24 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,5 °C

Harbiy
26 Oktyabr  2018 1511

Razvedkachilarimiz g‘olib bo‘ldi

Har yili Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida bo‘lib o‘tadigan razvedka bo‘linmalarining xalqaro «Kembriya patruli» musobaqasida Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy xizmatchilari ham ishtirok etdi. Bellashuvlarda armiyachilarimiz bilan bir qatorda dunyoning 34 davlatidan tashrif buyurgan 123 jamoa ham qatnashdi. Uni maxsus bo‘linmaga tanlab olishga ham qiyoslash mumkin: jismoniy va ruhiy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratiladi.

Ishtirokchilar Kembriya tog‘larida to‘liq jangovar qurollangan holda hech qanday navigatsiya vositalarisiz kamida 25 kilogramm yuk bilan 70 kilometr masofani bosib o‘tishi, 1500 metr balandlikka ko‘tarilib, 1000 metr tik nishablikni 48 soat ichida bosib o‘tishlari lozim.

O‘zbekiston vakillari mazkur musobaqada 2017-yilda ilk marta ishtirok etib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgandi. Oradan bir yil vaqt o‘tib mamlakatimiz qo‘shin razvedkachilari eng yaxshi natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni zabt etdi. Ikkinchi o‘rin Buyuk Britaniya, Hindiston va Fransiya jamoalariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Buyuk Britaniya va Qozog‘istondan kelgan jamoalar egalladi.

G‘oliblar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida armiyachilarimiz sharafiga tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Pavel Ergashev, respublikamizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchixonalarining harbiy attashelari va boshqalar ishtirok etishdi.

Mudofaa vazirligida esa «Kembriya patruli» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov armiyachilarni g‘alaba bilan qutlab, so‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlikning miqdoriy va sifatiy ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sganini, bu xalqaro arenalarda yuqori natijalarga erishishni ta’minlayotganini ta’kidladi. Musobaqa g‘oliblari, ya’ni to‘qqiz nafar harbiy xizmatchi «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligining qo‘shinlar razvedkachilari ilgari ham xalqaro musobaqalarda o‘z mahoratini namoyish etgan. Jumladan, 2017 va 2018-yillarda III hamda IV Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida bo‘lib o‘tgan «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» tanlovida harbiylarimiz ketma-ket ikki yil uchinchi o‘rinni egallagan.

Evelina Sinotova.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
Matbuot xizmati hamkorligida.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech