15 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Hukumat
10 Mart  2020 1674
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Loyihalarni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi

Bugun, 10-mart kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyotning muhim shartlaridan biri. Raqamli texnologiyalar davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada odamlarga katta qulayliklar yaratadi, mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi, korrupsiyaga chek qoʻyadi.

Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish eng ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi.

Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili uchun qabul qilingan Davlat dasturida joriy yilda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Jahondagi tendensiyalarga eʼtibor qaratsak, dunyo yalpi mahsulotining 15,5 foizgacha ulushini raqamli iqtisodiyot tashkil etmoqda. Soʻnggi 15 yil ichida raqamli iqtisodiyot global yalpi mahsulotga nisbatan 2,5 barobar tez oshgan.

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobarga oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda raqamli iqtisodiyot mexanizmlaridan keng foydalanish muhim oʻrin tutadi.

Keyingi yillarda dunyoda “raqamli shahar” konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, “raqamli Toshkent” tizimini joriy etish, uni ikki yil davomida sinovdan oʻtkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy taʼminotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bugungi taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

“Tibbiyot muassasalari pasporti”, “UzTrans”, turistlar hisobini yuritish boʻyicha “Е-Mehmon” va boshqa axborot tizimlari yurtimiz aholisi hamda mehmonlariga katta qulaylik yaratdi.

Prezidentimiz joriy yilda bolalar bogʻchasi, masofaviy taʼlim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy taʼminotlar ishlab chiqish va tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qogʻoz toʻldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun koʻproq imkoniyat boʻladi.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika “Yagona elektron tibbiy karta” va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi. Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.

Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda maʼlumot uzatish tarmogʻiga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Aholi, ayniqsa yoshlar orasida raqamli koʻnikmalarni takomillashtirish, “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 600 dan ortiq sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan. Ammo ushbu yoʻnalishda qilinayotgan ishlar hali ham yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi “raqamli shahar” konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy obyektni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahar hokimligi tarkibida taʼlim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda oʻsha sohaga mos dasturiy taʼminot yaratadi, ularni sinovdan oʻtkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bogʻliqligini taʼminlaydi.

“Raqamli Toshkent” loyihasini moliyalashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Bu jarayonda davlat-xususiy sheriklik asosida biznes doiralarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratish kerakligi taʼkidlandi.

“Elektron hukumat” tizimi orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni elektron shaklga oʻtkazish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy obyektlar qurilishiga doir taqdimotlar bilan ham tanishdi.

Prezidentimizning 2019-yil 20-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Milliy arxiv binosi qurilishi uchun ishlab chiqilgan yangi loyiha shulardan biri.

Milliy arxiv fondi oʻzining koʻlami, hajmi, noyobligi jihatidan mintaqamizda yetakchilardan. Hozir bu yerda 1 million 800 ming saqlov birligidan ortiq turli davrga oid hujjatlar saqlanadi.

Qurilishi koʻzda tutilgan yangi arxiv binosi zamonaviy arxitektura yechimlari va talablarni toʻliq oʻzida mujassam qiladi. Inshoot 1-toifadagi alohida muhim obyektlarning talab va mezonlari asosida barpo etiladi. Eng avvalo, arxiv saqlovxonalari sigʻimini 3 million hujjatga mos holda oshirish, repozitoriy uchun joy tashkil etish, oʻquv zalini kengaytirish, tadqiqotchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yuqori darajada taʼminlash uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga sharoitlar yaratiladi.

Qolaversa, ushbu loyihalarda turizmni rivojlantirish maqsadida xorijiy fuqarolarni jalb qilgan holda arxiv koʻrgazmalarini tashkil etish imkoniyatlari ham koʻzda tutilgan.

Taqdim etilgan loyihada ulkan oʻquv zali majmuasi, anjumanlar va koʻrgazmalar uchun zallar, ilmiy maʼlumotlar kutubxonasi hamda muzey, kinozal, bufet va muzokaralar uchun xonalar inobatga olingan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida bunyod etiladigan muhtasham kutubxona, eski shahar hududini tarixiy koʻrinishdagi turistik savdo zonasiga aytantirish loyihalari bilan ham tanishdi. Prezidentimiz mazkur loyihalarni yana-da takomillashtirish, aholimiz uchun keng qulayliklar yaratish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi komplekslarining namunaviy loyihalari taqdimot qilindi. Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2020-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida Mahalla markazi majmualarini qurish koʻrsatib oʻtilgan. Shundan kelib chiqib, loyihalarda innovatsion texnologiyalardan, arzon, energiya tejamkor materiallardan foydalanish nazarda tutilgan. Ularni davlat-xususiy sheriklikning shartlari asosida puxta, sifatli va namunaviy loyihalar asosida qurish belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarda barpo etiladigan ushbu komplekslarning namunaviy loyihalari bilan yaqindan tanishib oʻz koʻrsatmalarini berdi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining tashkiliy tizimini isloh qilishga, shu jumladan mamlakat miqyosida va tumanlar kesimida kuch va vositalarni boshqarishning yangi mexanizmlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

Ichki ishlar organlari boshqaruv tizimidagi qator rahbarlik lavozimlarini optimallashtirish boʻyicha takliflar bildirildi. Bu huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kundalik faoliyatni samarali tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Toshkent shahar ichki ishlar organlari ishining natijalari muhokama qilinib, joriy yilda poytaxtda jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yana-da oshirishning asosiy konseptual yoʻnalishlari toʻgʻrisida axborot berildi.

Ushbu yangi tartib ichki ishlar organlari xizmat va boʻlinmalarining oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish, mavjud byurokratiya holatlarini qisqartirish, joylarda shaxsiy tarkibni boshqarish boʻyicha sifat jihatidan yangi tizimni bosqichma-bosqich yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Loyihalarni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech