27 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,4 °C

Bo‘sh vaqtda
23 Fevral  2019 1985

Mafkurachi qovun tushirdi

Dam olish kunlari turli axborot va xabarlardan chekinib, o‘zingizga dam berishni tavsiya etamiz va sizga xush kayfiyat ulashuvchi hikoya va hangomalarni taqdim etamiz.

Sumkamni qaytaring

Jonrid aka matbuot xodimlari bayrami kuni poytaxtdagi Ulug‘bek bog‘ida sayr qilib yurganida bir qizaloqning yum-yum yig‘lab turganini ko‘rib qoladi. Rahmi kelib, sekin yoniga boradi.

- Xo‘sh, nega yig‘layapsan, qizim? Nima bo‘ldi?

- Sumkamni o‘g‘irlab ketishdi.

- E, attang. Ichida nima bor edi?

- Pulim... xiqq...

- Puling ko‘pmidi?

- O‘n yetti so‘m...

- E-e, shunga shunchami? - deydi yozuvchi qizaloqni yupatib. - Mana senga yigirma so‘m, (o‘sha yillardagi pul) faqat endi yig‘lama, xo‘pmi?

- Xo‘p, hiqq... Amaki, endi sumkamni qachon qaytarasiz?

 

 

Shamsiyaning jinsi

Juda  ko‘p olimlar, ijodkorlarga ustozlik qilgan taniqli alloma G‘aybulla as-Salom (Olloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) kamtar-kamsuqum, sodda odam bo‘lgan. Kunlardan bir kun yomg‘ir ezib yog‘ib turganda domla boshlariga shamsiyani tutib, dorilfununga ma’ruza o‘qish uchun jo‘naydilar. Bekatlarda, yo‘laklarda odamlarning o‘ziga andak ajabsinib qarashayotganini ko‘rib, domla hayron bo‘ladi. Kiyim-boshlarini bir karra ko‘zdan kechiradi, nazarida hammasi joyida. Xo‘sh, unda nima gap o‘zi?

Sir uyga kelganda ma’lum bo‘ladi. Domlani ostonada ko‘rgandayoq xotini kulib yuboradi.

- Voy, nega ayollarning shamsiyasini tutib oldingiz, domla?

- Ie, shamsiyaning ham erkak-urg‘ochisi bo‘ladimi?

 

 

Kuchli tanqidchi

Kitobxonlar bilan bo‘lgan bir uchrashuvda  bolalar  shoiri Tursunboy Adashboev yonidagi hamrohlarini birma-bir ta’riflab, tanishtiradi:

- Mana bu yigit - Zuhriddin Isomiddinov, tarjimashunos olim, zo‘r jurnalist. Uning yonidagi - Qozoqboy Yo‘ldoshev, juda kuchli tanqidchi!

Maroqli uchrashuv nihoyasida ijodkorlar bir piyola choyga taklif etiladi. Stolga oq, qizil ichimliklardan ham qo‘yiladi. Vinoning po‘kagini davradagilardan hech kim ocholmaydi. Shunda Qozoqboy Yo‘ldoshev «Qani menga bering-chi!» deya bir siltov bilan shishani ochvoradi.

- E, qoyil, Qozoqboy!  O‘zingiz zo‘r ekansiz!

- Tursunboy aka meni kuchli tanqidchi dedi-ku?! Shuni bir isbotlab qo‘ydim-da! - deydi tanqidchi kamtarlik bilan.­

 

 

O‘zbekcha ashula

Usmon Yusupov bir o‘ris o‘rtog‘i bilan ot minib, dalalarni aylanib yurishgan ekan. Nogoh o‘rtog‘i undan so‘rab qoladi:

- Usmon, mana, sening bahonangda o‘zbeklarning urf-odatlarini o‘rganib, to‘y-hashamlariga aralashib yuribman. Iltimos, endi menga bitta o‘zbekcha ashula aytishni ham o‘rgatib qo‘ysang.

- O‘zbeklarning ashulasi og‘ir, o‘rganishing qiyin bo‘lar-ov, - deydi Usmon ota.

- O‘rgataver-chi, bir gap bo‘lar.

- Xo‘p, bo‘lmasa eshit:

              Bog‘aro qo‘ysam qadam gul g‘uncha bo‘lmay xandadur...

O‘zbekchaga ancha tili kelishib qolgan o‘ris andak chuchukroq lahjada ashulaning so‘zlarini takrorlaydi:

            Bog‘aro qo‘ysam qadam gul g‘uncha bo‘lmay xandadurr...

«Durr» degan ovozni eshitgan ot asta yurishdan to‘xtab qoladi. Bu hol yana bir necha bor takrorlanavergach, hayron qolgan o‘ris Usmon otaga o‘girilib, shunday dermish:

- Usmon, o‘zbekcha ashula haqiqatan ham og‘ir bo‘lar ekan, buni qara, hatto ot ham ko‘tarolmay to‘xtab qolyapti    

 

Havaskorning ishtahasi

Jurnalist Jabbor Razzoqov yoshlar gazetasida bosh muharrir bo‘lgan kezlar viloyatdan bir keksa havaskor xom-xatala she’rlarini yuboraverib, tahririyat xodimlarini bezor qiladi. Asari chiqavermagach, yuqoriga shikoyat ham yozadi. Bosh muharrir axiyri adabiyot bo‘limi mudirini huzuriga chorlaydi:

- Yaxshilab tahrir qilib, iloji bo‘lsa qayta yozib, bitta she’rini chiqarmasak qutilmaymiz, shekilli.

Xullas, havaskorning kichkina she’ri obdon silliqlangach, gazetada bir amallab chop etiladi. Oradan hafta o‘tar-o‘tmas, havaskordan kattagina xatjild keladi. Unda shunday so‘zlar bitilgandi: «She’r uchun katta rahmat. E’tiboringizdan ilhomlanib, sizlarga yangi dostonimni yuboryapman. Qolgan asarlarimni dostonim e’lon qilingandan keyin jo‘nataman. Salom bilan...»

 

Mafkurachi qovun tushirdi

Sobiq sho‘ro zamonida jumhuriyat mafkurasiga rahbarlik qilgan «mashhur opalar»dan biri xizmat vazifasiga ko‘ra qatag‘on yillari qurboni, buyuk shoir Usmon Nosirning yetmish yilligiga bag‘ishlangan anjumanda qatnashadi. Muxlislaru mehmonlar joylarini egallagach, opa yonidagi mahalliy rahbarlardan biriga yuzlanib, so‘raydi:

- Yubilyarning o‘zi qaerda?

Rahbar kutilmagan savoldan talmovsirab qoladi. Opani hazillashayotgandir deb o‘ylaydi. Botinib-botinmay yuziga razm soladi. Ammo opa  hazillashayotganga o‘xshamas, jiddiy alpozda  savoliga javob kutar edi.

- Biz katta idoradan qimmatli vaqtimizni sarflab kelsagu nega endi yubilyarning o‘zlari ko‘rinmaydi? Qani hurmat, qani izzat? Bu qanday mas’uliyatsizlik? Shoirlar mana shunaqa-da, qo‘yib bersang, o‘zlarini yubileyiga ham kelmaydi! - opa  tobora zug‘umni kuchaytiradi.

Jazava sababini eshitib o‘tirgan mehmonlardan biri opaning qulog‘iga engashib, nimalarnidir shivirlaydi. Shundagina qovun tushirgan mafkurachining ovozi o‘chadi.

 

Shodmon OTABEK

(«Do‘rmon hangomalari»ning oltinchi, to‘ldirilgan va qayta ishlangan nashridan)

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech