18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,7 °C

Hukumat
31 Yanvar  2019 2357

Jizzax viloyati tumanlariga Zarafshon daryosidan suv olib kelinadi

Jizzax shahrida viloyat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inson manfaatlari hamma narsadan ustun degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarni obod qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etdi. 

Xususan, o‘tgan yili mart oyidagi tashrif doirasida ishlab chiqilgan dasturga asosan, Jizzax viloyatida 107 ta yirik va o‘rta investitsiya loyihalari bo‘yicha yangi ob’ektlar ishga tushirilgan.

- Bugungi kundagi eng muhim vazifa investitsiya va texnologiyalar olib kelib, yangi korxonalar tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash, turmush sharoitlarini yaxshilash, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2019-2020-yillarda viloyatda umumiy qiymati 21 trillion 956 milliard so‘m bo‘lgan 586 investitsiya loyihalari dasturi ishlab chiqilgani, bularning natijasida 22 ming 300 dan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Forish tumanida bazalt tolasi va shamol energiyasi qurilmalari, Do‘stlik tumanida quyosh panellari, Zomin tumanida dori vositalari, Jizzax shahrida bezakli va yupqa oyna ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, pillachilik tarmoqlariga mos mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholining maishiy sharoitlarini, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 

- Mirzacho‘lda qilingan ishlar yaxshi tajriba, namuna bo‘ldi. Endi Jizzax viloyatining har bir tumani markazini shu tarzda obod qilish, zarur qurilish-ta’mirlash ishlarini shu yilning o‘zida yakunlash kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, joriy yilda Jizzax shahrida 15 ta ko‘p qavatli arzon uy, tumanlarda 932 ta turar joy qurish vazifasi qo‘yildi. Zarafshon daryosidan suv olib kelish uchun magistral quvur va nasos stansiyasi qurishni davom ettirish, 264 kilometr suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bu ishlar natijasida Zarbdor, Baxmal, Paxtakor, Mirzacho‘l, Do‘stlik, G‘allaorol, Sharof Rashidov tumanlaridagi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, ularning turmush tarzi, salomatligi yaxshilanishi ta’kidlandi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech