16 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Tashvishli xabar
3 Aprel  2019 1464

Adolat qaror topdi-yu, ammo...

Etiboringizga havola etmoqchi bo‘lgan hodisamiz boshqalariga o‘xshamaydi. Haqqoniy hayotiy hodisaga asoslanganiga qaramay, unda qandaydir yuzaga chiqmay qolgan gaplar borday. Xullas, hammasi bir boshidan...

 

Mazkur hodisa ancha ilgari, ya'ni o‘tgan yilning 28-dekabrida – qo‘riqlanadigan hudud Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida sodir bo‘lgan.

Soat ertalabki 9 dan keyin milliy bog‘ning Bo‘stonliq tumanidagi chegarasining Sargardon hududidan olti fuqaro chiqqan ikkita «Toyota» va «UAZ Patriot» yo‘ltanlamasi kesib o‘tdi. Bu paytda postda inspektor Azim Yo‘ldoshev navbatchilik qilayotgandi va u quyidagicha so‘zlaydi:

«Sargardon-Oqbuloqdagi o‘rmon xo‘jaligi Burchmulla qishlog‘idan uncha uzoq bo‘lmagan chegara nazorati hududiga kirgani bois chegarachilar bilan yonma-yon xizmat olib boramiz, ya’ni yo‘lning nariga tarafida ular, bu tomonda biz. O‘sha kuni birinchi postga olti-yetti kishi chiqqan ikkita avtomobil kelib to‘xtadi. Yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tish uchun tushishdi, men ularning yoniga borib, tabiatni muhofaza qilish punktda ham ro‘yxatdan o‘tishlarini so‘radim. Biroq ular gaplarimga e'tibor ham qaratmay, chegarachilar bilan gaplashib olgandan so‘ng avtomobillariga o‘tirib, milliy bog‘ ichkarisiga kirib ketishdi. Harbiylardan so‘raganimda ular qandaydir tabiatni muhofaza qilish muassasasidan ekanini, go‘yoki o‘rmon xo‘jaligi ishini tekshirgani kelishganini aytishdi, hatto, guvohnomalarini ham ko‘rsatishibdi. Avtomobil salonidagi ov miltig‘i esa rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan emish.

Bu haqda bog‘ direksiyasiga ma'lum qildim va avtomobillarni topish va yo‘lovchilar izidan borish borasidagi ko‘rsatmani oldim va birozdan so‘ng shu ishga kirishdim. Tez orada o‘sha ikki avtomobilga yetib oldim, bu paytda bog‘ inspektorlari tekshirish uchun ularni to‘xtatishgan ekan. «Toyota» yo‘ltanlamasi yukxonasida esa o‘ldirilgan Sibir tog‘ takasi yotardi, mashina salonida esa ov miltiqlari bor edi. Jonivorning ichki a’zolari olib tashlangan. Qoidabuzarlarning aytishicha, takaning o‘zi yo‘lga yugurib chiqib qolib, urib yuborishibdi. Hamamsi foto va videotasvirlarga muhrlandi, dalolatnoma tuzildi.

Hujjatlar rasmiylashtirilayotganda o‘zini qaysidir ekologik mahkamada ishlaydigan Aziz, deb tanishtirgan kimsa yonimga kelib, inspektorlar bilan «joyida» kelishib olishni xohlayotganini aytdi. Men rad etdim va hujjatlarni rasmiylashtirishda davom etdik. So‘ng hisobdan chiqarish uchun jonivorning tanasini musodara qildik».

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i – Toshkent viloyatida joylashgan g‘aroyib tabiiy durdonadir. U 1992-yilda G‘arbiy Tyan-Shanning Chotqol tizmalaridagi Ohangaron, Burchmulla va Chirchiq davlat o‘rmon xo‘jaliklari ham qo‘shilgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi bazasida barpo etilgan.

Sibir tog‘ takasini tabiiy holda uchratganlar uchun «qahramonlar»ning o‘zini oqlashi kulgili tuyulishi aniq. Negaki, chiroyli va hurkak jonivor hyech qachon inson yoki avtomobilni o‘ziga yaqinlashtirmaydi. U xavfdan salkam devorday tik qoyalar orqali qochib keta oladi, qalin qordan qo‘rqmaydi va odamlar yashaydigan joydan juda olisda ham o‘ziga yetmish topa oladi.

«Uni urib ketish uchun haydovchi kamida «Betmobil»ni boshqarishi kerak, - kuladi inspektor A.Yo‘ldoshev. – Mayli, nima ham derdik, urib ketishibdi, buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz yo‘q. To‘g‘ri, Sibir tog‘ takasi juda ko‘p tarqalgan jonivor, ammo bu uni tabiatni muhofaza qilish hududida o‘ldirishga sabab bo‘lolmaydi».

Inspektorlar hujjatlarni rasmiylashtirishdi va bu «yo‘l hodisasi»dagi aybni «Toyota» haydovchisi Ruslan B. o‘z zimmasiga oldi.

2018-yilda davlat milliy tabiat bog‘ida 734 ta rejim buzilishi sodir etilgan. Bunda 38 ta holat ovchi-brakonerlar, 10 tasi baliqchi-brakonerlar, 412 tasi o‘simliklar olamiga ziyon keltiruvchi giyoh teruvchilar bilan bog‘liq bo‘lsa, 236 ta holatda odamlar ruxsat etilmagan joyda gulxan yoqishgan, maishiy chiqindilarni tashlab ketishgan va shuningdek, boshqa holatlar qayd etilgan. Barcha dalillar dalolatnomalarda qayd etilgan va sudlarga yuborilgan.

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i direksiyasida ular o‘rnatilgan tartib asosida rasmiylashtirilgan va yuqorida keltirilgan shaxslardan olti million so‘m jarima undirilishini so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga taqdim etilgan. 18 martda shu ish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Davlat milliy tabiat bog‘iga sud qarori hali yetib kelmagani bois uning natijasidan hozircha bexabarmiz, ammo bu javobgarlarning foydasiga bo‘lmasligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Hozircha birmuncha tushunarsiz manzarani to‘la tiklash uchun bir nechta savollarga javob topish lozim. Birinchisi, bir to‘da kishilar nima uchun ikkita yo‘ltanlamasda ov miltig‘i bilan qo‘riqlanadigan bog‘ hududlariga kirishgan? Ikkinchisi, tabiatni muhofaza qilish muassasasidanman, degan Aziz kim edi? U qaytarma yoqasini boshiga kiyib imkoni boricha inspektorlarning fotoapparatlaridan yuzini yashirishga harakat qildi, biroq baribir, uning yuzi suratga olindi.

Darvoqye, savollar ritorik, javoblar esa yuzada yotibdi. Aytgancha, bog‘ xodimlaridan biri Azizni tanidi, Davlat bionazoratining sobiq xodimi ekanini aytdi. Ammo uning qo‘li ancha joyga yetishini bizga shipshigancha, u haqda so‘zlab berishni istamadi. Bu ishga oid yana bir dalil, ular ikkita yo‘ltanlamasda bog‘ hudidiga dam olgani kelishmagan: ov miltig‘ini tutgancha, go‘yoki «yo‘l hodisasi»ga o‘zi sabab bo‘lib, nobud bo‘lgan jonivor yonida suratga tushgan kishining ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan rasmi tez orada olib ham tashlandi. Nimayam derdik, haqiqiy erkak, «omadli» tarzda urib yuborgan o‘ljasi bilan maqtangisi kelgan-da!..

Bunday olib qaralsa, hammasi joyida: «ehtiyotsiz» haydovchi jazolandi yoki ma'lum summadagi jarima bilan jazolanadi. Adolat qaror topdi. Ammo qoidabuzarlar bundan xulosa chiqararmikan? Bu hodisaning boshqa ishtirokchilari-chi? Xullas, omon bo‘lsak – ko‘ramiz.

Aleksandr Zotov.

«Pravda Vostoka» muxbiri.

Suratlar Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i inspektorlari tomonidan taqdim etilgan.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech