‘ng kilinikaning sobiq to‘qqiz mijozi MRB ustidan sudga da’vo arizasi berishdi.

O‘n yildan ortiq vaqt mobaynida MRB Kameron bilan hamkorlik qilganini tan olmadi va rad etdi. Nihoyat, 1988 yilda Amerika va Kanada jamoatchiligining kuchli ta’siri va rad etib bo‘lmas dallillari asosida MRBning yangi direktori «jabrlanuvchilar» bilan kelishib olishga farmoyish berdi. Ularga 750 mln. dollar tovon puli to‘langan.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech