18 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +4,9 °C

Bilasizmi?
4 May  2019 1346

«Malayziya yo‘lbarsi»ning boyligi

Urush yillarida janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga bosqinchiliklarni sodir etgan qo‘shinga yapon generali Yamasita boshchilik qilgan va mislsiz boyliklarni qo‘lga kiritgan edi. Urushdan so‘ng Filippin orollarida yashab qolgan Yamasita ulkan xazinani mazkur arxipelagning turli burchaklariga yashirib qo‘yishga qaror qilgan. Sababi, u intiqom onlarining yaqinlashib kelayotganini sezgan edi.

Yamasitaning talonchilik yurishlaridan xabardor bo‘lgan mutaxassislarning taxminiy hisob-kitobiga qaraganda, «Malayziya yo‘lbarsi»ning (bunday nomga Yamasita Malayziyani egallashda ko‘rsatgan jasorati uchun sazovor bo‘lgan) xazinasi bir milliard dollarni tashkil etarkan. Ayrim ma'lumotlarda ochofat general maxfiy joylardan atigi bittasiga taxminan sakkiz tonna oltin yashirganligi keltiriladi. Yana boshqa gap-so‘zlarga qaraganda, boyliklar yashirilgan joylar soni 172 ta!

Xazina ko‘milgan joy boshqalarga ma'lum bo‘lmasligi uchun uni yashirishda ishtirok etgan haydovchi, yuk tashuvchi, yer qazuvchi, ishchilarning hammasi Yamasitaning buyrug‘i bilan otib tashlanardi. Qisqasi, ko‘p filippinlik, amerikalik harbiy asirlar hamda ayrim yapon askarlari keraksiz guvoh sifatida «tinchitib» yuborilgan. Biroq ko‘p o‘tmay, qilmishlari uchun javob berish vaqti ham keldi. Yaponiya taslim bo‘lganidan so‘ng talonchi general Manilada harbiy jinoyatchi sifatida dorga osilgan. Endi xazina haqidagi sir aslzoda samuraylar vakillarining faqat ayrimlari uchungina ayon edi, xolos. Boz ustiga boyliklardan xabardor odamlar soni ham tobora qisqarib bormoqda edi. Shunga qaramay, marhum generalning ulkan xazinasi to‘g‘risidagi mish-mishlar yanada keng tarqala boshladi.

Mana, bir necha o‘n yilki, Filippin orollaridagi aholi, ko‘p sonli sayyohlar va har turli tavakkalchilar yer kavlaydi, devorlarni taqillatib urib ko‘radi, baxt izlab, dengiz qa’riga sho‘ng‘iydi. Xazina qidiruvchilarga esa hamma vaqt ham omad kulib boqavermagan. Hartugul, ayrimlariga Filippinning ba'zi joylaridan oltin tanga, haykalchalar, bezak va shunga o‘xshash buyumlar topish nasib qildi. Masalan, 1971-yilda og‘irligi salkam bir tonna keladigan oltin Budda haykali qazib olindi. Oradan o‘n yil o‘tgach esa, Mindanao orolida oltin buyum va qimmatbaho toshlarning butun boshli xazinasiga duch keldilar. Shunda darrov «Malayziya yo‘lbarsi» esga tushib, topilgan boyliklarni o‘sha yashirgan, degan fikr bildirildi.

Yamasita xazinasi afsonadan boshqa narsa emas, degan bir qator tarixchi va harbiy mutaxassislar, xususan, yaponlar ham bor. Chunki bunday ma’lumot qachon va kim tomonidan «to‘qilgani»ni hech kim bilmaydi. Yaponiyada chop etiladigan jurnallardan biri deyarli yarim asr muqaddam okkupatsiyachi qo‘shinlarning axborot bo‘limida xizmat ko‘rsatgan sobiq mayor Matsunobening qiziqarli xotiralarini chop etdi. Unda yozilishicha:

«Urush so‘nggi bosqichga kirganida, taxminan 1944-yilning bahorida vaziyat shu darajada keskin o‘zgardiki, Filippinda muomalada bo‘lgan pullarga qo‘shin uchun yetarli oziq-ovqat va zarur xomashyo sotib olish mushkul bo‘lib qoldi. Bu muammoni hal qilish maqsadida Yaponiyadan maaru-fuku oltin tangalari jo‘natildi. Mazkur yuk beshta qiruvchi kuzatuvida maxsus bombardimonchi samolyot yordamida faqat bir marta olib kelingan, xolos. O‘shanda men kuzatib boruvchi zobit vazifasini bajarganman. Xullas, armiyamizga har birining vazni 35 gramm keladigan o‘n mingta ana shunday tanga yetkazib berildi. Bundan tashqari, ixtiyorimizda kumush tangalar ham bor edi. Biz Manilaga hujum qilib, taxminan o‘nta yuk tashiydigan mashinani qo‘lga olganimizda, ularni qo‘lga kiritgandik. Chekinish boshlanganida, biz tog‘ so‘qmoqlari orqali qaytdik. Ishlatilmay qolgan tangalarning katta qismini esa Bagio shahri atrofiga ko‘mib tashlashga to‘g‘ri kelgan. Bu ishni intendant xizmatidagi kishilar amalga oshirgan».

Matsunobe jurnal o‘quvchilariga urush tugaganidan bir necha yil o‘tgach, Filippinga borib, yashirib qo‘yilgan tangalarni Bagio atrofidan izlab topishga uringani, biroq kimdir uni dog‘da qoldirganini ma'lum qildi. «Aftidan, amerikaliklar xazinani metall izlash moslamasi yordamida topib olgan», deya fikr bildirgandi o‘shanda sobiq zobit. Mayorning guvohligiga asoslangan jurnal xazinalar to‘g‘risidagi mish-mishlarning hammasi uydirma emas, deya xulosa bildirgan.

Haqiqatdan ham shundaymikan?

Bu borada fikrlar turlicha. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, bu boyliklarni o‘sha davr amaldorlaridan biri topib olib, haddan tashqari boyib ketgan. Bu haqdagi xabar gazetada chop etilganidan so‘ng xazina qidiruvchilar ko‘ngliga yana g‘ulg‘ula tushgani aniq. Chunki maqolada yozilishicha, o‘sha odam yaponlar tomonidan yashirib qo‘yilgan ulkan boylikning qariyb uchdan bir qismini topib olganmish. Shundan so‘ng orollar majmuiga turli mamlakatlardan nafaqat oddiy «geologlar», balki nufuzli kompaniyalarning moliyaviy jihatdan ta'minlagan ekspeditsiyalari ham oqib kela boshladi. Filippin hukumatining esa bunga ruxsat berishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Axir xazina topilsa, katta ulushi mamlakatga topshirilardi-da!

Xazina qidiruvchilar birvarakayiga mamlakatning juda ko‘p joylarida qazuv ishlarini boshlab yubordilar. Ayniqsa, urush yillarida yapon armiyasining maxfiy xizmat bo‘linmalari joylashgan eski qasr xarobalari juda sinchiklab, qarichma-qarich qazildi.

Muxtasar qilib aytganda ko‘mib tashlangan ulkan boyliklar baribir topilmayapti. Xazina izlovchilar esa hali-hanuz ularni topishdan umidlarini uzgan yo‘q. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Nurbek G‘afforov tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech