07 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,5 °C

Madaniyat
14 Yanvar  2019 1910

Kinoga tushdim, ammo kino ko‘rmadim

Sarlavhani o‘qib ajablanmang. So‘ngi vaqtlarda kinoga tushasiz-u, ammo tomoshabin sifatida kirganlarning suhbatini eshitib, “kino” ko‘rib chiqasiz. Madaniyat maskanida madaniyatsizlik qiladigan odamlar o‘zini juda madaniyatli deb o‘ylashadi.

Aslida-chi?

Andisha qilsangiz qo‘rqoq deb hisoblashadi. Uyalsangiz ayb qilibdi deb bilishadi. Madaniyatli bo‘lsangiz, “o‘zini buncha olmasa”, deydilar.

Qarang-a. Qarashlar shuncha o‘zgarib ketdimi? Dunyoqarashimiz oqsoqlanayotganining sababi nimada?

Kinosaroylar, konsert zallari, san’at saroylari bugun juda gavjum. Kinolar ham musiqiy dasturlar ham talaygina. Ammo... Madaniyat maskanlari qanchalik ko‘payayotgani, dasturlar xilma-xilligining ahamiyati bo‘lmay qoldi. O‘sha madaniyat maskanlaridagi madaniyatsiz xatti-harakatlar odatiy holga aylanib, hatto “zamonaviylik” sifatida talqin etilmoqda.

Bu oddiy holdek qabul qilinayotgani esa ajablanarli. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, mutaxassislar tomonidan ko‘p gapirilgan, turli kamchilik va yutuqlari qayd etilgan filmni ko‘rish, o‘z fikrim va so‘zimga ega bo‘lish maqsadida kino saroyiga tushdim. Kino boshlandi. Diqqatimni qancha jamlashga harakat qilmay, 15 daqiqa davomida buning uddasidan chiqa olmadim. Chunki kechikib keluvchilar bunga imkon bermadi. Kech kelishgani yetmaganday, baland ovozda gaplashish, telefon suhbatlari, joy tanlash kabi harakatlari bilan xayolni chalg‘itaverdi.

Tomoshabin sifatida hammaning o‘z fikri, qarashlari bor. Ehtimol kechikkandir deysizmi? Aslida o‘zi istagan filmni ko‘rish uchun kech qolish uyat. Yoki adashib kirib qolganmikin kinosaroyga, degan fikr ham keladi. Kino tugagunicha, goh yonidagi sherigi bilan suhbatlashsa, goh telefon orqali nimalarnidir hal etishga urinadi.

Boshqa tomoshabinlarning fikrini chalg‘itib, kino ko‘rganday qilmaydi. Ammo o‘zi-chi? O‘zi nimadir tushundimi? Kinodagi qaysidir holat esida qoldimi? Bu izoh aynan bir kishi uchun emas. Bunday holatlarni kuzatganmiz, ko‘rganmiz, uchratganmiz.

Aslida filmdagi holatlarni o‘rganish, tahlil etish uchun kirgandim. Lekin madaniyat maskanidagi “zamonaviylik” sabab niyatimga yetolmadim. Ammo shu haqda yozish fikri tug‘ildi.

Kechikib kelgan talabgor tomoshabinga boshlanib bo‘lgan kino uchun chipta sotish kerak emasdir, ehtimol. Ha-ya, bu iqtisod bilan bog‘liq deysizmi? Iqtisodimizni o‘ylab madaniyatsizligimizni ham yuqori pog‘onaga chiqarib qo‘ymayapmizmi? Bugun o‘zimiz imkoniyat yaratib, ko‘ngliga kelgan ishni qilishga ruxsat berayotgan tomoshabin ertaga kinozalda o‘zi “kino” qo‘yib bermasligiga kim kafolat beradi?

Agar unga chipta sotilmasa, keyingi safar o‘ylab ish qiladi. Kerak bo‘lsa, keyingi namoysh vaqtini kutishga majbur bo‘ladi. Buning nimasi yomon. Mas’uliyatni o‘rganadi-ku.

Xo‘sh, siz nima deysiz?

Asilabonu Hamzaeva

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech