16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,9 °C

Bo‘sh vaqtda
20 Sentyabr  2019 565

Metin bardosh

onam Normetova Zaynab haqida hayotiy voqyealar

Onam Normetova Zaynab. 1933-yilda Samarqandda olingan surat.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, oila qurishidan oldin onamizning familiyasi Normetova Zaynab bo‘lgan, turmushga chiqqandan so‘ng Musayeva Zaynabga o‘zgargan. 1914-yilning 12-martida Sijjak qishlog‘ida tug‘ilgan va 1967-yil 19-oktyabrda olamdan o‘tgan (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin). To‘qqizta bolaning ota-onasi Musayev Muslim va Musayeva Xolbi ham olamdan o‘tganlar, qolganlari hayot.

Sirojov Yo‘ldosh,

Normetova Zaynab onamizning jiyani:

«Zaynab ammam Chimkentda 1926-1927-yillarda Ishchilar fakulteti («Rabfak»)da ta’lim olgan va o‘qimishli bo‘lgan. Fayzulla Mayusupboy Qozi o‘g‘li tog‘asi ekan. O‘qishi paytida chimkentlik bir yigit uni yaxshi ko‘rib qolib, yo‘lini to‘savergan. Xullas, nima qilishni bilmay qolgan onamiz bu haqda tog‘asiga aytishga majbur bo‘lgan. Fayzulla tog‘amiz o‘sha yigit bilan gaplashib, uning shu yerda o‘qigani va maktab direktori ekanini bilibdi. Yigitning familiyasi noma’lum, ismi Usmonali bo‘lgan deyishadi. Xullas, tog‘asi Chimkentda yigitning ota-onasi bilan gaplashib, Zaynab onamizni unashtirishib, to‘y qilib bergan ekan. 1929-yilda ulardan qiz farzand tug‘ilgan. Ana shu opamiz hozir hayot, sakkiz farzandning onasi».

Bu opamizning familiyasi Musayeva Qorasoch, asli ismi Xalima. U Zaynab onamizning ikkinchi turmush o‘rtog‘i, ya’ni otamizning familiyasini olgan. Qorasoch opamiz o‘z otasini ko‘rmagan, faqat onasi orqali ismini biladi. Chunki to‘yidan so‘ng taxminan olti-yetti oy o‘tib, otasini quloq sifatida qamab, uylarini yoqib yuborishgan. Zaynab onamiz ne-ne mashaqqatlaru qiyinchiliklar bilan Sijjak qishlog‘iga yetib kelsa, Fayzulla tog‘asi ham quloq sifatida surgun qilinib, qamalib ketibdi. Shu-shu onamiz tog‘asini boshqa ko‘rmagan.

Shu o‘rinda Fayzulla tog‘amiz haqida ikki og‘iz keltirib o‘tsam.

Tog‘am Fayzulla Mayusupboy Qozi o‘g‘li.

U kishi 1870-1880-yillarda Moskvada gimnaziyada o‘qigan. Rus tilini yaxshi bilgan, xushqomat, baland bo‘yli, mo‘ylov qo‘ygan kishi bo‘lgan, deyishadi. O‘ziga to‘q oiladan bo‘lib qishloqqa chiqqan paytlari mahalla ahli darrov yig‘ilib to‘planarkan. Nochor kishilar, oilalarga sovg‘a olishni ham unutmas ekan. 1917-yil Oktyabr inqilobidan keyin Markaziy ijroqo‘m raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevga tarjimon va maslahatchi bo‘lib ishlagan. Keyin Sirdaryoning qaysidir tumanida raykom kotibi va undan keyin Toshkent shahrida bozorkom bo‘lib ishlagan ekan. Nozigul Homid buva qiziga uylangan. Lekin farzand ko‘rishmagan. Men Fayzulla tog‘amizning turmush o‘rtog‘ini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Zaynab onam u kishi bilan tanishtirgandi. Lekin Nozirgul yangamizning qachon vafot etgani noma’lum.

Yana onamning jiyani Yo‘ldosh tog‘amning aytishicha: «Qorasoch ammam 1929-yilda tug‘ilgan. O‘shanda biz, ya’ni 1929-yilda yangi uy qurgandik va o‘sha yerda yashardik. Zaynab ammam Qorasochni onamga tashlab ishga, ya’ni o‘qituvchilik qilish uchun borar edilar. U paytlar maktab yo‘q edi..

Bu kishi hozirgi kunda ham hayot, nevara, evara va chevarali...

Saidahmedov Mirzaahmad,

Onamning o‘quvchisi 1920-yilda tug‘ilgan, yigirma-yildan ziyod Sijjak qishlog‘idagi 24-maktabda direktorlik qilgan:

«1927-yildan, ya’ni yetti yoshimdan Normetova Zaynab ustozim qo‘lida boshlang‘ich sinfda tarbiya oldim. Maktab qayoqda deysiz, bizni Mirzaraim oqsoqol buvaning uyida o‘qitishardi. U paytlarda yoshi kattalar ham o‘qirdi. Qirqdan, hatto, undan ham ziyod o‘quvchi bor edi. Parta, degan gaplar ham yo‘q edi. Shundoq yerda o‘tirib o‘qirdik, joy yetishmay qolsa, taxmonga, tokchaga chiqib o‘tirardik. Ustozimiz Zaynab onamiz juda samimiy, go‘zal, do‘ppi kiygan, sochlari juda uzun edi, rus tilini ham o‘sha ustozdan o‘rganganmiz».

G‘iyosov Fayoz,

Zaynab onamizning yana bir o‘quvchisi, 2018-yil 9-aprelda vafot etgan. U kishi ham 24-maktabda direktor bo‘lib ishlagan:

«Zaynab ustozni 1927-yildan beri bilaman. 1917-yilda shu qishloqda tug‘ilganman. O‘n to‘rt yoshimda boshlang‘ich sinfga bordim. O‘zimdan ham kattalar bilan o‘qiganman. O‘quvchi bolalarning soni juda ko‘p edi. Ustozimiz Zaynab opa hammaga birday muomala qilardi. Juda chiroyli edi, haligacha eslayman. Boshida do‘ppi, sochlari qirq kokil qilib o‘rilgan va yerga tegay-tegay, derdi. Kiyimlari ham o‘ziga yarashib turardi. Ruschaga juda usta edi. Minbarga chiqib, so‘zlaganda hamma anqayib qolardi. O‘sha paytlarda Zaynab ustozimiz Sijjak qishlog‘i xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lib ham ishlagan. O‘sha davrning ma’rifatparvar insoni edi. Chunki 1924-1934-yillargacha Bo‘stonliq rayon markazi bo‘lgan. Ikki-yil o‘qiganimdan so‘ng Toshkentning «O‘qchi» mahallasidagi pedagogika texnikumiga kirib o‘qidim. 1937-yilda o‘qishni tugatib, Xo‘jakentda kimyo va biologiyadan dars berdim. Keyin yana Sijjak qishlog‘iga qaytib, maktabda o‘qituvchilik qildim. 15-yildan oshiq o‘quv ishlari mudiri bo‘lib, keyinchalik maktab direktori bo‘lib ishladim. Bu albatta, ustozimiz Zaynab onamizning mehnati hamdir».

Nabiyev To‘xtamat,

Zaynab onamizning yana bir o‘quvchisi. 1920-yilda Sijjak qishlog‘ida tug‘ilgan. «Qizil kuch» kolxozida hisobchi bo‘lib ishlagan, savdo sohasida ham faoliyat olib borgan. Burchmullo o‘rmon xo‘jaligida hisobchi bo‘lib ishlagan. Sakson to‘qqiz yoshida vafot etgan:

«Keyinroq bunday o‘qituvchining kamdan-kam bo‘lishini tushunganmiz. Ayniqsa, rus tiliga juda usta edi. Chunki qishlog‘imizga kelgan odamlar orasida rus kishilari ham bo‘lardi-da. Bunday vaziyatlarda ularga o‘zbekchadan tarjima qilib berishi uchun Zaynab ustozimizni olib ketishardi. Ustozimizning uyiga ham juda ko‘p mehmon kelardi. Chunki Musayev Usmon aka, ya’ni Zaynab onamizning ikkinchi turmush o‘rtog‘i, Sijjakdagi to‘rtta kolxozning bosh hisobchisi bo‘lib ishlardi. Zaynab onamizning ularga ham ko‘p yordami tekkan. Negaki, ichida rus kishilari ham bo‘lganlar kolxozni tekshirgani kelardi».

Tolipov Tojiboy,

Zaynab onamizning o‘z jiyani, 1926-yilda Sijjak qishlog‘ida tug‘ilgan:

«Sijjak kishlog‘ida to‘rtta kolxoz bo‘lgan: «Qizil yulduz» (akamiz Odilov Eshonqul raisi va pochchamiz Musayev Usmon bosh hisobchisi bo‘lgan); «Mehnat birligi» (raisi Saidahmedov Saidahmad ota); «Qizil kuch» (raisi Madaliyeva Norbi opa); «Oktyabr» (raisi O‘rinboyev Nurpo‘lat bo‘lgan). Shu kolxozlarning bariga keyinchalik Musayev Usmon pochchamiz bosh buxgalter bo‘lgan. 1933-yilda «Qizil yulduz» kolxozi qoshida bolalar bog‘chasi ochilgan unga Normetova Zaynab ammam bosh mudir bo‘lgan va unda qirqdan ziyod bola tarbiyalangan. Shu bog‘chaga men ham borganman yana Qoratoyev Bo‘ronboy, G‘iyosov Mirza, Ahmedov Mirzatilla va boshqalar borgan. Esimda qolganlari shular..

Zaynab onamiz qattiq mashaqqatlar bilan Sijjak qishlog‘iga qaytib kelgandan so‘ng, juda nochor yashagan. Negaki, otasidan keyin eng ishongan insoni, qo‘llovchisi Yusupboy o‘g‘li Fayzulla tog‘asidan ham ayrilgan. Qishloqda boshqa oilalardan ham qatag‘on qilingan kishilar ko‘p, ocharchilik paytlari edi. Onamning onalari Zog‘da ocham betob bo‘lib, keyinchalik quloqlari eshitmay qolgan. Qorasoch (Xalima) opam 1929-yil 3-martda tug‘ilgan.

Onamning o‘zi aytib bergandi: «O‘qituvchilik qilayotgan paytlarim edi. Bunga katta qarshiliklar bo‘lgan, maktabni yoqib yuborishgan, ba’zilar bolasini o‘qishga yubormay qo‘yardi. Maktab kulga aylangach, qaerda dars o‘tishimni bilmay, doskani uyimizga olib kelganman, shuningdek, yana boshqa uylarda ham dars berishimga to‘g‘ri kelgan. Mendan yoshi katta Roqiya opamni Xumsonga, Olimqoziboy huzuriga majburlab jo‘natishgan va joriyaga aylantirishgan. Roqiya opam u yerda ko‘p yashamadi, Olimqoziboyning boshqa xotinlari opamni zaharlab o‘ldirishgan». 

Opamiz Qorasoch (Xalima) Musayeva

Bu ishlardan xabar topgan Siroj akasi Zaynab onamizga qattiqqo‘lliq qilib, tinchlik bermay qo‘ygan. Kunlarning birida Zaynab onam uyiga kelganida akasi Siroj tog‘amiz «Senga bormaysan deb aytgandim, nima uchun aytganimni qilmading? Yana yengi kalta kuylak kiyibsan, tengkurlarim oldida nima degan odam bo‘ldim», deb Zaynab onamni hovlisidan o‘tgan katta ariq suviga bosib, bo‘g‘ib, kaltaklagan. Ajratib olishga hech kimning kuchi yetmagan. Zog‘da ocham dod solib baqirgancha, ko‘chaga chopgan. Keyin qo‘ni-qo‘shnilar ajratib olgan. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Qorasoch (Xalima) opamiz chinqirib yig‘lab, hushidan ketib qolgan ekan.

Yuqorida yozganimdek, onam «Qizil yulduz» kolxozi qoshida ochilgan bolalar bog‘chasida bosh tarbiyachi bo‘lib ishlagan paytlarda otamiz Musayev Usmon xotini bilan ajrashib ketgan ekan. Oldingi xotinidan bir farzand (o‘g‘il) qolgan. Bog‘chada Zaynab onamizni uchratib, senga uylanaman, deya ko‘ndirishga uringan. Ko‘p va’dalar berib, boshimda ko‘tarib yuraman, xo‘rlamayman, deb 1933-yili Normetova Zaynab onamizga uylangan. 1934-yilda Zaynab onamiz Usmon otamizdan birinchi farzandi, ya’ni qiz ko‘radi. Bu opamiz Musayeva Rixsi bo‘lib, hozir hayot, nevara, evaralar ko‘rgan.

Endi Musayev Usmon otamiz haqida qisqacha ma’lumot:

Marzayev Usmon Matmusa o‘g‘li 1906-yil 12-fevralda Sijjak qishlog‘ida, o‘ziga to‘q oilada dunyoga kelgan. Otamizning birinchi xotini Yodgora ismli ayoldan 1927-yilda Ne’matilla ismli akamiz tug‘ilgan va u to‘qson to‘rt yoshida olamdan o‘tdi. U kishini biz Elchi aka, deb chaqirardik va bizlarga bosh aka hisoblanardi. Elchi akamizning aytishicha, otamiz Usmon aka savodli kishi bo‘lgan. Bobomizning jiyani Usmonov Dehqon akamiz Samarqandda Sharof Rashidov, Usmon Nosir, xumsonlik Elbek otaxonlar bilan birga o‘qigan. Afsuski, o‘qigan muassasasining nomi noma’lum. Lekin Usmon otamiz o‘qishini tugatmagan va Sijjakka qaytib kelgan. Otamiz Musayev Usmon Bog‘iston qishlog‘ida bobomiz Xo‘ja Ubaydulloh Ahror avlodlaridan bo‘lgan kishilardan saboq olgan, arab alifbosini o‘rganib, muqaddas Qur’oni karimni o‘qib-o‘rgana boshlaydi. Ancha-yil imom-xatib ham bo‘lgan. 1984-yil 12-fevralda vafot etgan. Lekin otamiz onamizga bergan va’dasining birortasini ham bajarmagan. Men tug‘ilgan 1945-yil 10-apreldan oldin, ya’ni mart oylari boshida Usmon otamiz Umr ismli uchinchi xotinga noqonuniy uylanib oladi. Bu onamiz 2005-yil 29-avgustda olamdan o‘tdi. Umumiy hisobda otamizning sakkizta-to‘qqizta xotini bo‘lgan. Ulardan ham farzandlari bo‘lgan, lekin bir-birimizni tanimaymiz. Buni otamizning o‘zi ham aytgan.

12 yoshlarda edim. Meni va to‘rtinchi xotini Hubayra onamizni Gospitalnыy bozoriga (Mirobod)ga olib ketdi. Shaharni umuman ko‘rmaganman, birinchi borishim edi. Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, muzqaymoq yegim kelib, o‘sha davrdagi o‘n to‘qqiz tiyinga sotib oldim va yeb kelayotganimda to‘rtinchi onamiz Hubayraga ro‘baro‘ keldim. Qo‘lini silkib, oldiga chaqirdi. Keyin menga: «Anorbek! Usmon otangning xotinlarini ko‘rdingmi? Ana, otangning tizzasida o‘tiribdi...» Qarasam, besh-olti metr narida otamning ikkitasi tizzasida va bir ayol yonida xoxolashib o‘tirishibdi. Ayollarning og‘zi to‘la tilla tish, ko‘rib turganimdan xabarlari yo‘q. Keyin Hubayra onamiz oldidan ikkita katta olmani olib, ularga qarata otdim, bittasining boshiga tegdi. Keyin yig‘lab, ularni quvib ketdim. Bozordagilarning ikki ko‘zi bizda. Usmon otam shirakayf, meni ushlab olib, yuzimga shapaloq soldi. Bu voqyea sira o‘z o‘ngimdan ketmaydi.

Zaynab onamni juda pazanda bo‘lgan, deyishadi. Usmon otamiz to‘rt kolxozning bosh hisobchisi bo‘lgan paytlarda uyimizga juda ko‘p mehmonlar, amaldorlar kelishardi. Onamizning aytishicha: «o‘choqda olov o‘chmasdi, uyimizda hatto, uy xizmatchilari ham bo‘lgan. Lekin bu ishlar mening o‘qituvchilik faoliyatimga katta ta’sir ko‘rsatardi. Kunlarning birida tuman bosh hisobchisi Isoxon aka va boshqalar ko‘pchilik bo‘lib kelishdi. Ichkilik ko‘p bo‘ldi... Kelganlar bilan qo‘l berib so‘rashmasa, bo‘lmaydi. Rus kishilar men bilan ko‘l berib so‘rashdilar. So‘rashmasa, mehmonlar ketgach, otang nima uchun ular bilan surashmading, deya koyirdi. Ko‘rishsa, nega mendan ruxsatsiz ko‘rishding, derdi. Bir kuni meni do‘pposladi, o‘sha kuni menga: «boshqa o‘qituvchilik qilmaysan, ishlamaysan, uyda o‘tirasan», dedi. 1936-yil qishda Rustam akang tug‘ildi. Shu-yili ko‘klam — may oyida hammaga ipak qurti tarqatdilar. Bizlarga ipak qurti berishmadi. Keyin otangga: «hammani majburlab, ipak qurti beryapsizlar. Uyda bekor o‘tiribman, menga ham o‘n gramm ipak qurti olib bering», dedim. Menga o‘n gramm ipak qurti olib berdi. Shu paytlarda Rustam akang uch oylik chaqaloq edi (hozir ham hayot). Tutga chiqib qaychida barg kesayotganimda oyog‘im tagidagi shox sinib ketib (o‘sha tut hali ham bor), daraxtdan yiqildim, belim sindi. U paytlarda tabiblar qayoqda? Taxtaga yotqiziib qo‘ydilar. O‘sha taxtada besh-olti oy yotdim. Oqibatda bukri bo‘lib qoldim».

Usmon otamizning to‘rt qiz, to‘rtta o‘g‘il, Qorasoch opamni ham hisobga olsak, to‘qqizta farzandi bo‘lgan. Shulardan ikkitasi — Musayev Muslim 1942-yilda tug‘ilgan, 2001-yilda vafot etgan, Musayeva Xolbi singlimiz ham vafot etgan. Aslida yana 1944-yilda Musayeva Bog‘da opamiz ham tug‘ilgan bo‘lib, uzoq yashamagan.

Zaynab onamning xumsonlik Husanov Tillaboy aka va uning rafiqasi Gulnora (millati ozarbayjon) bilan birga ishlaganini bilib qoldim. Ana shu masala borasida 2008-yilning 12-yanvarida Husanov Tillaboy akaning Buyuk ismli kenja o‘g‘li bilan suhbatlashdim. Uyida saqlanayotgan sur’atlarni ko‘rib chiqdim. Lekin buni tasdiqlovchi biron dalil topa olmadim.

2008-yil 13-yanvarida xumsonlik o‘qituvchi Edirov Tursunboy aka bilan uyida uchrashganimda: «Anorbek o‘g‘lim ota-onangiz haqida oldinroq aytib bermoqchi bo‘lib yuruvdim. O‘zingizning kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Onangizni o‘qituvchi Sattorova Asorat ham yaxshi tanirkan», degandi.

Edirov Tursunboy aka ham ota-onamni bilarkan, juda ko‘p iliq fikrlar aytdi. Xo‘jakent rayon markazi bo‘lgan payti u FHDYo bo‘limida ishlagan ekan. Buni onamni o‘zlari ham aytgan edi.

Men Bo‘stonliq tumani partiyasi topshirig‘i bilan 1983-yilda 18-maktabga Ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari qilib ishga yuborildim. Oxunjonova Komila opaning ellik yoshga to‘lgani munosabati bilan ularning uyida yig‘ildik. Hammamiz o‘tiribmiz. Bir payt xo‘jakentlik yoshi saksonlardagi ayol eshikdan kirib kelib, barcha erkak va ayol o‘qituvchilar bilan ko‘rishib ketdi. O‘qituvchi bo‘lib shu Xo‘jakentga kelganimni o‘quvchilardan eshitgan, ismimni ham bilarkan. Oldimga kelib, quyuq so‘rashdi. Keyin: «Anorbek o‘g‘lim, Sijjakdanmisiz?» deb so‘radi. «Ha, Sijjakdanman», deya javob qaytardim. Sijjakdagi barchani tanishini aytib, ota-onam haqida surishtirdi. «Musayev Usmon akaning o‘g‘liman», dedim. «Ha-a... otangizni yaxshi taniman. Otangiz juda xotinboz kishi edi, o‘sha o‘shaning o‘g‘limisiz?», dedi. «Onangizning ismi nima?», deb so‘radi. «Zaynab», dedim. «Hozir hayotmi?» deb so‘radi. «Yo‘q, onam 1967-yili 19-oktyabr kuni olamdan o‘tgan», dedim. U xola buni eshitib yig‘lab yubordi. Keyin: «Onangizni otangiz o‘ldirdi. Ustiga xotin olaverib, rosa kuydirdi», dedi. «Onamni qaerdan taniysiz?» deb so‘radim. «Anorbek o‘g‘lim, (yig‘lab) hammangizni taniman. Zaynab opam mendan yetti yosh katta edi. Onangning husniga, so‘zlariga to‘ymasdik. Chiroyli bo‘lib yurardi. Boshidagi do‘ppisi o‘ziga yarashgan, qirq kokili taqimiga tegardi. Men Zaynab opa ishlaydigan xona polini yuvardim. Attang, yosh o‘tib ketibdi-ya!», deb yig‘lab men bilan samimiy xayrlashib, uyiga taklif etdi.

Keyin men bu ayol haqida hamkasblarimdan surishtirdim, ismi Jahon xola ekan. O‘zimni nihoyatda yomon his qilardim. Shunday katta yig‘inda, hamma o‘qituvchilar oldida, Usmon otam haqida bunday gaplarni eshitaman, deb sira kutmagandim. Yer yorilsa-yu, kirib ketsam, derdim. Biroq onam haqida aytilgan iliq so‘zlar sal bo‘lsa-da, taskin berardi. Xo‘jakentda raykomda ishlaganini onamning o‘zi ham menga aytgandi. Xonadondan chiqib ketishni ham, qolishni ham bilmasdim. Xullas, yig‘in  oxiriga qadar chidab o‘tirdim...

O‘shanda Jahon xolanikiga borib, onam haqida so‘rab-surishtirib, ko‘proq narsalarni bilib olsam bo‘larkan... Hamon o‘zimni koyib yuraman. Jahon xolaning familiyasi Toshro‘zieva ekan. Men 2019-yil 20-aprel kuni o‘zim o‘qitgan o‘quvchim Toshro‘ziyeva Qunduzlarning uyiga bordim. Jahon xolaning rasmlarini so‘radim. Ular menga Jahon xolaning turmush o‘rtog‘i bilan tushgan rasmini berdi. Jahon xolaning olamdan o‘tganiga o‘n-yil bo‘libdi. Men 18-maktabga ishga kelganimda Bo‘stonliq tumani bo‘yicha Xo‘jakent tarixi muzeyi bor edi. Muzyeyga Jahon xolaning turmush o‘rtog‘i bilan tushgan rasmi ham qo‘yilgan edi. O‘sha rasml hozir menda ham bor. Chunki ular Zaynab onam hayotini asoslab beruvchi hujjatdir.

Yanada ko‘proq ma’lumot olish uchun Toshkent viloyati arxivlari, Bo‘stonliq tumani arxivlari, O‘zbekistonning barcha arxivlarini surishtirib chiqdim. Ming afsus, hech qanday ma’lumot topolmadim. 2012-yil 25-may onam (Normetova Zaynab) borasida ma’lumot olish uchun Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qildim, lekin meni yaxshi qabul qilishmadi. Menga Tashqi ishlar vazirligiga boring, deyishdi. Xuddi shu kuni Tashqi ishlar vazirligiga kelib, shu masalalar bo‘yicha mutaxasis bilan gaplashdim. Qozog‘iston elchixonasiga borganimni hamda ular menga bunday ishlar bilan shug‘ullanmasliklarini, o‘zimizga qarashli bo‘lgan joyga murojaat qilishimni aytishganini ma’lum qildim. «Oldimizga kelib to‘g‘ri qilibsiz, lekin aslida bunday ishlar Qozog‘iston elchixonasining vazifasi edi. Mayli, xafa bo‘lmang amaki», deb, menga ariza yozdirishdi. O‘sha paytlarda Bo‘stonliq tumani janubiy Qozog‘istonga qarashli bo‘lganini aytdim. Ular qo‘limdagi qog‘ozni olib, bir oy ichida javob olishimni aytishdi. Qozog‘iston elchixonasi arxividan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ketma-ket javoblar keldi. Onam haqida hech qanday ma’lumot topa olishmabdi. Qozog‘iston Respublika arxivi onajonim haqida hamon surishtiryapti, har holda menga jo‘natilgan javob maktubida shunday yozilgan. Lekin 2019-yilga qadar hech kanday tayinli javob bo‘lmayapti. Myen esa kutyapman. Shundan keyin Bo‘stonliq tumani arxivlarini yana bir bor tekshirishlarini iltimos qildim. 1964-1965-yillarda men va mendan katta opa-akalarimiz uch oylik maktab ta’tilida sovxozga ishlaganlarimizni Zaynab onamiz nomiga yozdirardik. Shular yig‘ib hujjatlashtirilib, saqlab qo‘yilgan ekan. Onam ikkinchi guruh nogironi sifatida o‘sha paytning puli bilan yetti so‘mlar atrofida nafaqa olgan ekan. Men bu hujjatlarni rayon ta’minot bo‘limi arxividan topdim, keraklilaridan nusxa oldim. Onamning ism-familiyasi yozilgan bu qog‘ozlarni yuzimga bosib, yig‘ladim. Atrofdagilarning barchasi ayollar edi, ular ham ko‘zlariga yosh olishdi.

Onam bilan 1964-yil 11-dekabrda Sil kasalliklari dispanserida uchrashdim. Aslida bu kasalga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Xumsonlik xolavachchasi Boqi aka bilan tasodifan uchrashib qolishibdi, onamning asablari qattiq charchaganini ko‘rib, shu yerda yotishini maslahat berib, o‘zi davolagan. O‘sha kuni Usmon otamning ukasi amakim Musayev O‘rmonnikida mehmon bo‘ldim. U kishi shu Sil kasalliklari dispanseri yonida turardi. Zamira kelinoyim ham shu dispanserda ishlardi. Boqi akadan uch-to‘rt soatga biz bilan o‘tirishiga iltimos qildik va O‘rmon amakim onamni uyiga olib chiqib keldi. Keyin yana O‘rmon amakim, Zamira kelinoyim bilan onamni dispanserga kuzatib qo‘ydik. Ertasiga ertalab soat 7:00 da ular bilan ham xayrlashib, jo‘nadim. G‘azalkent avtovokzalida meni Rustam akam kutib oldi. Keyin ikkovimiz Toshkent viloyati harbiy komissariatiga keldik. O‘n ikkinchi dekabrda shu yerdan harbiy xizmatga jo‘natildim. Undan bo‘shab, 1967-yil 20-oktyabrda uyga kirib keldim. Kelsam, Zaynab onam olamdan o‘tgan ekan… belechar kuni yetib kelibman. Hamma men bilan yig‘lab ko‘rishdi. Endi ahvolimni o‘zingiz bir tasavvur qiling. Harbiy zizmatni uch-yil davomida o‘tab kelganimdan so‘ng ham biron xursandchilik bo‘lmagan. Bu alamlar yetmagandek, xumsonlik yaxshi ko‘rgan qizim ham meni oddiy ishchi ko‘rib, boshqa yigitga turmushga chiqib ketibdi. U oliygohda o‘qiyotgan edi. Battar cho‘kib qoldim. Zaynab onam to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozircha shu. Ezmalik qilgan bo‘lsam, uzr. Lekin bularning hammasi sodir bo‘lgan hayotiy voqyealar.

Men Musayev Usmon va Musayeva Zaynabning oltinchi o‘g‘liman. Bu yozilganlarning barchasi 2008-yil 3-fevralda qog‘ozga tushirolgan.

Xudoyberganov Qayum,

1917-yil 9-mayda tug‘ilgan. Hozir hayot. To‘qson ikki yoshda. G‘azalkentda yashaydi. Ko‘p farzandli, nevara-evaralari bor. 1940-yilda Nizomiy nomidagi pedagogiga oliygohini tugatgan. Urush qatnashchisi «Qizil yulduz» ordeni, o‘n beshta medal sohibi. Bo‘stonliq ijroqo‘mida, raykom kotibi bo‘lib ishlagan:

«Ota-onangizni 1947-yildan beri bilaman. Sijjakdagi to‘rtta kolxoz bosh hisobchisi bo‘lmasdan oldin «Qizil yulduz» kolxozi bosh hisobchisi bo‘lgan. Bo‘stonliq tumani bosh hisobchisi Shamsiev Isoxon aka bilan va boshqa mutaxasislar bilan birga Sijjakka ish yuzasidan chiqsak, Musayev Usmon akaning uyida tunardik. Onangiz Zaynab opaning shirin shilpildok, norin, va boshqa ovqatlarini yeb, choyini ko‘p ichganmiz. Opamizning hech qachon qovog‘dan qor yog‘magan, juda xushfe’l ayol edi. Men: «Opajon, xalq uchun Vatan uchun ko‘plab insonlarni tarbiyaladingiz, yana shu o‘qituvchilik ishingizga qayting», deb iltimos qildim. Lekin Usmon aka o‘qituvchilik qilishiga ruxsat bermadi».

Men nafaqat onamning o‘tmishini, balki mutlaqo chidab bo‘lmas darajadagi hayoti va umri xazon bo‘lgan mushtipar volidam timsolida ming-minglab, millionlab, dunyo ayollarini ham o‘z ko‘z oldimga keltiraman. Va keltirmoqdaman... Metin bardoshli Zaynab onamning ko‘rgan-kechirgani hech kimning boshiga tushmasin.

O‘z ayolini xo‘rlash, o‘z zurriyotlaringizni xo‘rlash bilan barobardir. Xo‘jakentdagi 18-maktabda o‘qituvchilik qilganimda, o‘z o‘quvchilarimning uylari, dars qilishlari va boshqa sharoitlari bilan tanishish barobarida juda ko‘p voqyealarning guvohi bo‘lganman. Ayoli xamir qilib, non yopish uchun bolta bilan o‘tin yoryapti. Bir besh-olti erkak esa ichkari uyda aroq ichib o‘tirishibdi. Bunga nima deysiz? Ayol meni ko‘rib, darrov so‘rashdi: «Keling ustoz», dedi. O‘quvchilarim sabab Xo‘jakent ahlini ancha yaxshi bilib qolgandim. Ismini aytmayman, lekin ayoldan so‘radim: «xo‘jayining qani?». Ayol ko‘zi bilan imlab ko‘rsatdi. Ichkariga kirdim, ichkaridagilar o‘rinlaridan turib hurmat bilan kutib olishdi. Dasturxon quyuq, to‘kin-sochin. O‘tirib fotiha qildim, bir-birimizdan hol-ahvol so‘rashdik. Keyin men bilan tashqariga chiqishlarini so‘radim. Chiqqach, ularga non yopishga o‘tin kamligini aytdim. Bu so‘zimdan keyin tandirga tashlangan o‘tinni ko‘rib, hozir domla deb, uzr so‘rashdi-da, biri boltani olib o‘tin tayyorlashga, qolganlari arralashga tushib ketdi. Men ham boshqa o‘quvchilarimning uyiga ketdim. Ayollarni kamsitib, ojiz deb haqorat qilmang. Aslida o‘zingizni xo‘rlagan bo‘lasiz.

Onam Musayeva Zaynab Normat qizi hamda otam Musayev Usmon Musa o‘g‘li

Quyidagi satrlarni esa 2019-yil 5-iyun tonggi soat to‘rtlarda yozganman. Zaynab onam haqida o‘zim guvohi bo‘lgan voqyeani so‘zlab bermoqchiman. Chamasi o‘n to‘rt yoshlarda edim. Norbi opamning yoshi kattaroq, ya’ni turmushga chiqadigan bo‘lib qolgan. Xolbi singlim yetti-sakkiz yoshlarda edi. Sijjak qishlog‘ining Shavkat mahallasi Shaydon, deb ataluvchi juda katta maydonning yonginasida turardik. Katta akam Rustam Samarqandda jismoniy tarbiya texnikumini tugatgach, Orjonikidze tumanini (hozirgi Qibray) Madaniyat qishlog‘idagi Stalin nomidagi maktabda ustoz bo‘lib ishlayotgan payti edi. Hayotimiz ancha og‘ir bo‘lgani sabab Rustam akam, Muslim akam, Norinboy ukamni olib ketib, shu maktabida o‘qitayotgan edi. Zaynab onam Norbi opam, Xolbi singlim va men to‘rt kishi shu Shaydon mahallasidagi uyimizda yashardik. Kunduzi tushga yaqin bo‘lsa kerak, Usmon otam mast holda uyga kirib keldi-da, to‘g‘ri Zaynab onamning oldiga bordi. Ikkalasi nimanidir gaplashdilar. Suhbat uzoqqa cho‘zilmadi, keyin kutilmaganda otam onamni so‘kib, kaltaklay ketdi. Onamning yig‘lab aytgan «sizning qaysi xotinlaringizga qonuniy bo‘lishiga rozilik beray, 3-4-6-7 sigami?», degan gaplarini tushundik. Chunki o‘gay ukalarimiz boshqa familiyada edi, maktabda o‘qishardi. Ularni qonuniy qilish kerak-ku?! Buning uchun onamning roziligi bo‘lishi shart ekan...

O‘shanda onam otamga ikkita xotin bilan qonuniy bo‘lishiga rozilik byergan ekan. Lekin otam qolganlarini ham qonuniy qilish kerak, degan. Onam qolganlariga rozilik bera olmasligini aytgan. Onamdan rad javobini olgach, otamiz uni dopposlay ketgan. Hatto, ancha joygacha onamning sochidan sudrab bordi. Biz dod solgancha onamni qutqarishga harakat qilardik. Otam bizni ham siltalab, urib tashladi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham bizdan uzoqda turishadi. Nima qilishni bilmaymiz.... Sochidan sudrash natijasida onamning hamma yog‘i shilinib, qonadi. Undan tashqari, onamning beli sinib, bukri bo‘lib qolgan. Usmon otamiz sochidan tortib sudraganda, belining singan joyi toshga tegib ketib, bor ovozda chinqrib yubordi. Men chopib ko‘chaga chiqdim, qarasam, Berdiqul pochchamiz otga minib botanika bog‘iga ishga ketayotgan ekan. Pochchamni ko‘rgan zahotim tez men bilan yurishini yolvorib so‘ray boshladim. U kishi nima bo‘lganini bilmaydi, albatta. Berdiqul pochcham tezda otdan tushib, onamni bojasi qo‘lidan, ya’ni otamiz qo‘lidan ajratib oldi. Biz bolalar tezda onamga yordam berishga yugurdik. Keyin Norbi opam suv qaynatib toza lattalar topib, onamni qonlarini, shilinib ketgan joylarini tozaladi va ichkariga joy solib yotqizdi. Uchchalamiz ham yig‘laymiz, titraymiz. Shunda Norbi opam: «O‘zi uch oylab, hatto, undan ham ko‘p uyimizga kelmaydi. Kelsayam doim onamni kaltaklab ketadi», deb yig‘ladi. Bu haqiqatdan ham, shunday edi. Biz faqat onamiz tarbiyasini olganmiz.

Azizlarim, yuqorida birgina onamning boshidan o‘tkazganlarini bayon qildim, xolos. Hurmatli aziz ota-akalar, ukalar va o‘g‘illarim, ota onangizdan o‘g‘il bo‘lib tug‘ildingizmi? Qisqa qilaman; haqiqiy erkak bo‘ling. Oilalardagi kamchiliklarning asosiy aybdori erkaklardir. Aybni ayollardan qidirimang. Bunday gaplarimga xafa bo‘lmaysiz, degan umiddaman, zero, bu gapni sizlarga, yetmish beshga qadam qo‘ygan inson aytmoqdaman. «Birovni ko‘rib - fikr qil, birovni ko‘rib - shukr», deb juda topib aytishgan ekan…

Mirzomergan o‘g‘li Muso,

Muso o‘g‘li Usmon,

Usmon va Zaynab o‘g‘li

Anorbek.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech