07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20 °C

Kеyingi avlod
12 Mart  2020 488

Yangi o‘quv yilidagi muhim yangiliklar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur vazifalarni samarali bajarish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlandi. Xo‘sh, undan qanday o‘zgarishlar joy oldi?

Umumta’lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada 1-4-sinflarning jami haftalik o‘quv soati 98,5 soatdan 87 soatga tushirilib, sanitariya qoidalari va normalariga muvofiqlashtirildi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi o‘quv jarayonini metodik ta’minlashni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Ermatov. — Shuningdek, STEAM fanlarining haftalik o‘quv soatlariga jami 6 soat qo‘shib berildi. O‘quvchilarning haftalik o‘quv yuklamasi jami 327 soatdan 314 soatga (-13 soat, 4%) kamaytirildi. 2019-2020 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada umumta’lim fanlari soni 22 ta edi. Bu yilgisida bu ko‘rsatkich 17 tani tashkil etdi.

To‘rtta fan birlashtirildi

Keraksiz bo‘lsa-da, o‘tilayotgan fanlar, zamon talablariga javob bermaydigan o‘quv dasturlari, savodtalab darsliklar... Bularning bari devorga nasihat qilish yoki mablag‘ni suvga oqizish kabi natijasizdir. Shularni hisobga olib, Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 23 avgust kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda aytilganidek, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlari birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, bola maktabga qadam qo‘yganidan to qo‘liga attestatni olgunigacha “Tarbiya” fanini o‘qiydi.

Bir fandan 47 ta mavzu chiqarib tashlandi

Prezidentining 2018 yilning 14 avgustda qabul qilingan “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida umumiy o‘rta ta’limning amaldagi tayanch o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan edi.

Ona tili va adabiyoti fani darsliklarini chuqur tahlil qilish

natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid ayrim mavzular qisqartirildi, — dedi D.Ermatov. — Xususan, 5-sinf ona tili va adabiyoti darsligidan 30 ta, 6-sinfdan 17 ta, jami 47 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta va 6-sinfdagi 23 ta mavzu yuqori sinflarga o‘tkazildi. Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ona tili va adabiyoti fanining haftalik o‘quv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlyandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belorussiyada 42 soat, Qozog‘istonda 58 soatni tashkil etar ekan. Tayanch o‘quv rejaga ko‘ra, mamlakatimizda ushbu fan haftada 57 soat o‘qitilishi belgilandi. Ona tili va adabiyot fanining o‘quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o‘quvchilarda tinglab tushinish, o‘qib tushinish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirildi.

Aniq va tabiiy fanlar taqdiri

Xabaringiz bor, joriy yilgi OTMga kirish imtihonlariga matematika fani majburiy fan sifatida kiritildi. Tayanch o‘quv rejani tayyorlashda bu masala ham e’tiborga olingan. Xususan, o‘quvchilarga matematika fanini chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qo‘shib berildi va ushbu fanning haftalik o‘quv soati miqdori 3 soatga keltirildi.

Kimyo va biologiya fanlari o‘quvchilar uchun juda qiziqarli fanlar sirasiga kiradi. Aksariyat shifokoru farmasevtlarning qiziqishi aynan maktabda tug‘iladi. Ularning tabiiy fanlarga qiziqishini ilg‘ab olib, to‘g‘ri yo‘naltirish uchun pedagogdan katta mahorat talab etiladi. Ba’zida o‘qituvchi mavzularni to‘liq qamrab olishiga dars soatlari kamlik qilishi, tabiiy. Ayniqsa, laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlarni tashkil uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Shu sababli, o‘quvchilarga STEAM ta’limi yo‘nalishidagi fanlarni chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10-11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.

“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlangan joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish, bu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan. Shulardan kelib chiqib, 5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi.

“Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “Bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lmagan fanlar asosida tuzilgan o‘quv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va o‘quv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan edi.

Shu paytgacha “Geografiya”dan ta’lim bergan ustoz “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlaridan dars beraverar edi. Yangi tayanch o‘quv rejada bu fanlar optimallashtirilib, “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bir nechta fanlar qisqarishi, mavzular optimallashtirilishi ayrim o‘qituvchilarning shtati qisqarishiga olib kelmaydimi? Yo‘q, fanlar integratsiyasi va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar pedagog ish soatiga ta’sir qilmaydi. Aksincha, ulardan islohotlar mohiyatini chuqur anglash, zamon talablariga moslashgan holda har bir o‘quvchiga sidqidildan ta’lim va tarbiya berish talab etiladi, xolos.

Sohiba MULLAEVA.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech