15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,8 °C

Salomatlik
25 Mart  2019 1824

Sog‘liqni saqlash vaziri navbatdagi salomatlik kuniga start berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri “Salomatlik sari qadam kuni”, deya nomlandi.

 

Poytaxtimizdagi Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobog‘da jam bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi.

Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to‘siqlardan o‘tish estafetasi hamda xalqa aylantirish sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo‘g‘imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qo‘llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a'zolari va tizimlari ishi rag‘batlantiriladi.

– Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha statsionar shifoxonalarga ham sig‘may qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o‘zi uchun ham jiddiy tashvishdir, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Shu bois sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim bo‘ladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga e'tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo‘yayotgani ham bejiz emas. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me'yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg‘irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o‘zingizni baxtli his qilasiz, tushkunlikni yengasiz.

Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari”, “Jismoniy faollikning inson organizmiga ta'siri” mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech