12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9 °C

Ijtimoiy hayot
1 Avgust  2019 754

Mehnat majburiylikdan holi bo‘lishi kerak

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalarda bo‘lganidek, ta'lim sohasida ham katta ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilib, soha xodimlarining kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom fikrlaydigan va barkamol insonlar etib tarbiyalashi uchun zarur sharoitlar yaratib berish maqsadida o‘qituvchi va murabbiylarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat huquqlarini ta'minlash, jamiyatdagi mavqyeini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, pedagoglarni o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha ishlar bilan band qilish yoki majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Davlatimiz rahbari tomonidan qator Farmon va qarorlar qabul qilinib, bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta'sirchan choralar amalga oshirilmoqda. 

Ammo, ayrim ish beruvchilar va rahbarlarning mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga mas'uliyatsizlik bilan qarashi natijasida hozirgi vaqtda majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolayotgani achinarlidir.

Ma'lkumki, milliy normativ-huquqiy hujjatlarimizda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda, hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda, hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta'mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirilishi ta'kidlangan.

Kasaba uyushmalari tomonidan ham jamoa shartnomasi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining mas'uliyati kuchaytirildi. O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan joylarda majburiy mehnat alomatlari aniqlanganda tezkor xabar berish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda  Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining “Ishonch telefonlari” qayd etilgan 17 ming dona tarqatma materiallar boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari orqali ta'lim, fan, madaniyat va sport muassasalarida barcha uchun ko‘rinarli bo‘lgan joylarga o‘rnatildi.

Kasaba uyushmalari Xalqaro uchinchi tomon monitoringi loyihasi bilan hamkorlikni izchil davom ettirgan holda loyiha tomonidan tashkil etilayotgan tadbir va treninglarga asosan kasaba uyushmalari, xususan, Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi trenerlari jalb qilinmoqda.                 

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida kasaba uyushma faollarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 2018-yil davomida va 2019-yilning bugungi kuniga qadar 100 nafarga yaqin Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasining tuman va shahar kengashlari raislari, 25 ta yirik tashkilotdagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularda majburiy mehnat elementlari, unga yo‘l qo‘ymaslik borasida amal qilinishi lozim bo‘lgan milliy va xalqaro mehnat standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Xuddi shunday o‘quvlar joriy yilning 2-yarmida ham davom ettirilib, 200 nafardan ortiq tarmoq kasaba uyushmasi tuman va shahar kengashlari hamda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislarining malakasi oshiriladi.

Oxirgi paytlarda duch kelinayotgan majburiy mehnat holatlarining aksariyatiga umumta'lim maktablari o‘qituvchilari jalb qilinayotgani sababli ish beruvchilarning milliy va xalqaro mehnat standartlaridan xabardorlik darajasini oshirish maqsadida Avloniy nomidagi Xalk ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti​da malaka oshiradigan ish beruvchilar – umumta'lim maktablari direktorlari uchun reja asosida doimiy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida Xalqaro va milliy mehnat standartlari, bandlik, mehnat munosabatlarining mazmun-mohiyati bilan birgalikda majburiy mehnatni batamom bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar berilmoqda.

Bundan tashqari, barcha tuman, shahar kengashlari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga amaliy yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilib, joylarda majburiy mehnat va uning elementlari, unga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari va ish beruvchilarning mas'uliyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, har oyning ikkinchi seshanba kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Boshlang‘ich tashkilotlar kuni” sifatida belgilangan bo‘lib, ushbu tadbir doirasida ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi xodimlar bugungi kungacha 1600 dan ortiq tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida bo‘ldilar. Mazkur tashriflar davomida mehnat jamoalarida mehnat munosabatlarining to‘g‘ri tashkil etilganligi, majburiy mehnatga barham berilganligi yuzasidan mehnatkashlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ochiq muloqotlar davomida xodimlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan joylarda ish beruvchilarga mehnat jamoasida noqonuniy mehnat munosabatlari va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymasliklari to‘g‘risida taqdimnomalar kiritildi.

Respublikamizda mehnat sohasida xalqaro va milliy qonunchilik talablariga qat'iy rioya etilishi yuzasidan qator hujjatlar qabul qilinib, Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, joylarda ayrim rahbarlar tomonidan xodimlarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga, shu jumladan qurilish va obodonlashtirish ishlariga jalb etish holatlari hali ham kuzatilayotgani bu borada barchamizning mas'uliyatimizni oshirishni talab etadi.

Shu o‘rinda ish beruvchilarga, ayniqsa, majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim rahbarlarga xodimlarni o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha ishlar bilan band qilish ularni ruhiy va jismoniy toliqtirishi hamda mehnat unumdorligiga jiddiy salbiy ta'sir qilishini unutmasliklarini so‘rab murojaat qilmoqchimiz. Zero majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bunday salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barchadan birdek mas'uliyat talab etadi.

Shu o‘rinda ayni kunda ta'lim sohasi xodimlarining mehnat ta'tilida bo‘lishiga qaramay, haq to‘lanmaydigan ishlarga jalb etilayotganligi ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka ma'lum bo‘lmoqda. Birgina misol, joriy yilning 19-iyul kuni Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ishchi guruhi Namangan viloyatining Chust tumanidagi             9-umumta'lim maktabi o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb qilish holatini o‘rgandi.

O‘rganish jarayonida, Chust tumani XTB mudiri Shavkat Yuldashev hamda           9-umumta'lim maktabining bir guruh pedagoglari bilan suhbat o‘tkazilib,  9-umumta'lim maktabida joriy yilning may oyidan boshlanib iyul oyigacha davom etib kelayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlariga navbatma navbat 50 foizga yaqin o‘qituvchilarning jalb qilinganligi aniqlandi. Xususan, barcha pedagoglar uchun joriy yilning 11 va 21-iyunidan mehnat ta'tili berilgan bo‘lsa-da, pedagoglar ta'til paytida maktab hududini tozalash, g‘isht va qum tashishga majbur bo‘lishgan.

Ochiq muloqotlar davomida mazkur ta'lim muassasasi pedagoglari tomonidan maktabda ijtimoiy-ma'naviy muhitning yaxshi emasligi va direktor tomonidan qonunbuzilish holatlariga tez-tez yo‘l qo‘yilishi, bundar ularning qattiq norozi ekanliklari bildirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda tegishli video va  audio faktlar ham taqdim etildi.

Shuni ham aytib o‘tish joizki, o‘rganish jarayonida ayrim pedagoglar o‘z hoxishi bilan tozalash ishlariga kelganliklarini ham ta'kidlab o‘tdilar. Albatta, ularga o‘qituvchilar o‘z hoxishi bilan ham mehnat shartnomasida belgilangan vazifalardan tashqari ishlarni bajarishlari mumkin emasligi, chunki qurilishda baxtsiz xodisa ro‘y berish ehtimoli yuqori bo‘lib, ayniqsa, ayollar uchun yuk ko‘tarish talablari qo‘pol ravishda buzilishigi sabab bo‘lishi mumkinligi alohida uqtirib o‘tildi. Shu bilan birga maktabdagi obodonlashtirish, qurilish va tozalash ishlariga jalb qilish bo‘yicha xodimlarning yozma roziligi ham mavjud emasligi tushuntirildi. 

Ma'lumki, xodim uchun belgilangan kundalik ish muddatidan tashqari ishlash O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlarga albatta  xodimning roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining      130- va 132-moddalariga ko‘ra xodimlarni dam olish kunlarida ishlatish ta'qiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan esa, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki barobar miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yohud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Mehnat kodeksining 177-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Ishchi guruhi tomonidan tuman XTBga  taqdimnoma kiritildi. Taqdimnomadan Chust tumani 9-umumta'lim maktabida dam olish kunlari va mehnat ta'tili davrida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan o‘qituvchilar ro‘yxatini tuzgan holda ularga:

Mehnat kodeksining 130-, 131-, 132-, 157-moddalariga asosan otgul berish yoki ikki hissa ish haqi to‘lash bo‘yicha buyruq chiqarish;

tumandagi barcha maktablarda mehna qilayotgan pedagoglarning ta'til olishi holatini qat'iy monitoring qilish va kelgusida mehnat qonunchiligi talablariga va xodimlarning mehnat huquqlari ta'minlanishiga qat'iy rioya qilish;

xodimlarning mehnat huquqi bo‘yicha savodxonligini oshirish borasida avgust oyining oxirida seminar tashkil etish masalalari o‘rin oldi.

Ushbu taqdimnoma talablarini bajarish maqsadida 2019-yil 19-avgustida XTBning 63-sonli buyrug‘i chiqarilib, ijroga yo‘naltirildi.

Tumandagi 9-umumta'lim maktabida XTB buyrug‘i ijrosi va kelgusida xodimlarning mehnat huquqlari ta'minlanishi borasida O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan qat'iy jamoatchilik nazorati olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Respublikamizda qonun ustuvorligini, xususan, pedagoglarning mehnat sohasidagi huquqlarini qat'iy ta'minlash maqsadida O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ish beruvchilar, quyi bo‘g‘in tarmoq kasaba uyushma tashkilotlarini va keng jamoatchilikni quyidagi masalalarda ogohlikka va hamkorlikka chaqiradi:

yurtimizda boshlanadigan paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnat shakllarining oldini olish bo‘yicha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari bilan birgalikda faollik ko‘rsatish;

joylarda majburiy mehnatni oldini olishda tashabbus ko‘rsatgan holda ish beruvchilar bilan mazkur masalada doimiy ijtimoiy muloqot tashkil etish va sohadagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan holda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari va kasaba uyushmalarining 1092, 71-256-70-32 raqamli Ishonch telefonlari orqali xabar berish.

Ish beruvchilar esa o‘z xodimlarining barcha sohadagi, xususan, mehnat sohasidagi huquq va erkinliklarini hurmat qilish, har bir muassasada xodimlarning mehnat shartnomasi asosida aniq belgilangan xizmat vazifalari hamda mehnatga haq to‘lash tizimi qonun va qonunosti hujjatlari bilan belgilab qo‘yilganligini eslatgan holda, ulardan ushbu yo‘nalishdagi huquqiy madaniyatlarini yanada oshirish va milliy hamda xalqaro mehnat standartlariga qat'iy amal qilishni yoddan chiqarmasliklari zarur.

Kasaba uyushmalari mehnat sohasidagi mavjud normativ-huquqiy hujjatlar va o‘z vazifalariga ko‘ra, davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga qaratilgan faoliyatini izchillik bilan davom ettiradi.

 Ravshan Bedilov,

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari

kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech