10 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,7 °C

Xalqaro hamkorlik
29 May  2020 806

Oʻzbekiston va Kanada pandemiyaga qarshi qanday kurashyapti?

COVID-19 ga qarshi kurash jarayonida ishlab chiqilgan strategiya favqulodda holatlarda shifokorlarning yangi yondashuvlari uchun jiddiy asos boʻlishi mumkin. Bu haqda 2020-yil 28-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi va uning kanadalik hamkorlari bilan birgalikda tashkil etilgan onlayn-konferensiya chogʻida aytildi.

Bu Kanada shifokorlar va jarrohlari Qirollik kolleji (Royal College of Physicians and Surgeons of Canada) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ikkinchi vebinar. Bu gal Kanada tomonidan asosiy maʼruzachi sifatida Ottava kasalxonasi favqulodda vaziyatlarni boshqarish boʻlimi boshligʻi, bosh shifokor Endryu Uilmor ishtirok etdi.

Onlayn uchrashuvda bevosita ishtirok etish uchun Milliy Palata markaziy idorasiga mamlakat Mudofaa vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tibbiy xizmat vakillari taklif etildilar.

Endryu Uilmorning taʼkidlashicha, birinchi navbatda “COVID-19ga qarshi kurashish tajribasi asosida yaratilgan strategiyadan favqulodda vaziyatlar uchun saboq olish kerak”.

Pandemiya davrida Kanada qanday yangi strategiyaga ega boʻldi? Maʼruzachining soʻzlariga koʻra, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tuzilmasi oʻzgartirildi, koronavirus infeksiyasining tarqalishi kabi favqulodda vaziyatlarni modellashtirish va boshqarish boʻyicha ishchi guruhi tuzildi. Shunday qilib, Ottava viloyatida bunday guruhga barcha mavjud kasalxonalar mutaxassislari, shuningdek reabilitatsiya markazlari, uyda parvarishlash markazlari va uzoq muddatli parvarish markazlari (qariyalar uylari) kabi tashkilotlar ekspertlari kiritilgan. Guruh faoliyati Kanada Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashda ushbu yagona yondashuvning asosiy natijalaridan biri tez tibbiy yordam tizimiga koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarning oqimi 50% ga kamayishi boʻldi. Bunga shifokorga COVID-19 belgilari bilan kelgan har qanday bemor alohida yaratilgan Test markaziga yoʻnaltirilishi bilan erishildi. Xususan, buning uchun Ottavada katta tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan alohida yirik bino ajratildi. Bundan tashqari, baʼzi parvarish klinikalari ham test oʻtkazish bilan shugʻullanadi, ular test oʻtkazish imkoniyati va qoʻshimcha diagnostika uskunalari, shu jumladan MRT asboblari bilan jihozlangan.

Bunday choralar tez tibbiy yordam tizimini ham, birlamchi tibbiy-sanitariya punktlari (uchastka shifokorlari analogi) yukini yengillatishga imkon berdi. “Bu umuman sogʻliqni saqlash tizimining imkoniyatlarini oshirdi”, — dedi maʼruzachi.

Ottavada ushbu tizim samarali ishladi. 1 million 200 ming viloyat ahlining bir millioni shaharning oʻzida yashaydi. 17 ga yaqin shifoxona ularga xizmat koʻrsatmoqda. “Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining yaratilgan tuzilmasi infeksiya yuqtirgan odamlarning “katta toʻlqini” muammosini hal qilishga yordam berdi”, - dedi Endryu Uilmor.

Ishchi guruh aholining ayniqsa zaif qatlamlarini, jumladan qariyalar, aborigenlar, shuningdek, xavf guruhlariga kiruvchilar: giyohvandlar, doimiy yashash joyi boʻlmagan odamlarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratdi. Boshpanasiz insonlar uchun oʻzini oʻzi izolyatsiya qilishning imkoni yoʻqligi tushunildi, yaʼni bu borada choralar koʻrish kerak. Qariyalar yashaydigan uzoq muddatli parvarish markazlariga shifokorlar tashriflari tashkil etildi. Bularning barchasi koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda ajralmas qismi boʻldi.

Yaʼni, COVID-19 tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sogʻliqni saqlashni tashkil etish uslubini sezilarli darajada oʻzgartirdi va bunday sharoitda ularning samaradorligini oshirish uchun tuzatishlar kiritdi.

“Vaziyatga bogʻliq boʻlgan ushbu yondashuvlarni nafaqat qoʻllash, balki ularni oʻz vaqtida tahlil qilish va favqulodda vaziyatlarda sogʻliqni saqlash tuzilmasini tashkil etish tizimiga aylantirish ham juda muhimdir. Biz bunday vaziyatlarda qiyinchiliklarni tahlil qiladigan va oldini oladigan tizim kerak, degan xulosaga keldik. Biz favqulodda vaziyat uchun javobgar boʻlgan alohida tashkilotlar emas, balki butun boshli tizim javobgar ekanligini angladik”, — deya taʼkidladi Endryu Uilmor. Xususan, mintaqada faoliyat koʻrsatayotgan barcha klinikalar oʻrtasida aniq munosabatlar zarurligi muhim xulosa hisoblanadi. Bundan tashqari, kelgusidagi shu kabi vaziyatlarni oldindan rejalashtirish muhimdir. Masalan, Kanada uchun 30 million aholiga ega mamlakat katta hududga ega, hududlar bir-biridan juda uzoq joylashgan. Shu bilan birga, butun mamlakat uchun yagona boʻlgan yondoshuvlar tizimi ishlab chiqilmoqda va bunda davlat sektori sogʻliqni saqlash sohasining katta qismini egallashi yordam bermoqda.

Videokonferensiya davomida oʻzbekistonlik tibbiyot mutaxassislari mamlakatimiz tajribasini taqdim etdilar. Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik kasalxonasining anesteziologiya va reanimatsiya boʻlimi boshligʻi Bahrom Baratovning taʼkidlashicha, respublikada COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun chegaralarda tranzit tashish haydovchilarini majburiy sinovdan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu ushbu toifada sinovdan oʻtganlarning umumiy sonidan infeksiya yuqtirgan odamlarning 10 foizini aniqlashga imkon berdi. Kanadada shunga oʻxshash vaziyatda, maʼruzachining soʻzlariga koʻra, faqat kasallik alomatlari boʻlgan haydovchilar sinovdan oʻtgan.

Shuningdek, mamlakatimizning rekord muddatda yangi texnologiyalar uchun qoʻshimcha kasalxona muassasalarini qurish tajribasi taqdim etildi. Bu har qanday epidemik ssenariyni ishlab chiqishga tayyor boʻlish imkoniyatini beradi. Endryu Uilmor taʼkidlaganidek, Kanada ushbu yoʻnalishda endigina ishlamoqda va reabilitatsiya zonalaridan foydalanish tajribasini oʻrganmoqda. Oʻzbekiston bu maqsadda dam olish maskanlaridan muvaffaqiyatli foydalanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy-klinik kasalxonasi rahbari oʻrinbosari Bahodir Abdulaxatov Kanadaning COVID-19 infeksiyasini davolash usullari boʻyicha tajribasi bilan qiziqdi. Javobda Kanadada koronavirus infeksiyasi uchun maxsus davolash usuli yoʻqligi, faqat simptomatik davo usuli qoʻllanilishi aytildi. Bundan tashqari, kasallikning yengil kechish davrida bemorga dori-darmonlar qoʻllanilmaydi, u uy sharoitida oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish uchun yuboriladi. Ushbu qoidalarga rioya qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan jinoiy javobgarlikkacha choralar qoʻllaniladi.

Endryu Uilmor shuningdek, aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari oʻtkazishning katta ahamiyati, jumladan sanitariya meʼyorlariga rioya qilmaslik oqibatlari, koronavirus infeksiyasini yuqtirish usullari haqida gapirdi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech