05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,1 °C

Mamlakatimizda
19 May  2020 415

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi izohi

Mamlakatimiz hududida yashovchi barcha millat va elatlar tiliga hurmat bilan munosabatda boʻlish respublika qonunchiligida oʻz ifodasini topgan.

Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlar baʼzi rasmiy shaxslarining mamlakatimizda qonunchilik talablariga muvofiq, jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan davlat tili masalasi boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjat yuzasidan bildirgan fikrlari munosabati bilan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi quyidagilarni qayd etadi.

Davlat tilini tartibga soluvchi sohaga bogʻliq masalalar davlatning mutlaq ichki siyosatiga daxldor boʻlib, har qanday aralashuv aslo maqbul emas.

Mamlakatimiz hududida yashovchi barcha millat va elatlar tiliga hurmat bilan munosabatda boʻlish respublika qonunchiligida oʻz ifodasini topgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Bundan tashqari, 1995-yilda qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga binoan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi.

Shuningdek, qonun oʻz ona tilini oʻrganish va undan foydalanish, xususan taʼlim olish, davlat tashkilotlariga murojaat qilish, huquqiy va boshqa maʼlumotlardan foydalanish hamda ishbilarmonlik muomalasida hech qanday toʻsiqlarsiz qoʻllash imkoniyatini kafolatlaydi.

Koʻplab maktab va oliy taʼlim muassasalari, jumladan xorijiy universitetlar filiallari, madaniyat markazlarida oʻqitish, davriy nashrlarni chop etish, tele- va radiodasturlar turli tillarda olib borilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa millatlar holati toʻgʻrisida tashvishlarga hech qanday asos yoʻq. Gap yuqorida zikr qilingan 1995-yilda qabul qilingan qonun ijrosi haqida ketmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimizda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish jarayonida xolis boʻlishga, oldindan asossiz xulosa chiqarmaslikka va hurmat saqlanishiga umid qiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech