03 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,6 °C

Mamlakatimizda
24 Iyun  2019 1188

MIB direktori o‘rinbosari: “Xodimlarimiz birorta badiiy kitob o‘qimasa, imtihondan o‘tkazilmaydi”

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda MIB tizimidagi xodimlarning malakasini oshirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Ma'lum qilinishicha, tuman yoki boshqa bo‘lim rahbarlari belgilangan attestatsiyadan o‘tayotgan vaqtda birinchi bo‘lib “Siz qaysi badiiy kitobni o‘qigansiz?” mazmunidagi savol beriladi.

– Agar xodim ma'lum vaqt ichida birorta badiiy kitob o‘qimasa, berilgan savollarga javob bera olmasa, u imtihondan o‘tkazilmaydi, — dedi MIB direktori o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyev. — Boshqatdan tayyorlanishiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, vatanparvarlik ruhida yozilgan xalq og‘zaki ijodi namunalaridan savollar beramiz. Vatani uchun jon fido qilgan haqiqiy vatanparvar bo‘lgan jadidchilar hayotini o‘rganishga majbur qilamiz. Bizga vatanparvar xodimlar kerak. Ulardan vatanparvarlik ruhida ishlashni talab qilamiz.

Muloqot davomida xodimlarni vatan va xalq dardida yashashga undash uchun olib boriladigan targ‘ibot ishlari faqat imtihonlar doirasida cheklanib qolmasligi, bu borada boshqa amaliyotlar ham yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi.

– O‘zbekistonning istalgan chekkasida joylashgan MIB binosiga kirsangiz, hazrat Alisher Navoiyning quyidagi jumlasiga duch kelasiz:

Kimki bir ko‘ngli buzuqni xotirin shod aylagay,

Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay,

— deya so‘zida davom etdi Berdialiyev. — Nima uchun bu hikmatni biz o‘sha yerga yozib qo‘ymoqdamiz. Xodimlarimiz doimiy ravishda xalq bilan ishlaydi. Bizga doim qiynalgan va yordamga muhtoj insonlar keladi. Ularning dardini eshitib yordam qilsak, shunchalik katta savobga ega chiqamiz”.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech